Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:29

Blog: Paxtani yaxshi tergan... Prezidentga maslahatchi bo‘ladi


Chorva mollari tashiladigan usti yopiq yuk mashinasida paxtazorga olib ketilayotgan mustaqil O‘zbekistonning yosh olimlari...
Chorva mollari tashiladigan usti yopiq yuk mashinasida paxtazorga olib ketilayotgan mustaqil O‘zbekistonning yosh olimlari...
Bu yil ilmiy-tadqiqot institutimizning yosh xodimlari qatori men ham paxta terimiga – Jizzax viloyatiga bordim. Terimga hozir O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi bo‘lib ishlayotgan yozuvchi Xayriddin Sultonovning “Ko‘ngil ozodadur” degan qissasini ham olvoldim.

Shomgacha paykalda paxta terib, amallab kunni kech qilamiz. Domlalarimizning kundalik “osh-non”imiz bo‘lib qolgan tergashlari, nomiga ovqatlanishdan keyin alamni kitobdan olaman.

Yonimda boshqa kitob bo‘lmagani uchunmi, yo yozuvchining uslubi ma‘qul keldimi (ustozlarimiz “Xayriddin Sultonov o‘z vaqtida talantli bo‘lgan” deganicha bor ekan), yo asardagi dardlar yaqin bo‘lgani uchunmi, ikki-uch qayta o‘qib chiqdim “Ko‘ngil ozodadur”ni.

Qissa 1986 yilda yozilgan ekan. Ammo, ne ajabki, unda tasvirlangan voqealar shunaqa tanish, shunaqa o‘xshash. Oradan salkam 30 yil o‘tgan bo‘lsa-da, paxta siyosati borasida ko‘p narsa o‘zgarishsiz qolganiga hayron qolasiz. Ishonmasangiz, asardan olingan ayrim parchalarga diqqat qiling.

Bugun mansabdor, u paytlar oddiy yozuvchi minglab toshkentliklar paxta dalalariga chiqarilganini obrazli tarzda tasvirlaydi:

“Yana kuz keldi. Chaman-chaman ochilgan paxtalarni quvnab-quvnab tergali ming-minglab shahar ahli safarbar etildi. Jamiki ulov shaharga jo‘natildi. Faqat tramvayni jo‘natmoqning iloji bo‘lmadi. Ro‘znomalar sahifasida andoq so‘zbo‘ronlar boshlanib, ko‘z ochirmay qo‘ydi; sakson yashar momoning etak tutgani ham, to‘qson yashar boboning himmat kamarini beliga bog‘lagani ham, besh yashar go‘dakning g‘o‘zaga bo‘yi yetmasa-da, umumxalq hashariga otlangani ham, uch kunlik kelinchakning oq saharni paykal og‘ushida qarshilangani ham... hech narsa qolmadi. Hammamiz uchun hurmatli zotlar “oynai jahon”dan boqib, “million egatlarga sochilgan” umumqo‘shinga amr qilar edilarki, so‘nggi misqolgacha! Jon berib, qon berib, sharaf-shon berib bo‘lsa-da!”

Tanish manzara, shunday emasmi? Xayriddin Sultonovning qahramoni ham bizga o‘xshagan ilmiy xodim. Boyaqish aspirant ham hashardan qo‘li bo‘shaganda, ilm qiladi. Naq bizning dardimizni topib yozgan ekan yozuvchi:

“Yalpi xuruj boshlangan kuni men bir hafta muqaddam Nazarbekdan – oylik yantoq o‘rimidan qaytib endi ishga chiqqan edim... Garchi biz ilmiy-tadqiqot muassasasi deb atalmish dargohda ishlasak-da, chopiqqa chiqamiz, yagana qilamiz, piyoz o‘taymiz, pichanu yantoq o‘ramiz, patinjondan tortib paxtagacha teramiz va misqolini ham qoldirmasdan hukumatga to‘plab beramiz. So‘ngra ana shu ishlardan ozgina fursat orttirgudek bo‘lsak, ilmu urfon bilan ham mashg‘ur bo‘lamiz...”

Qissa qahramoni ham maktab yoshidan kuzni paxta dalasida o‘tkazgan:

“Endi ba‘zan o‘ylab, o‘n ikki yashar bolaning qo‘lidan nimayam kelardi, deb shubhaga boraman. Moziyda-ku misollar ko‘p: Bobur o‘n ikki yoshida Andijon taxtiga o‘tirgan, Motsart, deylik, simfoniya yozgan, lekin eng buyuk daholar ham o‘n ikki yasharida Ko‘korol cho‘llarida yetmish ikki kun paxta terolgan emas – tarixni varaq-varaq axtarib ham bu yanglig‘ hodisani hech qaysi solnomadan topolmaysiz...”

Xayriddin Sultonovni hayotda ko‘rmaganman, ammo kitobini o‘qib 100 foiz amin bo‘ldimki, u ham bizga o‘xshab paxta dalalarida bearmon “oq oltin” tergan. Agar shunday bo‘lmaganida, holatni ishonarli ko‘rsatolmasdi-da. Bo‘lganda ham eng peshqadam terimchilardan bo‘lgandir.

To‘g‘risini aytganda, shu narsa institutimizning barcha xodimlari qatori menga ham kuch bag‘ishladi: Xayriddin Sultonovdek paxta teryapmiz, ajabmas, kun kelib, biz ham u kabi birinchi rahbarga maslahatchi bo‘lib ketsak, deb o‘zimizga tasalli berdik.
XS
SM
MD
LG