Линклар

logo-print

Tuman sudi 7 yilga kesgan Muhammadjon Buzrukovni viloyat sudi qanday qilib bir umrga ozodlikdan mahrum qilib yuborgani misolida Ozodlik muxbiri 2010 yil iyun voqealaridan keyin bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan o‘nlab o‘zbeklar qismatiga e‘tibor qaratdi.

“Ikkala yigitning ishidan ham xabarim bor. Muhammadjon Buzrukovning ishi bilan esa yaqindan shug‘ullanayapman. Lekin bu haqda gapirmang. Ismimni ham aytmang. O‘zlarini jabrlanuvchi, deb bilayotganlarning vajohatini siz bilmaysiz”.

Bu gapni bishkeklik inson huquqlari himoyachilaridan biri aytdi.

Huquqbonning chuqur tashvishga yo‘g‘rilgan bu gapi tuman sudi 7 yilga kesgan Muhammadjon Buzrukovni viloyat sudi qanday qilib bir umrga ozodlikdan mahrum qilib yuborganini tushunish uchun kalitdir.

4 farzandning otasi, 33 yashar Muhammadjon Buzrukovning 64 ga kirgan onasi Rohila opa bilan u o‘g‘li saqlanayotgan qamoqqa oziq-ovqat kiritib qaytayotgan paytda bog‘landik.

- Marshrut kelib qoldida. Hozir SIZOdan ketayotgan edim.

Ozodlik: Keyinroq telefon qilaymi?

- Yarim soat, dedi Rohila opa.

Rohila opa uyiga yetib olgunicha o‘shlik inson huquqlari himoyachisi Ravshan Gapirov bilan bog‘landik.

- Buzrukov Muhammadjon 2010 yil 16-iyun kuni uyiga bostirib kirganlardan bir bolani ushlab o‘ldirib, o‘ligini kanalga tashlab yuborgan degan ayb bilan ayblanib, odam o‘ldirganlikda va uni noqonuniy ravishda ushlab turganlikda ayblangan otasi ikkovi, dedi Ravshan Gapirov.

Ravshan Gapirovning aytishicha, Muhammadjonning o‘zi iyun voqealari paytida birovni noqonuniy ushlab turishda, otasi Muhammadaziz Buzrukov esa, odam o‘ldirganlikda gumon qilinib, 2011 yil yozida qo‘lga olinadi.

2011 yilning 1 sentyabriga o‘tar kechasi Muhammadaziz Buzrukov tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida qamoqda vafot etadi.

- Bularni birinchi kuni olib kirgandayoq ikkovini ham qattiq urushadi. Otasi endi 63ga kirgan odam. Kaltaklarning azobidan pochkalariga urilganda siya olmay qoladi. Siya olmay qiynalib, oxiri og‘rib yurib bunga meditsina yordami ham ko‘rsatilmagan. Qizlari uyidan ancha-muncha dori olib borib berishib, siya olmay qiynalib yurib oxiri SIZOda o‘lib qoldi, dedi Ravshan Gapirov.

Bu voqea o‘z vaqtida Qirg‘iziston va uning tashqarisida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, Ozodlik ham bu haqda yozgan edi.

Otaning o‘limidan so‘ng o‘g‘ilning jinoyat ishi o‘zgarib ketadi.

- Otasi o‘lganidan keyin uch sutka o‘tganda mana bu o‘lgan bolaning enasi hammasi kelib dod deb baqirishib, bizni urib, sudlanuvchini urib, uning buvisini, opalarini urib baqirib, turib olganda sudni tergovga qaytardi. Tergovda haligi ubiystvoni ham Muhammadjonga ilib, qayta sudga o‘tkazdi. O‘sha sud bo‘yicha Qorasuvda sud bo‘lib, ubiystvoni dalillasha olmay, berigisini ham o‘zi dalillasha olmagan, odamni noqonuniy ushlab turganlikda ayblab 7 yilga qamoq jazosini belgilagan edi. Ular endi oblsudga yozishib, oblsudda baqir-chaqir, to‘polon qilishib, bizni ham kirgizmay urishib, keyin oblsud sizlardan qutulsam bo‘ldimi deganday qilib bir umrga qamoq jazosini belgilab qo‘ydi, deydi o‘shlik inson huquqlari himoyachisi Ravshan Gapirov.

Rohila opa uyiga yetib borgach, juda uzoq – qariyb bir soat gaplashdik.

Opa voqea tafsilotlarini ipidan ignasigacha aytib berdi. Kuni kecha – o‘g‘li bir umrga kesilganidan so‘ng viloyat sudi raisi qabulida bo‘lganini ham aytdi.

- Sudning oldiga kirdim. To‘lo‘nbayev Aqilbek aka. Sudning predsedateliga kirdim. Hukm o‘qigan odamning oldiga kirdim. “Nimaga umrbodga kirib ketdi? Nima qilgani uchun? Tuhmatdan o‘tirganiga kirib ketdimi?” desam, qarab turib “Bolangizda umrbodga kiradigan ish yo‘q edi. Bu yerda poddavleniye bo‘ldi” dedi. Nima deyman. Sud axir poddavleniyega, davleniyega qarashi kerakmi? 30-40tasi borib davleniye qilsa, ursa, “Agar sartga sen ozodlik beradigan bo‘lsang, ustingdan yozaman” desa, sud qo‘rqishi kerakmi, deydi Rohila opa.

Rohila opadan bu gaplarni eshitgach, O‘sh viloyat sudi bilan bog‘lanishga, sudyaning fikrini bilishga urindik. Lekin buning hozircha iloji bo‘lmadi.

Rohila opa yolg‘on gapirmayotganiga ishonch hosil qilish uchun iyun voqealari munosabati bilan o‘tkazilgan sud jarayonlari to‘g‘risidagi xabarlarni, ayblanuvchilarga, ularning yaqinlari va advokatlariga, huquq himoyachilariga, sudьyalarga jabrlanuvchi tomon hujum qilganlarini eslash yetarlidir.

Ushbu maqola Muhammadaziz Buzrukovga bog‘liq ishning butun tafsilotlarini qamray olmaydi.

Maqola, aslida, o‘shlik bir ziyoli oilaning boshiga tushgan beqiyos dahshat to‘g‘risida.

Oila boshlig‘i, qamoqda vafot etgan Muhammadaziz Buzrukovni deyarli butun O‘sh tanir edi. U bir umr Davlat registri idorasida (sobiq BTI) rahbar bo‘lib ishlagan.

Suhbatdoshimiz Rohila opa bir umr o‘qituvchilik qilgan. Buzrukovlar 6 farzand ko‘rgan.

- Oltita bolam ham oliy ma‘lumotli, deydi Rohila opa.

Opaning bir umrga qamalgan o‘g‘li oliy ma‘lumotli qurilish muhandisi. Lekin o‘qishni bitirgach tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.

- Qamalguncha Muhammadjon oliy ma‘lumotli qurilish injeneri edi. U sohasi bilan ketmasdan optikani o‘qigan. Ko‘zoynak optika ochib turib, master bo‘lib ishlardi. Moskvada o‘qib kelgan edi, deydi Rohila opa.

Endi, oilamizdan putur ketdi, oilamizning nomi qoldi, o‘zi deyarli yo‘q, deb zorlanadi Rohila opa.

- Men kirib sudga aytdim. “Biz obraztsoviy oila edik. Erim ham, o‘zim ham oliy ma‘lumotliman. 40 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Xo‘jayinim 40 yil gosregistrda nachalnik bo‘lib ishlagan. Shunaqa obraztsoviy oila edik. Bizning qo‘limizdan bunaqa ishlar kelmasdi. Oldingi zamonda, Rossiya davrida xarakteristikalarga qaralardi. Qamalgan qamalmaganiga, sudlangan sudlanmaganiga qaralardi. Endi haqiqat qolmabdida” dedim. Bitta obraztsoviy oilani yo‘q qilishdi bular, deydi Rohila opa.

Rohila opa shu kunda bir umrga qamalgan o‘g‘lining 4 farzandini kelini bilan boqib o‘tiribdi.

- Kattasi 10 yoshda. Engi kichigi 4 yosh, deydi Rohila opa.

Ha, aytgancha, Buzrukovlar xonadoni uchun 2010 yil iyun voqealari ochib bergan kulfat kitobining yana bir dahshatli sahifasi bor.

- 2010 yil 12 iyun kuni 28ga kirgan bolam boshidan snayperdan o‘q yeb o‘lgan.

Ozodlik: Muhammadjonning ukasimidi u?

- Ukasi edi. Buzrukov Miraziz. 12 iyun kuni O‘nadirga qochib chiqib ketganimizda uzoqdan snayper peshonasidan urib o‘ldi. Uning ustiga o‘lgan joyida ustiga benzin quyib o‘t qo‘yib yuborishdi. Yarim badani kuygan holatda ko‘mdik biz u bolamni, deydi Rohila opa.

Mirazizning qotillari topilgani yo‘q.

Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkiloti, o‘zining kuni kecha e‘lon qilingan bayonotida qirg‘izistonlik o‘zbeklar ustidan chiqarilayotgan hukmlarni "sud xatosi" va "bu hukmlardan qasosning hidi kelmoqda", degan.

Hyuman Rayts Uotch Qirg‘iziston rasmiylaridan o‘zbeklar ustidan chiqarilgan hukmlarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan.
XS
SM
MD
LG