Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:09

Qo‘qonlik qochoq talabalar chegarada ushlandi


Farg‘ona viloyati Furqat tumani dalalarida paxta terayotgan Qo‘qon Davlat Pedagogika institutining to‘rt nafar talabasi 11 oktyabr kuni paxtadan qochib ketayotganida Tojikiston chegarasida ushlandi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, to‘rt nafar qochoq hasharchi Qo‘qon Pedagogika instituti Pedagogika fakultetining 1-kurs talabalaridir.

“Yuqori kurslardan pul berib paxtadan qolgan talabalarning ko‘pligi hisobiga asosiy og‘irlik aynan 1-kurslar zimmasiga tushmoqda. Og‘ir mehnatdan charchagan shunday talabalardan 4 nafari 11 oktyabr kuni paxata dalasidan qochishga urinib, o‘zlari bilmagan holda Tojikiston chegarasini buzib o‘tganlar va tojik chegarachilari tomonidan qo‘lga olinganlar" deya xabar qildi voqeadan xabardor manba.

Ayni manbaning bildirishicha¸ viloyat hokimligi va huquq-tartibot idoralarining aralashuvi natijasida to‘rt qochoq talaba tojik chegarachilari qo‘lidan qutqarib olingan.

“Ushbu voqeadan so‘ng talabalarning paxta shtabi boshlig‘i Atham Abdurashidov “yurak xuruji”ga uchrab, shifoxonaga yotqizildi”, deydi voqeadan xabardor manba.

Qo‘qon Pedagogika institutining ismini oshkor qilmayotganimiz mas‘ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda talabalar orasida paxtadan qochish holatlari bo‘lganini tasdiqladi.

Biroq mas‘ul talabalarning qochib, Tojikiston hududiga o‘tib qolish holati bo‘lganini inkor qildi.

“Bu hududda bunaqa voqea umuman bo‘lmadi. Bizda bunday xabar yo‘q. Bilasizmi, chegarani qanday qo‘riqlashadi. Chegaraga yaqinlashishi bilan otib tashlaydi-yu” dedi institut mas‘uli.

Lekin suhbatdosh hozirda Atham Abdurashidov yurak xuruji tashxisi bilan davolanayotganini tasdiqladi.

“Bilasizmi, u shifoxonada emas, sanatoriyda. Unda yurak xuruji kasali oldindan bor. Bu voqeadan keyin shunday bo‘ldi deyish noto‘g‘ri” dedi mas‘ul.

Furqat tuman Ichki ishlar bo‘limining navbatchi xodimining aytishicha, Qo‘qon Pedagogika instituti talabalarining chegarani buzib o‘tgani holati militsiya bo‘limi hujjatlarida qayd qilinmagan.

Qo‘qon Pedagogika instituti talabalari Tojikiston chegarasidagi Farg‘ona viloyatining Furqat tumani dalalarida sentyabr oyi boshidan buyon paxta terayapti.

Joriy yildagi paxta mavsumida hasharchi-talabalarning sharoit og‘irligi bois paxtadan qochish holatlari bir necha bor kuzatildi.

16 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Miskin qishlog‘ida mahalliy kollej talabalari Masharip Siddiqov va Doston Amitovlar paxtadan qochaëtgan paytda poyezd tagida qolib o‘lgan edi.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani dalalarida paxta terayotgan Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat institutining paxtadan qochgan bir guruh talabalari Ozodlikka murojaat qilib, sharoit og‘irligi va ularga nisbatan domlalar tomonidan kuch qo‘llanilishi bois qochishga majbur bo‘lganliklari haqida gapirgan edilar.
XS
SM
MD
LG