Линклар

logo-print
Asli jalolobodlik, bir necha yildan beri esa Rossiya fuqarosi bo‘lgan 31 yoshli Shamsiddin Niyozaliyev ustidan Jalolobod viloyati Suzoq tuman sudi chiqargan hukm 2010 yil iyun voqealariga aloqadorlikda ayblanib, birgina shu viloyatda bir umrga qamalgan o‘zbeklar sonini yana bir nafarga oshirdi. Niyozaliyev ustidan sud hukmi o‘qilgan kuni O‘sh viloyat sudi 33 yoshli Muhammad Buzrukovni bir umrga ozodlikdan mahrum qildi.

Shamsiddin Niyozaliyev ustidan hukm 25 oktyabr kuni o‘qildi.

Niyozaliyev Jalolobod viloyatidagi “Sanpa” paxta tozalash zavodi yaqinida 2010 yil iyun oyida ro‘y bergan voqealarga aloqadorlikda aybdor, deb topilib, bir umrga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ommaviy axborot vositalarining bu haqdagi xabarlarini jalolobodlik inson huquqlari himoyachisi Abdumalik Sharipov tasdiqladi va uning shaxsi to‘g‘risida quyidalarni aytib berdi:

- Shamsiddin Niyozaliyev 31 ga kirgan bola ekan. Suzoqlik tadbirkorlardan ekan. Ko‘p yillardan beri, adashmasam, 2006 yildan beri Rossiya fuqarosi hisoblangan. O‘sha yillardan beri o‘sha yerda ishlagan, deydi Abdumalik Sharipov.

Sud hukmida aytilishicha, Niyozaliyev ommaviy tartibsizliklarda, qotilliklarda, talonchilikda, noqonuniy qurol saqlaganlikda va yana boshqa bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda, “Sanpa” voqeasida qatnashganlikda aybdor, deb topilgan.

2010 yilning 12-13 iyun kunlari Suzoq tumanidagi “Sanpa” paxta zavodi yaqinida mahalliy o‘zbeklar Bishkek-O‘sh yo‘lini to‘sib, yo‘lga mazut to‘kkan va ularning nazarida Bishkekdan O‘shga o‘zbeklarga qarshi urush qilish uchun kelayotgan qirg‘izlar mashinalarini to‘xtatib, ularni o‘ldirgan.

Natijada 16 kishi o‘ldirilgan, 2 kishi bedarak yo‘qolgan, 9 mashina yoqib yuborilgan.

Biroq Shamsiddin Niyozaliyevning advokatlari yiqqan ma‘lumotlarga qaraganda, u o‘sha kunlari nafaqat “Sanpa” yaqinida, balki umuman Qirg‘izistonda bo‘lgan emas, deydi Abdumalik Sharipov:

- O‘zingiz bilasiz, Rossiya fuqaroligini qirg‘iz oladimi, o‘zbek oladimi - baribir doim vataniga qaytib, bu yerda ham ozgina turib, bu yoqda ishlab, shunday qilib yurishadi. Bu bola iyun voqealarida qatnashganlikda gumon qilingan. Lekin o‘sha paytda bu bola Suzoqda bo‘lgan, shu atroflarda bo‘lgan. Lekin xuddi shu kunlarda ayblanayotgan kunlarda, u 20 mayda chiqib ketib, 27 iyunlarda qaytib kelgan. U bola Farg‘onaga borib, Farg‘onaga selitra olib kelish maqsadida borgan ekan. Advokatlar Farg‘onaga zapros berib, u yerdan spravkani olishgan, lekin buni ham inobatga olishmagan. Advokatlar borib hattoki O‘zbekistonda qayerda to‘xtagan bo‘lsa, o‘sha mahalla komitetidan, domovoy knigadan ko‘chirma olib kelishgan. Spravkalar hammasi taqdim qilingan. Lekin inobatga olinmadi, deydi Abdumalik Sharipov.

O‘zbekistondan olib kelingan ma‘lumotnomalarga ishonmaslik mumkin emasligi to‘g‘risida fikr yuritar ekan, Abdumalik Sharipov bunday dedi.

- Hammaga ma‘lum, O‘zbekistonda qalbaki spravka olishning umuman iloji yo‘q. U yerda, eshitishimizga qaraganda, mahallaga kirgan odamni nafaqat uchastka inspektori, hattoki butun mahalla bilar ekan-da. Hazillashib bo‘lmaydi ekan. Albatta ro‘yxatga turish kerak ekan. yoshi ulug‘ bo‘ladimi, ayol bo‘ladimi, erkak bo‘ladimi, yosh bola bo‘ladimi - qat‘iy nazar, albatta ro‘yxatga turishi kerak ekan. Shu yerda ro‘yxatga turilgan. Lekin o‘shani ham inobatga olmagan. Sudya aytishi mumkin, "men ishonmayman, pulga sotib olgan" deb. Biz O‘zbekistondagi ahvoldan xabardormiz. Shu yerda bo‘lganligi aniq-da, deydi jalolobodlik inson huquqlari himoyachisi.

Xabarlarga qaraganda, bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan Shamsiddin Niyozaliyev 2010 yilning 29 sentyabrida qidiruvga berilgan.

2012 yilning 19 yanvarida Qozog‘istonda qo‘lga olingan va 5 iyunda Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilingan.

Shamsiddin Niyozaliyevning qamalishi bilan 2010 yil iyun voqealari bilan bog‘liq ravishda bir umrga qamalganlar soni yana bir kishiga ko‘paydi.

- 24 ta o‘sha paytda qamalgan, bu 25-umrbodga kesilganlar, deydi Abdumalik Sharipov.

Bu faqat Jalolobod viloyati bo‘yicha raqamdir.

Jalolobodlik inson huquqlari himoyachisi Abdumalik Sharipovga yana bir savol berdik.

Ozodlik: Iyun voqealari "millatlararo janjal" deyiladi-da. Demak, u tomon ham, bu tomon ham ishtirok etgan. Qirg‘izlardan qancha odam umrbodga qamaldi?

- Qirg‘izlardan birorta odam umrbodga qamalgani yo‘q. nafaqat umrbod, umuman Jalolobod viloyatida birorta odam oddiy qamoq jazosiga ham hukm qilingani yo‘q, deydi Abdumalik Sharipov.

Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutasaddisi Hyu Uilyamson qirg‘izistonlik o‘zbeklar ustidan chiqarilayotgan hukmlar yuzasidan fikr bildirar ekan, ularni "sud xatosi" va "bu hukmlardan qasosning hidi kelmoqda", degan.

Hyuman Rayts Uotch Qirg‘iziston rasmiylaridan o‘zbeklar ustidan chiqarilgan hukmlarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan.
XS
SM
MD
LG