Линклар

Rasmiy matbuot Zarafshon shahridagi “Yangi Zarafshon” mavzesining 380 oilalik kvartaliga gaz yetkazib berilganidan bong urgan kezda, qo‘shni tumanlar aholisi hali qish boshlanmasidan yana gaz uzila boshlaganidan nolimoqda.

"O‘zinform" internet nashri O‘zbekiston hukumati matbuotiga tayanib, mamlakatdagi aholi punktlarini gazlashtirish jarayoni davom etayotgani va xususan, Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi 380 oilalik aholi punkti gazlashtirilganini xabar qildi.

Bu xabar bahona eng sanoatlashgan viloyatning yirik shaharlaridan biridagi gaz ta‘minoti bilan qiziqqan Ozodlik muxbiri, eng avvalo, 380 ta emas, 20 taga yaqin xonadon gazlashtirilganini aniqladi.

Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi "Zarafshongaz" idorasi bosh muxandisi Sherzod Musayev Ozodlik bilan suhbatda mavzening beshinchi kvartali gazlashtirilganini aytdi.

Ammo unga ko‘ra, hali tabiiy gaz kvartaldagi xonadonlarning hammasiga yetib bormagan.

- Gaz o‘tkazish loyihasi o‘tgan yil boshlangan. 2013 yil oxirigacha kvartal to‘liq gazlashtirib beriladi. Magistral gaz quvuri ko‘chalarning ko‘piga bormagan. Mahallada yettita kvartal bor. Shundan 1-2-3-4-kvartallar gazlashtirilgan, 5-6-7-kvartallar gazlashtirilmagan. Shu paytgacha balonli gaz tarqatilgan, dedi Zarafshon shahar gaz idorasi.

Bu mutasaddi Yangi Zarafshon mahallasidagi 380ta xonadonni gazlashtirish shahar hokimligi tashabbusi ostida “Mustahkam oila yili” munosabati bilan qishloq joylarida yashovchi oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholi va homiylar hisobidan amalga oshirilayotganini alohida ta‘kidlab o‘tdi.

O‘zini Yangi Zarafshon mahalla fuqarolar yig‘ini raisining diniy-ma‘rifiy va ahloqiy tarbiyaga oid masalalar bo‘yicha maslahatchisi, deb tanishtirgan O‘ringul Turdimurodova Ozodlik bilan suhbatda mahallasini gazlik qilgan hokimiyatni olqishladi.

- Balonli gaz olib kelishardi. Shu bilan ovqat pishirardik. Qish kunlari uyni isitish uchun saksovul sotib olardik. Saksovul qimmat. Hozir saksovul ham yo‘q. Benzin qimmat bilasiz, solyarka qimmat. Masalan, besh oy qish bo‘lsa, ikki-uchta mashina saksovul ketadi. Aholi qiynaladida. Boshqa vaqtlarda elektr energiyadan foydalanadi. Tabiiy gaz kelsa yaxshida. Uylarni ham isitadi, ovqatga ham, choyga ham, hamma narsaga yaxshi, deydi mahalla maslahatchisi.

O‘ringul Turdimurodovaga ko‘ra, endigina tabiiy gaz yoqa boshlagan kvartaldagi xonadonlarning hammasi gazlashmaganiga sababchi hokimlik emas, balki tegishli hujjat va mablag‘ni vaqtida yig‘ib berolmagan aholining o‘zidir.

Shu bois, mahalla faoli hali o‘znining uyiga ham tabiiy gaz yetib kelmaganini aytdi.

- Beshinchi kvartalda 20ta xonadonda gaz yoqildi. Kvartalda 115-120ta xonadon bor. Oltinchi va yettinchi kvartalda yana shunchadan xonadon bor. Men o‘zim beshinchi kvartalda yashayman. Bizlarga gaz kelgani yo‘q. Liniya ham kelgani yo‘q. Aholi pul yig‘ib qilishi kerak. Hokim buvaning o‘zi temir yo‘ldan gaz quvunini o‘tkazib yordam qildi. Bu yog‘iga aholidan pul yig‘ilishi qiyin bo‘lyapti-da. Oltinchi, yettinchi kvartalga hali gaz olib borilmagan, dedi mahalla faoli O‘ringul opa.

Yangi Zarafshon rasmiylari birinchi bor tabiiy gaz yoqa boshlagan xonadonlardagi gaz bosimi qay darajada ekani haqida aniq ma‘lumot bera olmadi.

Biroq, Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi aholi vakillari hal qish kelib ulgurmasidan gaz bosimi pastlab ketgani va ayrim tumanlarda gaz ta‘minotida hozirdanoq uzilishlar kuzatilayotganini aytmoqda.

Konimex tumanida yashovchi Murod Ozodlik bilan suhbatda uzilishlar oktyabr oyi boshidan boshlaganini aytdi.

- Gaz berilishi aprel oyidan boshlab oktyabr oyigacha yaxshi bo‘ldi. Lekin oktyabr oyi boshidan elektr tokini ham gazni ham o‘chiryapti. Gaz ertalab choy qaynaydigan darajada beriladi. Bosim juda pastda. Kechqurun soat olti yarim yettilardan ertalabgacha o‘chiradi. Hozir shunday bo‘lyapti, deydi Navoiy viloyatining Konimex tumanida yashovchi Murod ismli suhbatdosh.

O‘zbekistonning aksar viloyatlarida elektr va gaz taqchilligi yillar davomida kuzatiladi.

Sovuq kunlarda qiyinchilikka duch keladigan aholi yo‘q gaz uchun pul to‘lashdan tashqari uylarini isitish uchun ham mablag‘ sarflashga majbur ekanidan nolib keladi.
XS
SM
MD
LG