Линклар

O‘sh viloyatining Novqat tumanida oilasini Afg‘onistonga majburiy tarzda ko‘chirib ketishga harakat qilgani aytilayotgan shaxs qo‘lga olindi. O‘IH a‘zosi sifatida gumonlanayotgan bu shaxs ustidan uning rafiqasi huquq-tartibot tuzilmalariga shikoyat qilgan.

O‘zbekiston islomiy harakati a‘zosi sifatida gumonlanayotgan Sarvar Yusupov Novqat tumani Mirmahmudov qishlog‘idagi uyidan chiqib borayotgan bir paytda qo‘lga olindi. Uning oldidan beshta o‘qi bor to‘pponcha va to‘qqizta ekstremistik mazmundagi disklar topilgani aytilmoqda.

- Bu fuqaro joriy yilning birinchi oktyabridan O‘zbekiston islomiy harakati a‘zosi sifatida faoliyat olib borishga harakat qilgan. Bu borada jinoyat ishi ochilib, tergov boshlandi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, Sarvar Yusupov uch bolasi va xotini Madinani majburiy tarzda Afg‘onistonga ko‘chirib ketishga harakat qilgan. Biroq xotini bunga rozi bo‘lmay, militsiyaga murojaat qilgan, - dedi Ichki ishlar vazirligining janubiy hududdagi vakolatxonasi matbuot kotibi Jenish Ashirbayev.

Bu orada voqeaning boshqa tafsilotlari ham paydo bo‘la boshladi. Yusupov qamalishidan bir kun oldin uning uyi yonib ketgan. Huquq-tartibot tuzilmalari bu ishni Yusupovning o‘zi amalga oshirganini iddao qilmoqda. Biroq Yusupovning qarindoshlari o‘yga uning xotini o‘t qo‘yib yuborgan, degan tahminni aytmoqdalar.

Sarvar Yusupovning tug‘ishgan akasi G‘ayrat Yusupov gapiradi:

- Mening ukam “Hizbut tahrir” yoki O‘zbekiston islomiy harakati a‘zosi degan gap yolg‘on. U dinga berilmagan. Hatto namozini ham o‘qisa o‘qib, bo‘lmasa o‘qimay yurgan bir bola. Bu oddiy oilaviy janjaldan boshlandi. Sarvar ayoli bilan urishib qolgan edi, xotini esa unga tuxmat qilib, militsiyaga yozib berdi. Xotini erini qamatib, uyini sotib, Rossiyaga ketib qolmoqchi edi. Maqsadiga yetolmaganidan so‘ng, uyga ham o‘t qo‘yib yubordi, - deydi G‘ayrat Yusupov.

Sarvar Yusupovning rafiqasi Madina bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi. U o‘zining ham, ota-onasiningg ham uyida yo‘q ekan.

Huquq-tartibot tuzilmalari qo‘lga olingan Sarvar Yusupov Dog‘iston, Afg‘oniston va Chechenistonda tayyorgarlikdan o‘tganini bildirmoqda. Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Novqat tumanida jami 100 dan ortiq odam ekstremistik tashkilot a‘zosi sifatida ro‘yxatga olingan ekan.
XS
SM
MD
LG