Линклар

logo-print

Toshkent San‘at muzeyi sensatsiyalar markazida


Paolo Veronese(1528–1588)ning Luvr muzeyida saqlanayotgan mashhur asarlaridan biri - "Kanadagi to‘y" deb nomlanadi.

Paolo Veronese(1528–1588)ning Luvr muzeyida saqlanayotgan mashhur asarlaridan biri - "Kanadagi to‘y" deb nomlanadi.

Toshkent Davlat san‘at muzeyi saqlanib kelgan suratning rang qatlami tagidan yana bir durdona asar chiqqani barobarida¸ ayni muzeyda Pikassoning 12 asari ham namoyish qilinmoqda.

Toshkent Davlat san‘at muzeyi jamlamasidagi eski rangtasvir asarini restavratsiya qilish chog‘ida¸ rasm ustidagi rang qatlami ostidan mashhur italiyalik rassom Paolo Veroneze (ital. Paolo Veronese 1528-1588) asari chiqdi.

Bu haqda Ozodlik muxbiriga O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi matbuot boshqarmasi boshlig‘i Hindol Madrahimov ma‘lum qildi.

Madrahimovning Ozodlikka aytishicha¸ Paolo Veronezening bu asarini O‘zbekistonga chor Rossiyasidagi romanovlar sulolasi vakillari olib kelishgan.

O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi bosh xazinachisi Mirfayz Usmonov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda eski rang qatlami ostidan chiqqan Paolo Veroneze asari ayni paytda yaxshi holatda saqlanayotganligini aytdi.

O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi san‘atshunosi Umida Rahimovaning Ozodlikka aytishicha¸ shu kunlarda Paolo Veroneze asari ko‘rgazma zaliga osib qo‘yilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Italiyaning Verona shahrida tug‘ilib 16-asrning birinchi yarmida ijod qilgan Paolo Veroneze Venetsiya rangtasvir maktabini eng maqbul tarzda tamsil qilgan yirik rassomdir.

- Bu rassomning asarii boshqa italiyalik rassomlar¸ jumladan Belloni asarlari qatorida O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi jamlamasi jozibadorligini oshirmoqda¸ deydi san‘atshunos.

Matryoshka uslubi haqidagi iddaolar


Ozodlik suhbatlashgan muzey rasmiylari "Paolo Veronezening asari qaysi asar tagidan chiqdi? Bu asarning haqiqatdan ham Paolo Veronezega oidligi mustaqil ekspertiza tarafidan tasdiqlandimi? Asarning romanovlarning Sankt-Peterburgdagi jamg‘armasidan Toshkentga qanday borib qolgani borasida hujjatlar mavjudmi?" degan savollarga javob bera olmadi.

1987 yildan 1992 yilgacha muzeyga direktorlik qilgan Damir Ro‘ziboyev esa Ozodlik bilan suhbatda Paolo Veroneze borasidagi gaplarda mavhumlik ko‘p ekanini ta‘kidladi.

Ismi aytilishini istamagan toshkentlik restavrator (surat ta‘mirchisi) Ozodlik bilan suhbatda noyob suratlar ko‘p hollarda ustiga zamonaviy rasmlar chizilgan holda olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq tafsilotlarni aytib berdi.

Suhbatdosh¸ “Matryoshka uslubi” deb atagan bu amaliyot chog‘ida qadimiy rasm ustiga masalan¸ Buxoro manzarasi va tuyalar surati nari beri qilib akrill bo‘yoqda chizilishini aytadi. Bunday ayyorlik esa¸ noyob asarni arzon ko‘cha surati tarzida mamlakatdan olib chiqish uchun rasman izn olishga imkon yaratadi.

Ana shunday tarzda mamlakatdan chiqib ketgan bu asar ustidagi muvaqqat bo‘yoq qatlami olib tashlanib¸ sotuvga qo‘yiladi.

O‘tgan asrning 90-yillarida bunday amaliyot ko‘p bo‘lganini aytgan ta‘mirchi¸ Paolo Veroneze asari ustiga ham ayni “Matryoshka” usulida rang chaplangan bo‘lishi mumkin¸ degan iddaoni ehtiyotli bir tarzda bildirdi.

2001 yil oxirida O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidan rus rassomlarining beshta mashhur asari o‘marilgan edi.

Ayvazovsiyga oid “Dashtda kun botishi”¸ Tropinin chizgan “Obalenskiy portreti”¸ Bryullovning “Turk qizi”¸ Kramskoyning ”Qizil durrali qiz” va Surikovning “Mergan qiz” asarlari o‘g‘irlab ketilgan edi.

Keyingi ikki-uch yilda O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidan italyan rassomi Tomazo Solari chizgan “Olma ushlagan Venera” va mashhur rassom Belloni mo‘yqalamiga mansub “Cho‘milayotgan ayol” asarlarini o‘g‘irlashga urinish bo‘lgan.

O‘zbekiston muzeylaridagi ko‘p asarlarning originallari pullanib¸ o‘rniga qo‘lbola nusxalarini qo‘yish amaliyoti ham urchigani aytiladi.

O‘zbekistondagi Tasviriy san‘at bilim yurtining ikki o‘qituvchisi muzeydagi asarlarni almashtirib qo‘yish maqsadida nusxa ishlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani ham aytiladi.

O‘zbekiston muzeylarida Pablo Pikasso¸ Vasiliy Kandinskiy kabi mashhur rassomlarning asarlari mavjud.

Bu asarlarning jahon bozoridagi narxi bir necha million dollardan oshadi.


O‘zbekiston va Pikasso


O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyida 20-asrning eng mashhur rassomi Pablo Pikassoning 12 ta asari saqlanadi.

Ayni kunlarda Toshkentdagi Davlat san‘at muzeyida “Pikasso va Kashina: Sharqu-g‘arb muloqoti “ deb nomlangan ko‘rgazma ochilgan.

Ko‘rgazmada taniqli modernist Pablo Pikassoga oid keramika asarlari namoyish qilinmoqda.

Ko‘rgazma haqida Ozodlikka ma‘lumot bergan san‘atshunos Nigora Qultashevaga ko‘ra¸ Pikasso asarlari muzey fondida 40 yildan buyon saqlanib kelgan.

Subatdoshning aytishicha taniqli frantsuz rassomi¸ Pablo Pikassoning yaqin do‘sti Fernan Leje vafot etganidan keyin uning bevasi Nadejda Leje eriga oid osori- atiqalar va suratlarni Sovet ittifoqidagi madaniyati qoloq bo‘lgan hududlarga berishga qaror qilgan.

Shunday qilib Pablo Pikasso yaratgan 12 ta sopol asar O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyiga kelib tushgan.


Tamaraxonimning ro‘moli


Pablo Pikassoning yana bir asari yaqin-yaqinlargacha Toshkentdagi Tamaraxonim muzeyida saqlab kelingan edi.

1988 yili Tamaraxonimning Moskvada yashaydigan qizi¸ rassom Vantsetta Salahova muxbiringiz bilan suhbatda Pikasso va Tamaraxonimning 1925 yil Parijdagi uchrashuvi haqida gapirgan edi.

1988 yilda KPSSning Moskvadagi qurultoyida qatnashayotgan Tamaraxonim majlisdan chiqib¸ o‘sha paytda Moskvada o‘qiydigan o‘zbek rassomlari bilan suhbatlashadi.

Suhbat ishtirokchisi bo‘lgan rassom Fatxilla Shokirovning eslashicha¸ bu muloqotda Tamaraxonim qanday qilib Pikasso o‘z portretini chizganini faxrlanib aytib bergan.

Hikoyaga ko‘ra¸ 1925 yili Parijdagi Sovet delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Tamaraxonimni ko‘rgan Pikasso "Osiyo go‘zali"ga o‘z shaydoligini yashira olmagan.

Ana shundan keyin rassom Tamaraxonim qo‘lidagi ro‘molchaga uning portretini qalin qalam (marker) bilan chizgan.

Pirovardida bu portret Tamaraxonim muzeyidan o‘rin olgan.

"Ayni paytda bu portret yo‘q¸ uning Rossiyadagi oila a‘zolari olib ketishgan"¸ deydi Tamaraxonim muzeyi direktori Zubayda Muzaffarova Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Tamaraxonim Pikasso rasm chizgan ro‘molga alohida mehr qo‘ygan. Pirovardida bu ro‘molga bag‘ishlab “Ro‘molim” degan qo‘shiq aytgan.

“Ro‘molim” qo‘shig‘i 1937 yili alohida gramplastinka tarzida 100 mingdan ziyod nusxada chiqarilgan.
XS
SM
MD
LG