Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:18

Paxtakor hasharchilar mahalliy o‘smirlar tomonidan kaltaklandi


Shu yilning 29 oktyabriga o‘tar kechasi Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Guliston fermerlar uyushmasiga qarashli dala shiyponlaridan birida viloyatning Kitob tumanining Iqtisod va Sanoat kollejlaridan paxta terimiga kelgan hasharchilar va mahalliy o‘smirlar o‘rtasida mushtlashuv bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Nishon tumanida istiqomat qiluvchi manbaga ko‘ra, mushtlashuv qishloq bolalaridan birining hasharchi talabalar tomonidan kaltaklanganidan so‘ng sodir bo‘lgan:

- Shanba kuni kechki payt bizning qishloq bolalaridan birining ukasi Azamat degan bola ko‘chadan o‘tib ketayotgan bo‘lgan. Keyin hasharchilar bu bolani izdevatsya qilgan, urgan. Keyin haligi bola akasiga aytgan. Akasi va yana ko‘plab bolalar, taxminan 25 kishi hasharchilar turgan shiyponga bostirib borgan. Bolalarning bir xili mast bo‘lgan. Barakdan qizlarni chiqarib yuborganda, talabalar bilan domlalarni qamab urgan, deydi bu manba.

Suhbatdoshga ko‘ra, mushtlashuv natijasida bolalarni ajratishga uringan bir qizning yelka suyagi singan, ikki talabaning esa armatura zarbidan boshi yorilgan. Jarohat olgan bolalar tuman kasalxonasiga yotqizilgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘sha kuni Nishon tumani IIBning maxsus otryadi Balxiyak qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 25 nafar o‘smirni hibsga olgan.

Nishon tumanidagi Balxiyak qishloq fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori Sharofiddin Normamatov ham Ozodlik bilan suhbatda talabalar va qishloq yigitlari o‘rtasida shunday janjal bo‘lganini tasdiqladi:

- Talabalar va qishloq yigitlari o‘rtasida oddiy kelishmovchilik bo‘lgan. Lekin og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda bu voqea yuzasidan teshiruv ishlari olib borilmoqda, deydi uchastka noziri Sharofiddin Normamatov.

Nishon tumani Sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham shanba kuni tan jarohati olgan talabalar shoshilinch tibbiy markaziga tushmaganligini aytdi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, tuman hokimligi qoshidagi Voyaga yetmaganlar bo‘yicha komissiya va tuman paxta shtabi mutasaddilari yaqin orada Balxiyakda bu hodisa bo‘yicha maxsus yig‘in o‘tkazadi.

Mamlakat prezidenti paxta rejasi bajarilganini 20 oktyabr kuni e‘lon qilgan va paxtakorlarni bu muvaffaqiyat bilan tabriklagan bo‘lsa-da, viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari, kollej-litseylar talabalari hanuz paxta dalalarida qolmoqda.

8 oktyabr kuni 1994 yilda tug‘ilgan va Shahrisabz tumanining Taraxli ko‘chasida istiqomat qilgan Navro‘z ismli yigit paxatdan kasal bo‘lib qaytganda, tuman militsionerlari uni paxtadan qaytgani uchun kaltaklab o‘ldirishgan edi.

Bunga qadar 30 sentyabr kuni Jizzax shahridagi San‘at kollejining 2-kursida tahsil olayotgan 18 yashar Aziz Baxtiyorov paxta terayotgan paytda kutilmagan yurak xurujidan dalada vafot etgani xabar qilingan edi.

17 sentyabr kuni esa Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida toshkentlik hasharchi-terimchi 55 yoshli Igor Yachkevskiy olamdan o‘tgani, uning ham yurak xurujidan vafot etgani aytilgan edi.

16 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Miskin qishlog‘ida mahalliy kollej talabalari Masharip Siddiqov va Doston Amitovlar paxtadan qochayotgan paytda poyezd tagida qolib o‘lgan edi.

30 sentyabr kuni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani kasalxonasiga olib kelingan toshkentlik hasharchi ham vafot etgan edi.

Bu yilgi paxta terimiga maktab o‘quvchilarini chiqarishni taqiqlagan O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari hamda oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ommaviy ravishda paxtaga safarbar qilgan.
XS
SM
MD
LG