Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:10

“Zara” ham o‘zbek paxtasini boykot qilmoqchi


Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta teryapti.
Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta teryapti.
Jamoat tashkilotlari “Zara” kiyim-kechak do‘konlari tarmog‘ini nazorat qiluvchi Ispaniyaning “Inditex” shirkati, va nihoyat, ularning chaqirig‘ini inobatga olishga majbur bo‘lgan, deb hisoblamoqda.

Bolalar mehnatiga qarshi kurashuvchi Walk Free tashkiloti minglab faollarining murojaatlari ortidan “Inditex” shirkati majburiy mehnat evaziga yetishtirilayotgan o‘zbek paxtasini boykot qilajagi haqida bildirdi.

- Butun dunyo bo‘ylab Walk Free guruhining minglab faollari Facebook va Twitter tarmoqlari orqali “Zara”ni ham o‘zbek paxtasini boykot qilgan to‘qsondan ortiq shirkat safiga qo‘shilishga chaqirdi. Murojaatlarimiz ortidan shirkat O‘zbekistonda majburiy mehnatga chek qo‘yishga qaratilgan amalimizga qo‘shilishga va‘da berdi, dedi Sidneydagi Walk Free tashkiloti matbuot vakili Ranya Alkadamani.

Markazi Ispaniyada joylashgan “Inditex” shirkati bu borada Ozodlik radiosiga yuborgan yozma bayonotida shirkatning O‘zbekistondan paxtani xom ashyo sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olmasligi va shu bois, o‘zbek paxta sanoatiga aloqasi yo‘qligi yozilgan.

Ayni paytda, “Bangladeshdagi hamkorlarimiz bilan O‘zbekiston hukumatining bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotini to‘xtatishini ta‘minlash choralari ustida ishlamoqdamiz”, deyiladi yana bayonotda.

Bu yil O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini dalaga olib chiqqanlar jazolanishi e‘lon qilingan esa-da, ayrim viloyatlarda 5 va 9-sinf orasidagi maktab o‘quvchilari dalaga olib chiqilgani kuzatildi.

Shuningdek, davlat byudjetidan moliyalanadigan idora-tashkilotlar, tibbiyot muassasalari xodimlari, doktor va hamshiralar, o‘qituvchilar, askarlar, masjid imomlari, vazirlik va bank xodimlari paxta terishga majburlandi.

- O‘zbekistondagi hukumat bu yil yuz minglab fuqaroni paxta terishga jalb etdi. Terimga chiqmaganlar ishdan haydalishi haqida ogohlantirildi. O‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar ham paxtaga olib chiqildi. Vaziyatni o‘rganmoqchi bo‘lgan huquq faollariga tahdidlar qilindi. Hukumat hali ham Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistonda bolalar mehnati bilan bog‘liq muammoni o‘rganishiga ruxsat bermayapti, deydi Ranya Alkadamani.

Vashingtondagi Cotton Campaign tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda davlat ishchilarining 16 foizi paxta terimiga jalb etilgan.

Bu yilgi paxta mavsumida O‘zbekistonning bir qancha viloyatlarida bo‘lib qaytgan Cotton Campaign faoli Mettyu Fisher-Dali dalalarda bolalar paxta terayotganini ko‘rganini aytgan.

Ayni paytda Walk Free tashkiloti O‘zbekiston hukumatini paxta terimida majburiy mehnatdan butkul voz kechtirishga qaratilgan kampaniyasini davom ettirayotganini aytmoqda.

Bu yil O‘zbekiston hukumati balog‘atga yetmaganlarni paxtaga olib chiqmaslik haqida farmon chiqargan, maktab o‘quvchilarini yoppasiga paxtaga safarbar etmagan va maktablar yopilmagan, mana shuni yetarli emasmi, deb so‘radik Walk Free tashkiloti vakilidan.

- Albatta yetarli emas. Birinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilmayotgan ekan bu mamlakatda bolalar mehnatiga chek qo‘yilganiga ishonch hosil qilolmaymiz. Ikkinchidan, shifokorlar, davlat korxonlari ishchilari, kattalar paxta terishga majburlanmoqda. Bu ham majburiy mehnat, - deydi Sidneydagi Walk Free tashkiloti matbuot vakili Ranya Alkadamani.

O‘zbekistonda paxta xom ashyosi yetishtirilishidan tortib, uning tovar shaklida bozorga olib chiqilishigacha bo‘lgan jarayonda inson huquqlari buzilishi hollari kuzatiladi.

Paxta dalasida bolalar majburan ekspluatatsiya qilib kelinaëtganiga norozilik tariqasida jahonning o‘nlab shirkati o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG