Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:13

O‘zbekistonliklar Qurbon Hayitini nishonlamoqda


Toshkentdagi "Imom Buxoriy" masjidi.
Toshkentdagi "Imom Buxoriy" masjidi.

Bugun dunyodagi butun musulmon ahli qatori o‘zbekistonliklar ham Qurbon hayitini nishonlamoqda.

Qurbon Hayiti kuni O‘zbekistonda dam olish kuni deb e‘lon qilingan. Juma kuni tong sahardan barcha masjidlarda Hayit namozlari o‘qilib, bayram kuni xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

O‘zbekistonning jome masjidlari qatori Toshkentdagi “Imom Buxoriy” (xalq orasida “Chig‘atoy”) masjidiga ham minglab odam yig‘ildi.

Tunda yoqqan yomg‘ir havo haroratini ancha tushirganiga qaramay, musulmonlar vojib amal sanalgan bayram namozini ado etish uchun oshiqdi.

Toshkentdagi "Xo‘ja Alambardor" jome‘ masjidi imomi Rahmatulloh Xoji bugungi Hayit nomozi bayramona shukuhda o‘tganini aytadi.

- Juda chiroyli bo‘ldi. Masjidimizga to‘rt ming atrofida odam keldi. Yomg‘ir yoqqani uchunmi, bu safar ozroq bo‘ldi. Ramazon hayitidagi kabi bo‘lmadi. O‘tgan hayitda o‘n ming odam majidimizda bayram nomozini ado etgan edi. Endi ramazonda o‘ttiz kun ro‘za tutib hayitni kutadi, boshqacha bo‘ladi-da, - deydi Rahmatulloh Hoji.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga ko‘ra, bu yil Haj ziyoratiga 5000 dan ziyod o‘zbekistonlik jo‘natilgan.

Ko‘p asrlik an‘anaga muvofiq, bu kunda musulmonlar yaqinlarini yo‘qlaydi, qabristonlarni ziyorat qiladi.

Qurbon hayit ham “Kelin salomlari”siz bo‘ladi

Toshkent shahri va viloyatida yillar davomida urf bo‘lib kelgan kelinlarning “Hayit salomi” esa bu yildan taqiqlangan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, poytaxtning ayrim mahallalarida yangi kelin tushirgan oilalardan hayitni o‘tkazmaslik borasida tilxat ham olingan.

– Bu safar avvalgi hayitdan ham qattiq bo‘lyapti. Juda qattiq ogohlantirishyapti, - deb bildirdi toshkentlik Adham aka.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma‘raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi” qarori qabul qilingan edi.

Lekin, qat‘iy cheklovlarga qaramasdan, Ozodlik manba‘lari Toshkentning ayrim mahallalarida o‘tgan Ramazon hayiti kuni “Kelin salom”lari yashirincha o‘tkazilganini aytishgandi.

- Bu safar ham ayrimlar kichkina qilib kelin salomlarini o‘tkazivorishsa kerak. Lekin, eng muhimi kelin salomlarida avvalgiday hashamlar yo‘qoldi, - deydi Adham aka.

Rossiyada Qurbon hayiti

Rossiya poytaxtida havo harorati pasayib ketganiga qaramay, yuz mingdan ziyod musulmon Qurbon Hayiti namozini ado etganlar, ayrim joylarda avtomobil yo‘llarida to‘siq paydo bo‘lgan.

Masjidlarda ko‘pchilikka joy yetmagan, ular ko‘chaning o‘zida nomozlarini ado etganlar.

- Nomozni ko‘chada o‘qivordik. Moskvada musulmon ko‘p, masjid yetishmaydi, -deydi Moskvada ishlayotgan o‘zbekistonlik muxojir ishchi Ochilboy.

Moskva shahridagi musulmonlarning soni 2 million bilan 5 million o‘rtasida deb ko‘riladi, biroq shahardagi masjidlar soni bunga monand emas.

Oldingi yillarda Moskvada katta ko‘chaning o‘zida jonliq so‘yish hollari bo‘lgan, bu mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lgan.

Moskvada ko‘p asrlar davomida musulmonlar jamoasi bo‘lib kelgan, ularning soni oxirgi yillarda Rossiya janubi, Markaziy Osiyo va Qofqozdan borgan muhojirlar hisobiga ko‘paygan.

Musulmonlarning soni ko‘paygani esa shahardagi slavyan aholi aksarining noroziligiga sabab bo‘layotgani aytiladi.

Qurbon Hayiti munosabati bilan Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev va Bosh vazir Vladimir Putin musulmonlarga tabrik yo‘llagan.
XS
SM
MD
LG