Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:22

"TeliaSonera boshidan nimalarnidir yashirib kelmoqda"


Shvetsiyaning yetakchi TT axborot agentligi ega bo‘lgan ma‘lumotlar TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi mahalliy qonunchilikka zid ish yuritganligi borasidagi shubhalarni yanada kuchaytirdi.

TT muxbiri Ola Vesterbergga ko‘ra, TeliaSonera rahbari Lars Nyubergning 2008 yil yanvar oyida Toshkentda o‘tkazgan matbuot anjumanida aytgan gaplari shirkatning yillik hisobotida keltirilgan ma‘lumotlarga mos kelmayapti.

O‘sha matbuot anjumanida janob Nyuberg: “Biz O‘zbekistonda 3G litsenziyasini u yerdagi boshqa shirkatlar olgani kabi olishni rejalayapmiz”, deb aytgan edi.

Ammo Teliasonera shirkatining 2007 yil bo‘yicha hisobotida shirkat 2007 yil dekabr oyida, ya‘ni janob Nyubergning Toshkentdagi matbuot anjumanidagi chiqishidan bir oy oldin 3G litsenziyaga ega bo‘lgani haqida ma‘lumotlar keltirilgan.

- TeliaSonera hisobotidan kelib chiqadigan bo‘lsak, shirkat 2007 yil dekabr oyida O‘zbekistonda faoliyat qilish uchun 3G litsenziyasiga ega bo‘lgan. Agar bu rost bo‘lsa, nega janob Nyuberg 2008 yilning 7 yanvarida Toshkentdagi muhtasham mehmonxonada o‘tkazilgan matbuot anjumanida: "Litsenziyani endi olamiz", deb gapirgan? Bu juda shubhali, deydi TT muxbiri Vesterberg.

Uchdan bir aktsiyalari shved hukumatiga tegishli bo‘lgan TeliaSonera 2007 yilda Gibraltardagi Takilant shirkatidan 3G litsenziyasi sotib olgan paytida O‘zbekistondagi mahalliy qonunchilikka binoan ish yuritganini ta‘kidlagan edi.

Lekin Teliasonera shirkatining 2007 yilgi hisobotida Takilant nomi mutlaqo tilga olinmagan.

- Aftidan, shirkat boshidan nimanidir yashirib kelayapti. Shirkatning 2007 yil bo‘yicha hisobotida 3G litsenziyasi olingani haqida aytilgan. Lekin litsenziya aynan qaysi shirkatdan olingani aytilmagan. Bundan tashqari, biz shirkatning press-relizlarini, matbuot uchun chiqargan bayonotlarini ham ko‘zdan kechirib chiqdik. Ularda ham Teliasonera O‘zbekistondagi sherigi nomini tilga olishni istamaganini sezdik. Faqat mahalliy hamkor, deb o‘tib ketilgan. Shirkat Takilant nomini tilga olishni istamagani juda g‘alati, deydi TT muxbiri.

Teliasonera shirkatidan hozircha bu borada izoh bo‘lmadi.

O‘tgan oy shved kanali Teliasonera O‘zbekistonda 3G mobil telefon aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun litsenziya olish evaziga Gibraltarda qayd qilingan Takilant Ltd shirkatiga 320 million dollarga teng pul o‘tkazganini fosh etuvchi ko‘rsatuvni namoyish qilgan edi.

Filmda keltirilishicha¸ Takilant Ltd ning egasi sifatida o‘shanda 22 yoshda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Gayane Avakyan nomi qayd etilgan.

Avakyanning Gulnora Karimova homiyligi ostida ish ko‘radigan Toshkentdagi Modalar uyi direktori va prezident to‘ng‘ichining gumashtalaridan biri ekani aytiladi.
XS
SM
MD
LG