Линклар

logo-print
"Sendi" bo'roni AQShning shimoli-sharqiy sohiliga yaqinlashib kelar ekan, AQSh hukumati va Vashington okrugidagi qator elchiliklar o'z fuqarolarini bo'ron xavfidan ogohlantirib, tabiiy ofat kelganda qo'l keluvchi qator ko‘rsatmalarga rioya qilishga chaqirdi.

Biroq shu paytgacha AQShdagi O'zbekiston elchiligi qisqa vaqt ichida 65 kishi hayotiga zo'min bo'lgan bo'ron haqida Amerika sharqiy sohilidagi o'zbekistonliklar uchun hech bir ma'lumot bergani yo'q.

Shunday ekan, "Yosh to'lqin" loyihasi muxbirlari tashabbusni o'z qo'llariga olib, sharqiy sohildagi vatandoshlar uchun "Sendi" bo'roni kelganda jon saqlashda yordam beruvchi qo'llanma - qo'l kelishi mumkin bo'lgan mobil dasturlar ro'yxatini e'lon qiladi.

1. "Sendi" yo'nalishini jonli tarzda kuzatib borish uchun iPhone va iPad apparatlari egalari "Hurricane Tracker" dasturini yuklab olishlari mumkin. Mazkur dasturda AQShning Milliy Bo'ron Markazi bergan so'nggi xabarlar va ob-havo yangiliklari chop etiladi. Dastur orqali Meteorologiya markazlarining Twitter tasmalarini ham kuzatib borish mumkin.

2. "iMap Weather Radio" dasturi orqali smartfon egalari bo'ron bo'yicha son'ggi xabarlardan ogoh bo'lib turishlari mumkin. iOS va Android bazasidagi smartfonlarga mo'ljallangan ushbu dastur siz yashagan hududning ob-havo yangiliklarini beruvchi radio kanaliga avtomatik tarzda ulanadi.

3. Agar bo'ronga qanday tayyorgarlik ko'rishni bilmasangiz, "Your Plan" dasturi sizga qo'l kelishi mumkin. Ushbu dasturda tabiiy ofatga tayyorgarlik ko'rishda siz uchun eng kerakli bo'lgan narsalar ro'yxati (emergency kit) hamda sizga yaqin bo'lgan do'konlar, kasalxona va dorixonalar manzillari va aloqa telefonlari ko'rsatilgan.

4. "Hurricane by American Red Cross" dasturi iOS va Android operatsion tizimlariga mo'ljallangan bo'lib, u orqali AQShdagi Qizil Hoch jamiyati tayyorlagan ma'lumotlardan xabardor bo'lib turishingiz mumkin. Dasturning "Men omonman" (I'm safe) funksiyasi orqali bir tugmachani bosish yo'li bilan yaqinlaringizga o'zingiz haqida xabar berishingiz mumkin. Agar evakuatsiya qilinishni istasangiz, dastur siz turgan joyga yaqin bo'lgan Qizil Hoch boshpanasining manzili va aloqa telefonlarini ko'rsatib beradi.

5. Bo'ron vaqtida elektr uzilishlari ko'p bo'lgani tufayli har ehtimolga qarshi smartfoningizga "Flashlight" dasturini oldindan yuklab olishni tavsiya etamiz. iOS va Android operatsion tizimlari uchun yasalgan ushbu dastur yordamida smartfoningizni fonar sifatida ishlatishingiz mumkin. Ushbu dasturdan vaqat favqulodda vaziyatlarda foydalanish kerakligini eslatib o'tamiz, chunki smartfon fonaridan foydalanish apparat batareyasini tezga ishdan chiqarishi mumkin.

Albatta, elektr uzilishiga tayyor bo'lish uchun smartfon, kompyuter va fonarlarni avtonom ravishda quvvat bilan ta'minlovchi batareyalar va akkumulyatorlarni oldindan sotib olish maqsadqa muvofiqdir.

Har ehtimolga qarshi O'zbekistonning Vashington okrugidagi elchiligi manzili va aloqa telefonlarini berib o'tamiz: Embassy of Uzbekistan, 1746 Massachusetts Avenue, N.W., Washington, D.C. 20036-1903, telefonlar - (202) 530-7291, (202) 887-5300.
XS
SM
MD
LG