Линклар

Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan bosib olishga harakat qilganlikda ayblanib hibs qilingan uchta parlament deputatidan biri bo‘lgan Qamchibek Tashiyev qamoqxonada ochlik e‘lon qildi.

Qamchibek Tashiyevning advokati Ikramiddin Aytkuklovning aytishicha, hibs qilingan deputat suv ichishdan ham bosh tortgan. Advokatga ko‘ra, deputat Bishkek shahar sudi 17 oktyabrda Birinchi may tuman sudining Qamchibek Tashiyevni ikki oyga hibs qilish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilmagani munosabati bilan ochlik e‘lon qilgan.

- Tashiyev bugun boshlanib, ertaga to‘xtatiladigan ochlik e‘lon qilgani yo‘q. U oxirigacha turaman, o‘lsam ham ochlikni to‘xtatmayman, deb bayonot berdi, - dedi Ikramiddin Aytkulov.

17 oktyabr kuni Bishkek shahar sudi oldida Tashiyevni ozod qilish talabi bilan o‘tgan mitingda yuzga yaqin odam qatnashdi.

17 oktyabr kuni Bishkek shahar sudi oldida Tashiyevni ozod qilish talabi bilan o‘tgan mitingda yuzga yaqin odam qatnashdi.

Advokatning aytishicha, Qamchibek Tashiyev prezident nomiga ham maktub yo‘llagan va unda o‘zining aybsiz ekanini, noqonuniy hibs qilinganini bildirgan. Maktubda yozilishicha, Qamchibek Tashiyev Qumtor oltin koninini milliylashtirish masalasiga e‘tibor qaratish uchungina mana shunday ishni qilgan va u hukumatni zo‘ravonlik bilan bosib olish niyatida bo‘lgan emas.

Ammo Qirg‘iziston telekanallari bu iddaoning aksini isbotlovchi tasvirlarni va nutqlarni namoyish etgan. Ekspertlarning aytishicha, Qamchibek Tashiyev 3 oktyabrda Bishkek markaziy maydonida bo‘lgan namoyish chog‘ida qilgan chiqishida xalqni hokimiyatni bosib olishga undagan.

Qamchibek Tashiyev rahbarligidagi olamon parlament va prezident ma‘muriyati binosining panjara devoridan oshmoqda, 3 oktyabr, 2012 yil

Qamchibek Tashiyev rahbarligidagi olamon parlament va prezident ma‘muriyati binosining panjara devoridan oshmoqda, 3 oktyabr, 2012 yil

- Qani oralaringda yigirmata mard topiladimi? Yuringlar, mening ortimdan, xozir borib hukumatni bosib olamiz,- degan edi 3 oktyabrda o‘tgan mitingda Qamchibek Tashiyev.

Bu chaqiriqdan so‘ng namoyishichalar parlament va prezident ma‘muriyati joylashgan binoga bostirib qirishga harakat qilgan, ammo xavfsizlik kuchlari ularni surib chiqargan edi.

Ammo Qamchibek Tashiyevni aybsiz deb hisoblovchi bir guruh odamlar Bishkekda namoyishlarni o‘tkazishni to‘xtatishmayapti. 17 oktyabr kuni ham yuzga yaqin namoyishchi Bishkek shahar sudi oldiga yig‘ilib, Qamchibek Tashiyev va u bilan birga hibs qilingan yana to‘rt odamni ozodlikka chiqarilishini talab qilishmoqda.

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari esa hokimiyatni zo‘ravonlik bilan bosib olishda ayblanib hibs qilingan uch deputat- Qamchibek Tashiyev, Sadir Japarov va Talant Mamitovni avf etish vakolati prezidentga ham berilmaganini, bu ish sud orqali qonun yo‘li bilan hal etilishi lozimligini bildirmoqdalar.

Hibs qilingan deputatlarni ozod etish talabi bilan eng ko‘p odam qatnashgan mitinglar Jalobodda o‘tmoqda.

Hibs qilingan deputatlarni ozod etish talabi bilan eng ko‘p odam qatnashgan mitinglar Jalobodda o‘tmoqda.

Shu bilan bir qatorda hibs qilingan deputatlar a‘zo bo‘lgan “Ata Jurt” partiyasi deputatlarning hibs qilinishini siyosiy ta‘qib sifatida talqin etmoqda. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiysi Janibek Saliyev bu kabi iddaoning asossiz ekanini aytadi.

- Ochiq oydin ko‘rinib turgan narsani qanday qilib siyosat deb atash mumkin? Devordan oshib tushgan odamning harakatini siyosat deb baholash mumkinmi? Deputatmi, oddiy odammi, vazir yoki prokurormi, kim bo‘lishidan qat‘iy nazar, qonunni buzganidan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortilishi shart, - dedi Janibek Saliyev.

Parlament deputatlari Qamchibek Tashiyev, Sadir Japarov va Talant Mamitov 4 oktyabrga o‘tar kechasi hibs qilingan edi. Ularga hokimiyatni kuch bilan bosib olish va Konstitutsiyaviy tuzimni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga ommaviy da‘vat ayblovi bildirilgan. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasining ma‘lumot berishicha, mazkur ayblov ortidan hibs qilingan deputatlar 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
XS
SM
MD
LG