Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:18

Xorijdan pul jo‘natmalari nazoratga olindi


Sentyabr oyidan boshlab xorijdagi qarindoshlaridan pul oluvchi o‘zbekistonliklar ustidan nazorat kuchaytirildi. Pul o‘tkazish shoxobchaga pul olgani kelganlardan kim, qayerdan, nima maqsadda pul jo‘natayotgani haqida ma‘lumot talab qilinmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Westren Union, Money Gram, Contact, Unistream, Migom singari tarmoqlarda joriy qilingan yangi tartibga ko‘ra, endilikda xorijdan pul oluvchi kishilar o‘z shaxsi va pul yuboruvchining ismi-sharifi, manzili haqidagi qo‘shimcha ma‘lumotlarni taqdim etishi talab qilinmoqda.

Toshkentdagi “Ipoteka banki”ning tuman bo‘limlaridan birining xodimi, Ozodlik bilan suhbatda, pul oluvchilardan pul yuborayotgan yaqinlari haqida ma‘lumot berishni talab etuvchi tartib joriy qilinganini tasdiqladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston Markaziy bankining ko‘rsatmasiga asosan sentyabr oyidan buyon bu tadbir amalga oshirilayapti.

- Bu nazorat uchun. Avval yo‘q edi. Hozir yangi tartib yo‘lga qo‘yildi. Bu sentyabr oyidan boshlandi. Siz pul oluvchi bo‘lsangiz, kim pul jo‘natganini ko‘rsatishingiz kerak. Kim, qayerdan, nima maqsadda jo‘natganini ko‘rsatishingiz kerak. Bizga shunday ko‘rsatma berildi. Biz buni amalga oshirayapmiz,- dedi “Ipoteka banki”ning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shu kunga qadar pul o‘tkazmalari orqali xorijdan pul mablag‘lari olib kelgan jismoniy shaxslar banklarda faqatgina o‘zining pasporti originalini ko‘rsatgach, undan nusxa qoldirib kelishgan. Ya‘ni, pul mablag‘i yuboruvchining shaxsiga oid ma‘lumotlarni taqdim etmagan.

Toshkent shahrida yashovchi Nigora Rossiyada ishlayotgan singlisidan pul olib turadi.

Nigoraning aytishicha, ikki kun avval shahardagi “Xalq banki” bo‘limlaridan biriga borib, singlisi Western Union orqali jo‘natgan pulni olmoqchi bo‘lgan.

Odatda faqat pasportini ko‘rsatib, singlisi jo‘natgan pullarni olib kelgan Nigoraga bu safar maxsus blanka berib, uni to‘ldirishni talab qilishgan.

- Singlim kuyovi bilan Rossiyada turadi. O‘sha yoqdan pul jo‘natib turadi. Oldinlari pasportimning kserokopiyasini olib, pulni berishar edi. Lekin bu safar blanka berishdi. shuni to‘ldirib berishim shart ekan. Blankaga pul yuborgan singlimning ism-familiyasi, adresini yozdim. O‘zimning telefon nomerlarimni, yashash joyim va boshqa ma‘lumotlarni yozdim,- deydi Nigora.

Ozodlik yangi tartibning nima maqsadda joriy qilingani tafsilotlariga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Markaziy bankiga murojaat qildi. Biroq Markaziy bank mulozimlari bu holatni inkor qilishdi.

“Aloqa bank”ning Toshkent viloyati filiallaridan birining g‘aznachisi Shahnozaning ta‘kidicha, mijoz tomonidan to‘ldirilgan ma‘lumotlar blanki xufya idoralarga yuboriladi va zahiraviy ma‘lumotlar ro‘yxatiga olinadi.

"Banklarning bunday xatti-harakatlari mamlakatning moliyaviy salohiyati va prognozlarini o‘rganish nuqtai nazaridan o‘zini oqlar, ammo mijozning shaxsiga oid ma‘lumotlarini huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa idoralarga taqdim etish qonunan mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri haqida”gi Qonuni hamda Konstitutsiyaga muvofiq, ayni paytda joriyga kiritilgan amaliyot qonunbuzarlikdan boshqa narsa emas",- dedi sobiq moliya xodimi Sapar Shabirov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, birgina Rossiya Federatsiyasidan jo‘natilgan pul mablag‘larining hajmi 2011 yilda 4,575 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Boshqa mamlakatlardan pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga kirayotgan mablag‘lar borasida ma‘lumotlar mavjud emas.
XS
SM
MD
LG