Линклар

Toshkent Davlat Agrar universiteti paxta terimiga chiqmagan talabalarni o‘qishdan haydash haqida buyruq hozirlamoqda. Ozodlikka kelgan bu xabarni universitet mas’ullaridan biri tasdiqladi.

Toshkent Davlat Agrar universitetining paxta terimida qatnashmagan talabalarini muqarrar jazo kutmoqda.

Bu haqda Ozodlikka Toshkent Davlat Agrar universitetining ismi sir qolishini so‘ragan talabasi xabar berdi.

Talabaning aytishicha, rektorat paxta terimiga bormagan talabalarni qarzdorlar qatoriga kiritib, ularni uch oylik stipendiyadan mahrum qilish to‘g‘risida ham buyruq tayyorlangan.

- Shu vaqtga qadar paxta terimi vaqtida kuratorimga pul berib terimga bormasdim. Bu yil paxta terimidan qolish uchun kuratorim 300 AQSh dollari miqdorida pul so‘radi. Pu ham bermadim¸ paxtaga ham bormadim. Paxta terimi tugab dars boshlanishi bilan domlalar turli xil haqorotomuz so‘zlar bilan kamsitib kelmoqda. Alam qiladigani¸ paxtaga bormaganim uchun qarzdor talaba sifatida stependiyamning ikki oyligi kuyib ketadigan bo‘ldi, deydi ovozini eshittirmaslik sharti bilan gapirgan bu talaba.

Ayni paytda¸ bu talaba unversitet ma’muriyatining paxta terimiga sababsiz bormagan talabalarni o‘qishdan haydash haqida buyruq tayyorlanayotganidan bexabar ko‘rinadi.

Ozodlik bilan ovozini eshittirmaslik va ismi sir qolishi sharti bilan gaplashgan universitet mas’ulining aytishicha, paxtaga sababsiz bormagan talabalarni stipendiyadan mahrum qilish emas¸ ularni o‘qishdan butunlay haydash haqida buyruq hozirlangan:

- Bizlarda paxta degani, bu amaliyotga ketadi, ya’ni soat ketadi. Bu dars hisobida ketadi.

Ozodlik: Talabalar faqat paxta teradiku yoki paxtada dars ham bo‘ladimi?

Domla: To‘g‘ri, paxta teradi. Agar bu darsga ketmasa bu talabani qanday qilib paxtaga olib chiqasiz, ayting.

Ozodlik: Qanday bahona bilan demoqchimisiz?

Domla: Ochig‘i shunday, qaysi bahona bilan. Mana siyosatni bilasiz. Bu payt hech kim hech kimni kechirmaydi-a, bilasiz-a? Bitta bola uchun u erda rektor ham, prorektor ham, dekan ham qancha tikka turadi. Talaba paxtaga bormasa¸ talabalar safidan chiqariladi, paxta amaliyotiga qatnashmagani uchun.

Ozodlik: Amaliyot deyapsiz, endi sizlar tayyorlaydigan mutaxassis qishloq xo‘jaligi uchun kerak bo‘ladigan bo‘lsa, nega to‘laqonli amaliyot o‘tkazmaysizlar. Ertadan to kechgacha talabaning paxta terishi qanday amaliyot bo‘lishi mumkin. Bu erda mantiq qani?

Domla: Bolalar paxtani chopig‘ida ham boradi, yaganasida ham boradi. Bu birinchi yil emas. Universitet paydo bo‘ptiki¸ bu narsa kelyapti. Bundan keyin ham bo‘ladi bu narsa. Lekin paxta terimiga bormagan bo‘lsa, sababini ko‘rsatsin.

Ozodlik: Shoshmang domla, amaliyot bilan majburiy mehnat o‘rtasida farq bo‘lsa kerak, bundagi mantiqni tushuntirib bering.

Domla: Bu siyosatku, bu siyosat. Bu yil ko‘rdingiz, bir student emas, butun duxturxonalar, butun shahar hamma chiqib ketdiku. Keling yomg‘ir yog‘masdan, bir tola ham qolmasdan hammasini terib olaylik, bu boyligimiz deganiku. Domlalar talabalardan iltimos qilishdi, bolalarim boraylik tezda, qaytib kelamiz deb. Endi bu savolingizga bilmadim qanday javob beraman, bu siyosat bo‘lsa...

Ozodlik: Demak, paxta terimi “amaliyoti”dan qolgan talabalar o‘qishdan haydaladimi endi?

Domla: Bu erda paxtaga sababsiz bormaganlar haqida gap ketyapti. Mana, aytaylik bir bola paxtadan qolib jinoyat sodir qildi. Ertaga prokuror keladida, nega bu paxtaga bormadi, nega bunga qaramading, deydi. Nimaga siyosatga qarshi chiqdilaring desa, kim gapiradi? Shuning uchun, paxtaga hamma borishi kerak, sabablisi bo‘lsa marhamat, kasalligi haqida spravkani taqdim etsin, deydi Toshkent Agrar universitetining ismi sir qolishini so‘ragan mas’uli.

Hozircha bu yilgi paxta terimiga tibbiy vajsiz borishdan bosh tortgan talabalarni o‘qishdan haydash amaliyotining yana qaysi oliy o‘quv yurtlarida qo‘llaninalayotganiga oid xabarlar yo‘q.

Ozodlik bu jarayonni kuzatishda davom etadi.

Bunday holatlarga oid xabarlar bo‘lsa¸ sharh katakchasida yozib qoldiring¸ yoki OzodSkype, OzodlikOnline hamda ErkinMikrofon Skype manzillariga qo‘ng‘iroq qilib¸ xat yozing.
XS
SM
MD
LG