Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:53

Buxoro sobiq hokimining o‘g‘illari va qarindoshlari qamaldi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi sobiq hokim Samoydin Huseynovning o‘g‘li Sharofiddin Huseynovni iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Shuningdek, Samoydin Husenovning boshqa qarindoshlari ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘tgan yil dekabr oyida Buxoro viloyati hokimi Samoydin Huseynovning o‘g‘li va boshqa qarindoshlari ustidan boshlangan mahkama 8 oktyabr kuni nihoyasiga yetganligi haqidagi xabar Ozodlikka 18 oktyabr kuni ma‘lum bo‘ldi.

Buxoro shahrida istiqomat qiladigan Ozodlik manbasining aytishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi sobiq hokim Samoydin Huseynovning o‘g‘li Sharofiddin Huseynovni 13 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Buxorodagi bir qancha AYoQShlar egasi bo‘lgan Sharofiddin Huseynov “Sohibqiron Sohibiddin” firmasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, boshlanganda ochiq sud majlisi deb e‘lon qilingan bo‘lsa-da¸ mahkama yopiq tarzda o‘tgan. Sudning qachon va qanday hukm chiqargani haqida jamoatchilikka xabar berilmagan:

- Biz ham bexabar qoldik hukmdan. Keyin eshitishimizcha, Sharofiddin Huseynovga 13 yil va yana bir qarindoshiga ham shuncha berishibdi. Shuningdek, sobiq hokimning yana bir necha qarindoshlari ham “srok” olishibdi, deydi bu manba.

Ozodlik olgan xabarga ko‘ra, korruptsiyaga oid jinoyatlarda ayblanib sobiq hokimning yana bir kichik o‘g‘li 10 yilga, uning viloyat hokimligida ishlagan jiyani Risoliddin Huseynov 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq bu xabarni rasman tasdiqlatish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, sudlanganlar shu paytgacha ochiqda yurgan va hukm o‘qilishi bilan sud zalining o‘zida hibs qilingan.

Ozodlik bu borada aniq ma‘lumot olish maqsadida Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga qo‘ng‘iroq qildi. Ozodlik bilan suhbatlashgan sudya Uchqun Ro‘ziyev bu mahkama 8 oktyabr kuni tugaganini bildirar ekan, telefon orqali bundan boshqa ma‘lumot bera olmasligini aytdi.

Shu yilning yozida Samoydin Huseynovning yana bir jiyani, Buxorodagi "Sharq" savdo majmuasi boshlig‘i Vasliddin Huseynov ham iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, sud hukmi bilan15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2011yil dekabr oyida Buxoro viloyat televideniyesida namoyish qilingan mahalliy amaldorlarning poraxo‘rligini fosh qiluvchi maxsus ko‘rsatuvda Samoydin Huseynovning ikki o‘g‘li ham tanqid qilingan edi.

Bu ko‘rsatuvda hokimning o‘g‘illari Milliy bank orqali g‘ayriqonuniy pul operatsiyalari o‘tkazgani va shu yo‘l bilan juda katta foiz olgani, ikkinchidan, bankdan foizsiz katta pul olib qurilish qilgani va katta imoratlarni odamlarga sotgani to‘g‘risida gap borgan edi.

Bu ko‘rsatuvdan bir necha kun o‘tib Buxoro viloyatiga 15 yil hokimlik qilgan Samoydin Huseynov korruptsiya hamda urug‘-aymoqchilikka bog‘liq iddaolar bilan lavozimidan chetlashtirilgan edi.

Ayni paytda sobiq hokim Samoydin Huseynov ustidan jinoiy ish ochilgani va tergov harakatlari olib borilayotgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG