Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:53

Samarqandda bog‘chalar yopilmoqda


Bugungi kunda qishloqlardagi aksar bolalar bog‘chalari huvullab yotibdi.
Bugungi kunda qishloqlardagi aksar bolalar bog‘chalari huvullab yotibdi.
Samarqand viloyatida bolalar bog‘chalari qisqarayotgani haqida Ozodlikka samarqandlik Rustam Nabiyev ma‘lum qildi.

- Toyloq, Urgut tumanlaridagi bolalar bog‘chalarida tekshirish ketayapti. Tarbiyalanuvchilar soni kam bo‘lgan bog‘chalar yopilayapti. Hozir bog‘cha rahbarlari uyma-uy yurib, bolalarni 1 noyabrgacha tekinga bog‘chaga olayapti. Tekshirish o‘tguncha bog‘chada tarbiyalanuvchilar sonini ko‘p qilib ko‘rsatish uchun. Bu boshqa tumanlarda ham bo‘layapti, dedi Rustam Nabiyev.

Samarqand viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasining ismini oshkor qilmayotganimiz muttasaddi xodimi viloyatda bog‘chalar qisqarayotganini tasdiqladi.

- 2012 yilda 7 ta bog‘cha optimizatsiya bo‘ldi. Asosan, qishloq joylarida. Shaharda barcha bog‘chalar saqlandi. Barcha tuman markazlaridagi bog‘chalarga tegilmadi. Faqat qishloq joylaridagi bog‘chalarda shunaqa bo‘ldi, dedi mutasaddi.

Uning aytishicha, qishloq joylaridagi ayrim bog‘chalarni butunlay yopmasdan, ularni shu hududda yaxshi ishlayotgan boshqa bog‘chalarning bo‘limi sifatida rasmiylashtirilayapti.

- Biz ularni nima uchun qisqartirmasdan saqladik? Maqsad nima? Ertaga kim biladi, bolalar soni ko‘payishi mumkin, bog‘cha yetishmasligi mumkin. Shu maqsadda bizlar optimizatsiya qildik va ularni filiallarga aylantirdik. Mana, yonida 3 kilometr atrofida bog‘cha bor. Faoliyat yuritayapti. Shularga filial qilib biriktirilgan. Bu haqda tuman hokimlarining qarori bor. Hozir ba‘zi bog‘chalar yopiq turibdi, ba‘zi bog‘chalar ishlayapti filial sifatida. 7 ta bog‘cha filial bo‘ldi. Lekin ular hozir faoliyat yuritmayapti hozircha, bolalar soni kam bo‘lganligi uchun, dedi mutasaddi.

Suhbatdoshga ko‘ra, qishloq joylaridagi bog‘chalarining qisqarishiga ota-onalarning qo‘li qisqaligi sabab bo‘layapti.

- Oyliklari yetishmagani uchun bolalarini bog‘chaga bermayapti, dedi Samarqand viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasi mutasaddisi.

Samarqandning Payariq tumanida yashovchi Azimjon akaning uch farzandi bog‘cha yoshida. Lekin, Azimjon akaga ko‘ra, bog‘chaga to‘lashga puli yetmagani bois farzandlarini bog‘chaga bera olmayapti.

- Katta o‘g‘lim maktab yoshiga yetib qoldi. Uch yoshga kirganida bog‘chaga berdik. Olti oycha bordi. Lekin keyin olib qoldik. Kichkinalarim ikkalasi ham qiz. Ularni hech ham bog‘chaga bermaganman. Endi bu yog‘i mablag‘ masalasida. O‘g‘limni bog‘chaga berganimda, har oyiga 80 ming so‘mdan to‘lagandim. Bir yilda bir million so‘m bo‘ladi. Bu bizning oila uchun juda katta pul, deydi Azimjon aka.

Samarqand viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi bog‘chalarning narxi bir oyiga 72 ming 355 so‘mdan 102 ming so‘mgacha.

Hozirda Samarqand viloyati bo‘yicha jami 553 ta bog‘cha bo‘lib, ularda 50 mingga yaqin bola tarbiyalanmoqda.
XS
SM
MD
LG