Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:09

O‘zbekiston Qozog‘istonga yana qarzini to‘lamadi; Ostona tahdidni kuchaytirdi


“O‘zbekenergo” davlat hissadorlik kompaniyasi Qozog‘istonning KEGOC energetika shirkatiga 20 million AQSh dollari miqdoridagi qarzini 30 oktyabrga qadar to‘lash majburiyatini bajara olmadi. Oqibatda¸ Qozog‘iston shirkati Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimidan chiqish haqidagi ogohlantiruvni kuchaytirdi.


Toshkent lafzini yo‘qotdi


Ozodlik bilan suhbatda KEGOC - Elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha Qozog‘iston shirkati matbuot kotibi Marat Muhamedsaliyev O‘zbekiston tomoni qish arafasida to‘liq to‘lanishi kelishilgan qarzini uza olmaganini bildirdi:

- Ular tomonda qandaydir valyuta cheklovlari¸ kurs bilan bog‘liq muammolar bor emish. O‘zaro kelishuvga ko‘ra¸ to‘planib qolgan 20 million dollarlik qarz 30 oktyabrga qadar uzilishi shart edi. Ular buni yana to‘lamadilar. Aftidan qarz muammosi yil oxiriga qadar cho‘ziladigan ko‘rinadi¸ dedi 31 oktyabr kuni KEGOC rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston¸ Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimidan ko‘zda tutilmagan energiyani o‘zlashtirganlik uchun uchun haq to‘lashga oid kelishuv imzolanilgan. O‘zbekiston qarzi¸ 2011 va 2012 yillarda aynan ana shu ko‘zda tutilmagan energiya o‘zlashtirganlik hisobiga oshib bormoqda.

Har yil kuzgi-qishki mavsum boshlanishi arafasida Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimida qolayotgan bu uchala davlat rasmiylari umumiy tizimda qolish va elektr energiyasi eng ko‘p ishlatiladigan qish sovug‘ida belgilangan normalarga amal qilishga oid kelishuvni yangilaydilar.

Bu yilgi kelishuv o‘zbek¸ qirg‘iz va qozoq energetiklarining 30 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan uchrashuvida imzolanishi lozim edi.

Ammo mintaqaviy agentliklarga ko‘ra¸ Toshkentning Qozog‘istonga qarzini to‘lay olmagani va boshqa sabarlarga ko‘ra¸ seshanba kuni bu uchrashuv amalga oshmagan.


Qozog‘iston keskin qaror qabul qilish majburiyatida qoldi


KEGOC matbuot kotibining aytishicha¸ O‘zbekiston qarz muammosini cho‘zishda¸ muhimi¸ qishki mavsumda yana umumtarmoqdan kelishilganidan ortiq elektr o‘g‘irlashda davom etsa¸ Qozog‘iston Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimidan chiqish haqida yillardan beri qilib kelayotgan ogohlantiruvini bajarishga majbur qoladi:

- Agar yana ko‘zda tutilmagan energiyani o‘zlashtirish hollari kuzatilsa¸ bunday holda¸ bizning birlashgan tizimdan chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Yillardan beri bunday ehtimoldan ogohlantirib kelayapmiz¸ ammo O‘zbekiston ularni jiddiy qabul qilmayapti. Ayni paytda¸ biz texnik-texnologik jihatdan alohida rejimda ishlashga tayyormiz. Buning uchun gaz¸ mazut zahiralarimiz yetarli¸ deydi KEGOC matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbatda.


“O‘zbekiston xulq-atvoridan Qirg‘iziston aziyat chekmoqda”


“Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari” shirkati matbuot kotibi Monar Melisbek qizi Ozodlik bilan suhbatda¸ Qozog‘istonning bunday so‘nggi choraga qo‘l urishi¸ Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimidagi barcha uchun birdek ziyon ekanini aytadi.

Ayni paytda¸ qirg‘iz shirkati rasmiysi¸ O‘zbekiston tomonining hatti-harakatlari ikkala qo‘shni davlatni qish mavsumida og‘ir ahvolga solib qo‘yayotganini ta‘kidlaydi.

“Muammo o‘zbek tomonining hatti-harakatlariga borib taqaladi¸ ammo Qozog‘istondan Birlashgan energotizimdan chiqmaslikni iltimos qilayotgan¸ hatto yalinib-yolvorayotgan biz bo‘lamiz”¸ deb davom etadi Monar Melisbek qizi:

- Biz birlashgan energotizimdan o‘z elektrimizni tranzit qilish uchun foydalanamiz¸ buning uchun O‘zbekistonga haq to‘laymiz. Qozoq tomonining bizga hech qanday e‘tirozi yo‘q. Hamma e‘tiroz¸ O‘zbekistonning ruxsat so‘ramasdan umumiy tizimdagi energiyani o‘zlashtirib kelayotgani va buning uchun pul to‘lamayotgani bilan bog‘liq. Qozog‘iston bunga javoban birlashgan tizimdan chiqish bilan po‘pisa qilmoqda. Agar qozoqlar bu tizimdan chiqsa¸ eng ko‘p ziyon Qirg‘izistonga yetadi – mamlakatning 40 foiz hududi butunlay svetsiz qoladi.

Shuning uchun biz qozoq tomonidan bu tizimdan chiqmaslikni so‘rab kelayapmiz¸ deydi “Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari” shirkati matbuot kotibi.

Qirg‘iz rasmiysiga ko‘ra¸ 30 oktyabr kuni Toshkentda uchala davlat energetika shirkatlari rasmiylari tomonidan Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimida qolishga oid yangi kelishuv va majburiyatlar imzolanishi lozim edi. Ammo bu reja amalga oshmay qoldi.

"Endilikda bu masalaning kelasi hafta uch davlat Energetika vazirlari darajasida muhokama qilinishi kutilmoqda"¸ deydi “Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari” shirkati matbuot kotibi.


Qozog‘iston birlashgan tizimdan chiqsa¸ O‘zbekiston qorong‘ulikka cho‘kadi


O‘zbekistonning kelishuvda ko‘zda tutilmagan elektroenergiyani o‘zlashtirgani bilan bog‘liq jiddiy muammo 2012 yil yanvarida keskinlashgan va o‘shanda ham Qozog‘iston Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimidan chiqish bilan tahdid qilgan edi.

Ammo uchala tomon rasmiylari o‘tkazgan qator favqulodda uchrashuvlarda Toshkent va Bishkek Ostonadan bu qarordan qaytishni so‘ragan¸ 1 fevral kuni “O‘zbekenergo” o‘z qarzini 25 fevralga qadar uzishni va‘da qilgan edi.

Hozirga qadar O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonga elektr uchun qarzini nima uchun kelishilgan vaqtda to‘lay olmayotgani¸ shuningdek¸ nima uchun har qish mavsumida birlashgan mintaqaviy tizimdan energiya o‘g‘irlashiga oid biror izoh bergan emas.

31 oktyabr kuni ham o‘zbek shirkatidan muammoning yangi davrga kirgani yuzasidan sharh olishning imkoni bo‘lmadi – “O‘zbekenergo” rasmiy saytida murojaat qilish uchun berilgan telefon raqamlari faks bo‘lib chiqdi¸ matbuot xizmati telefoni go‘shagini ko‘taradigan odam topilmadi.

Agar O‘zbekiston Qozog‘iston bilan elektr energiyasi iste‘moli bilan bog‘liq muammo yuzasidan yechim topib¸ qarzini to‘lashga kirishmasa¸ Qozog‘iston nihoyat mintaqaviy tizimdan mustaqil holda ishlashga o‘tishi mumkin.

Bunday vaziyatda¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi energetik bo‘hron yanada kuchayib¸ mamlakat¸ xususan poytaxt Toshkentdagi ko‘p ob‘ektlar va turar-joy binolari svetsiz qolishi mumkin.
XS
SM
MD
LG