Линклар

logo-print
O‘zbekiston Oliy xo‘jalik sudi 16 oktyabr kuni Carlsberg Uzbekistan (UzCarlsberg) shirkatining mamlakat soliq idoralari moliyaviy sanktsiyalari bo‘yicha kiritgan kassatsiya shikoyatini rad etdi.

Bu haqda RIA Novosti agentligi Oliy xo‘jalik sudidagi yaqin manbaga tayanib xabar qildi.

Daniyadagi Carlsberg Group shirkatining 100 foizlik sarmoyasiga tashkil etilgan Carlsberg Uzbekistan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik hamda umumiy qimmati 9 milliard so‘mlik ($4,6 million AQSh dollari) mahsulotni hisobga kiritmagan holda sotishda ayblangan edi.

Carlsberg Group matbuot xizmati rahbari Ben Morton Ozodlik bilan suhbatda mahkama jarayoni hali ham davom etayotganini aytib, Oliy xo‘jalik sudi qarori yuzasidan izoh bera olmasligini bildirdi.

- Jarayon hali to‘xtagani yo‘q. Shu sababdan biron gap ayta olmayman, dedi Morton.

O‘zbekiston soliq idoralari shirkatni 2008-2010 yillarda hisobga olinmagan xom- ashyodan 16,6 gektolitr piva ishlab chiqarib, ularni yashirin ravishda sotganlikda ayblamoqda.

Toshkent shahar Xo‘jalik sudi avgust oyida soliq idoralarining ushbu da‘vosini o‘rganib, Carlsberg Uzbekistan guruhiga daromad soliqlarini to‘lash majburiyatini yukladi.

Shundan so‘ng Carlsberg Uzbekistan o‘tgan oy sudning bu qarorini asossiz deya, Oliy xo‘jalik sudiga apellyatsiya shikoyatini kiritdi.

O‘zbekistonda 2007 yildan buyon pivo ishlab chiqarib kelgan shirkat ustida qora bulutlar aslida bir yil avval paydo bo‘lgan edi. 2011 yilning o‘rtalaridan boshlab korxonada O‘zbekiston prokuraturasi organlari ishtirokida kompleks moliyaviy-xo‘jalik tekshiruvi o‘tkazildi.

O‘shanda Carlsberg Uzbekistan shirkati vakolatxonasini "qora niqobli" tekshiruvchilar bosgani va zavodning Rossiya fuqarosi bo‘lgan rahbari Yevgeniy Shevchenko mamlakatdan qochgani haqida xabar paydo bo‘lgan edi.

Bu tekshiruvlar ortidan korxona mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatdi hamda ishchi-xodimlarini sentyabrgacha ta‘tilga chiqarib yubordi. Bugungi kunga kelib korxonada pivo ishlab chiqarish qayta boshlangani yo‘q.

- Ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagan, bu mutlaqo xom-ashyo yetishmayotgani bilan bog‘liqdir. Biz muammoni iloji boricha hal etishga harakat qilayapmiz, dedi Ben Morton.

Xom-ashë muammosi nega shuncha vaqtdan buyon hal bo‘lmayapti, degan savolni janob Morton javobsiz qoldirdi.

Ayni paytda Carlsberg O‘zbekistondan ketmoqda, shirkat boshqa investorlar bilan O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasini sotish to‘g‘risida muzokara o‘tkazayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Carlsberg Group matbuot xizmati rahbari Ben Morton Ozodlik bilan suhbatda bu xabarlarni rad etdi.

- Bu noto‘g‘ri, O‘zbekistondan chiqib ketish niyatimiz yo‘q, dedi Morton.

O‘zbekistonda 2007 yildan beri faoliyat yuritgan Carlsberg Uzbekistan “Sarbast” brendi ostida bir necha turdagi pivo va boshqa salqin ichimliklar ishlab chiqargan.

Yiliga 1.3 million gektolitr pivo ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod O‘zbekistonda 400 odamni ish bilan ta‘minlab kelgan.

O‘zbekistondagi korxonaga daniyaliklar 100 million AQSh dollaridan ortiq sarmoya yotqizgan.
XS
SM
MD
LG