Линклар

logo-print
Shveysariya nashrlaridan biri savollariga yozma javob qaytargan Berlindagi O‘zbekiston elchixonasi¸ shveytsar prokurorlari o‘rganayotgan pul yuvish operatsiyalari uchun javobgarlikni MTS-O‘zbekiston sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga yukladi.

Shveysariyada O‘zbekiston fuqarolari ustidan ochilgan jinoiy ish yuzasidan hozirga qadar sukut saqlab kelgan Toshkent rasmiylari bu jimlikni nihoyat buzishdi.

O‘zbekistonning Germaniya poytaxtida joylashgan elchixonasi rasmiylari Shveysariyada chiqadigan "Le Temps" gazetasi yo‘llagan savollarning ayrimlariga yozma javob qaytardi.

30 iyul kuni O‘zbekiston fuqarolari Shohruh Sobirov va Alisher Ergashevning Jenevada hibsga olinishi ortidan Shveysariya prokuraturasi to‘rt O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan pul yuvish amaliyotlari bilan bog‘liq jinoiy ish qo‘zg‘adi.

MTS-O‘zbekiston sobiq bosh direktori va Gulnora Karimovaga qarashli Modalar uyi rahbari sanalmish Gayane Avakyanni ham o‘z ichiga olgan bu jinoiy ish davomida bu to‘rtala shaxs nomiga Shveysariya banklarida ochilgan hisob raqamlaridagi yuzlab million dollarlik pul muzlatib qo‘yildi.

Shveysariya matbuoti ta‘kidicha¸ bu to‘rtala shaxs ham O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan va taxminlarga ko‘ra¸ ular nomiga ochilgan turli offshor shirkatlari va bank hisoblari ortida Gulnora Karimova turgan.

Hozirga qadar na Gulnora Karimova va na O‘zbekiston huquq tizimlari Shveysariyada borayotgan jinoiy ishlari va qo‘yilayotgan ayblovlarga rasmiy munosabat bildirmadi.

11 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Berlindagi elchixonasi Shveysariyadagi "Le Temps" gazetasi yo‘llagan savollarga javob berish orqali bu jimlikni buzdi.

Berlin elchixonasi shveytsar gazetasiga yuborgan javoblarida pul yuvish va keng ko‘lamli moliyaviy firibgarlik uchun MTS-O‘zbekiston bosh direktori Behzod Ahmedovni aybladi va Rossiyaning MTS shirkatiga nisbatan Ahmedovni bekitayotganlik aybini ilgari surdi.

Behzod Ahmedov¸ ayni paytda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan MTS shirkatiga qarshi ilgari surilayotgan og‘ir iqtisodiy ayblovlar markazidagi shaxs hamdir.

Toshkent tomoni Ahmedovning bedarak yo‘qolganini iddao qilmoqda va u Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan.

Berlindagi o‘zbek elchixonasi Shveysariya gazetasiga bergan javobida O‘zbekiston Bosh prokuraturasining MTS-O‘zbekiston va Behzod Ahmedovga qo‘ygan rasmiy ayblovini qayta takrorlaydi va Ahmedovning qochish rejasiga oid ayrim tafsilotlarni ochiqlaydi.

“Ahmedov 6 iyunda Qozog‘istonga qochib o‘tdi. 9 iyun kuni bu yerdan Istanbulga uchdi. Istanbuldan esa¸ Parijga keldi va bu yerda xorij bank hisoblaridagi moliyaviy muammolarini hal qildi.

Parijdan Ahmedov Armaniston poytaxti Yerevanga keldi va 19 iyun kuni Yerevendan Moskvaga uchib keldi va hozir ham taxminlarga ko‘ra¸ shu yerda qolmoqda”¸ deyiladi O‘zbekiston elchixonasining "Le Temps" gazetasiga yuborgan yozma javobida.

Mazkur maktubga Behzod Ahmedovning safar marshrutini tasdiqlovchi reys nomerlari ham ilova qilingan va Ahmedovning MTS qudrati bilan bojxona va boshqa tekshiruvlarni chetlab uchqichga chiqishi uchun “yashil korridor”dan foydalangani iddao qilinadi.

“Tergov jarayonida MTSning haqiqatni oydinlashtirishda bizga yordam bermasligi va Behzod Ahmedovni bekitishda davom etajagi oydinlashdi”¸ deyiladi Berlindagi o‘zbek diplomatlari shveytsar nashriga bergan javobi.

O‘zbekiston elchixonasi ochiqlagan bu ayblovlarga munosabat bildirmasligini ma‘lum qilgan MTS rasmiylari¸ Behzod Ahmedovni shirkatning sobiq xodimi deya atadi va uning qayerda ekanidan shirkat rahbariyati mutlaq bexabarligini bildirdi.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston elchixonasi "Le Temps" nashrining Shveysariya banklaridagi Ahmedov hisob raqamlariga oid savollarini javobsiz qoldirgan.

Shveytsariya jurnalistlari o‘rgangan ma‘lumotga ko‘ra¸ hozirda “o‘zbeklar ishi” yuzasidan mamlakat turli banklarida muzlatilgan pul miqdori 640 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shveytsariya barobarida Shvetsiyada ham "o‘zbek ishi" deb atalgan tergov jarayoni davom etmoqda va bu yerda ham keng ko‘lamli korruptsiya va pul yuvish operatsiyalariga oid shved jurnalistlari o‘rtaga qo‘ygan ma‘lumot va ayblovlar o‘rganilmoqda.
XS
SM
MD
LG