Линклар

logo-print

O‘zbekistonda ish ko‘p - ishlaydigan odam yo‘q


Shu kunda Rossiyaning turli shaharlarida, jumladan, Sankt-Peterburgda tirikchilik tashvishida ishlab yurgan o‘zbeklarni har qadamda uchratish mumkin.

Shu kunda Rossiyaning turli shaharlarida, jumladan, Sankt-Peterburgda tirikchilik tashvishida ishlab yurgan o‘zbeklarni har qadamda uchratish mumkin.

Sarlavhaga chiqarilgan fikr, balki ba‘zilarda e‘tiroz uyg‘otar, lekin hukumatning yangi ish o‘rinlari yaratishga doir har yili qabul qiladigan dasturlarida keltiriladigan raqamlardan boshqacha fikr paydo bo‘lishi mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasining o‘tgan haftada o‘tkazilgan yig‘ilishida kelasi yili qancha yangi ish joyi yaratilajagi haqida gap bo‘ldi.

"Hukumat yig‘ilishida, - deb xabar qildi O‘zA axborot agentligi, - 2013 yilda ish joylarini yaratish va aholi bandligini ta‘minlash dasturi loyihasi har tomonlama va chuqur tahlil qilindi”.

“Dastur loyihasida 2013 yilda 973 mingta, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga – 485,5 mingta, kasanachilikning turli shakllarini kengaytirish hisobiga – 218,4 mingta, yirik ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va qayta tiklash, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hisobiga – 268,8 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish nazarda tutilmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.

Demak, kelasi yili O‘zbekistonda sal kam 1 million yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ma‘lumki, keyingi 5 -6 yildan beri O‘zbekiston hukumati har yili bir milliondan yangi ish o‘rni yaratayotgani to‘g‘risida bayonot berib keladi.

“O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzuida 14 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferentsiya ishtirokchilari oldida so‘zlagan nutqida Prezident Karimov 2005-2011 yillar ichida mamlakatda 5 milliondan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgani to‘g‘risida gapirgan edi.

Yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘lida harakat joriy yilda ham to‘xtagani yo‘q.
O‘zbekiston Mehnat aholini himoya qilish vaziri 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatlariga hisobot berar ekan, joriy yilning olti oyi davomida 510,5 ming yangi ish o‘rni yaratilganini ma‘lum qildi.

Demak, 2005 yildan boshlab 2012 yilning yarmigacha 5,5 milliondan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib chiqayapti.

Turli manbalarda aytilishicha, O‘zbekistonning taqriban 29 million kishilik aholisining qariyb 16 millioni ishga yaroqli yoshdagi kishilardir.

Oddiygina mantiqdan kelib chiqilsa, 16 million kishining muayyan qismi yangi ish o‘rinlari yaratilgunicha ham ishli bo‘lgan. So‘nggi 5 – 6 yilda 5,5 million ish o‘rni yaratilgani to‘g‘risidagi gaplar “sal ko‘proq emasmi?” degan ishtibohni paydo qiladi.

Ha, keragidan ko‘proq. Yana rasmiy manbalarga murojaat qilamiz.

O‘zA axborot agentligi Prezident Karimovning 9 oktyabr kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqi bayonini berar ekan, “viloyatda bugungi kunda 34 ming 700 nafarga yaqin fuqaro, ya‘ni mehnatga layoqatli bo‘lgan aholining 5,1 foizi ishga joylashishga muhtoj hisoblanadi”, deb yozdi.

Mana shunday vaziyatda, O‘zAga ko‘ra, viloyatda “joriy yilning 9 oyida 47 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan”.

Demak, shu kunda Xorazm viloyatida 12 ming 300 yangi ish o‘rni bo‘sh turibdi. (47000 – 34700 = 12300)

Agar Xorazmdagi vaziyat butun mamlakatga xos, desak, u holda shu kunning o‘zida O‘zbekiston bo‘ylab (12 ta viloyat va Toshkent shahri) 135 mingdan ziyod yangi o‘rni ishchilarni kutib turibdi.

Demak, O‘zbekistonda ishsizlikka mutlaqo barham berilgan. Boz ustiga, hukumat kelasi yili 973 mingta ish o‘rni yaratmoqchi.

Ozodlik radiosi bu mavzuda yozgan maqolalarning sanog‘i yo‘q. O‘sha maqolalarni tayyorlash jarayonida mutaxassislar fikr bildirar ekan, yangi ish o‘rinlari to‘g‘risidagi raqamlar maqsadi statistikani jozibali qilish bo‘lgan yuqorining topshirig‘ini so‘zsiz bajaradigan quyidagilarning ma‘lumotnomalaridan paydo bo‘lishini ko‘p aytishgan.

Real ish joylarida to‘lanadigan ish haqining ozligi to‘g‘risida ham ko‘p gapirilgan.

Masalan, yaqinda jizzaxlik kollej bitiruvchisi mana bunday degan edi:

- Mutaxassisligim – kompьyuter operatori. O‘qishni bitirganimdan keyin o‘zimizning kollejga ishga taklif qilishdi. Oylik 200 ming, plastikka o‘tkaziladi, deyishdi. Bir haftacha ishga qatnadim. Qarasam, hali chopiqqa jo‘natishadi, hali shanbalikka... Undan ko‘ra, mol boqib yurganim afzal, dedim-da, ishga kirmadim, deydi Jasur.

200 ming so‘m O‘zbekistondagi real kurs (qora bozor kursi) bo‘yicha taqriban 70 dollarga teng aqchadir.

Bu pul oila boqish u yoqda tursin, suhbatdoshimiz - bo‘ydoq Jasurning bir o‘ziga ham yetmasligini tushunish uchun hisob-kitob qilib o‘tirish ortiqchadir.
Shuning uchun ham, ya‘ni O‘zbekistondagi ish haqining o‘ta ozligi tufayli o‘zbekistonliklar ishni chetdan izlamoqda.

Birgina Sankt-Peterburg shahrida norasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, 850 ming o‘zbekistonlik o‘zbek ishlamoqda.

Rasmiy ma‘lumot ham juda ulkandir. Rossiya Federatsiyasi migratsiya xizmatining Sankt-Peterburg shahri boshqarmasidan olingan ma‘lumotga tayanib, axborot vositalari bergan xabarga ko‘ra, shaharda qariyb 400 ming o‘zbekistonlik o‘zbek ishlamoqda.
XS
SM
MD
LG