Линклар

logo-print
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston nogironlar termasi jahon chempioni bo‘ldi! Bor ekanu, sheri mard, azamatlar! To‘rt muchasi soppa-sog‘ koptokteparlarning uhdasidan kelmayotgan ishni uddalashdi-ya. Yana, ketma-ketiga uchinchi marta!

“Ramaqijon, nimjongina yigitlar ekan. To‘p tepguncha, tinchgina umrguzaronlik qilishsa bo‘lmaydimi, nima zaril qiynalgan jonlarini yana qiynab?!” Bu o‘zini shoir deb hisoblaydigan, vatan mavzusidan gap ochilsa, ancha-munchani changida qoldiradigan (so‘zbozlikda albatta!) tanishimning luqmasi.

“Ramaqijon, nimjon”mish!.. Ko‘rinishidan shundaydir. Ammo shu ushoqqina ko‘ringan vujudlarda tog‘ni ursa talqon qiladigan polvonning kuchi bor ekan-ku, mana!

Nodon shoir bilmaydi-da, millionlab muxlislar yigirma yildan beri “Milliy termamiz jahon chempionatiga qachon chiqarkin” deb xunibiyron yurganini!

Bilmaydi-da, o‘zbekning so‘zamoli Hojiboy Tojiboyev “Futbolchilarimiz jahon chempionatiga borib, maro‘jniy yeb kelishsa ham mayliydi” deya ilhaq o‘tib ketganini!

Xullas, bu azamatlarning g‘alabasi shu kunlarda zarildan ham zaril edi!

Bu yog‘ini so‘rasangiz, bo‘z bolalar bobomeros ishni ham qilishdi...

Zamaxshariyni eshitgansiz, tafsir ilmida tengsiz zotning taqdiridan ham xabardor chiqarsiz. Alloma avji navqironlik payti oyog‘ini sovuqqa oldiradi. Bir oyog‘i kesib tashlanadi. Yarim jon holida ham ilm istab dunyo kezadi xorazmlik daho. Arabistonda arab tili grammatikasi qoidalarini ishlab beradi. Islom olamida ardoqli manba – “Kashshof” tafsirini yozadi. Haligacha bu zotni nomini eshitsa ancha-muncha ziyoli arab kalovlanib qoladi. Hurmatdan-da.

Amir Temurni eslang. G‘animlari qo‘rquv, g‘ayirlik va ehtirom bilan “Temurlang” deb atagan oqsoq sarkardani! “Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda” (Shavkat Rahmon so‘zlari) bo'sh qolmagan kezlari tarix sahnasiga chiqib, millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Minglab tani rasolarni o‘z yo‘rig‘iga soldi.

Kim nima desa desin, nogironlar termamiz ham o‘sha ulug‘ bobolaridan ulgi olib, kimligini esdan chiqarib, “kunim o‘tsa bo‘ldi”ga ko‘nikib qolgan futbolchilarimizni, futbolchilarimiz nima, jamiki yurtdoshlarimizni uyg‘otishga urinib ko‘rdi.

Tani sog‘lardan sado chiqavermagach, O‘zbekistonni dunyoga tanitib qo‘yish uchun bel bog‘lab chiqdi.

Shoyad, iroda, matonatning tirik timsoli bo‘lgan yigitlarning jasorati ibrat bo‘lsa! Shoyad...
XS
SM
MD
LG