Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:49

Toshkentda dizel yonilg‘isi taqchillashdi


Toshkentdagi dizel yonilg‘isi sotadigan yonilg‘i quyish xususiy shoxobchalariga solyarka umuman berilmay qo‘ydi. “UzGazOil” shoxobchalarida ham dizel yonilg‘isi tortilib qoldi. Bu shoxobchalarning ba’zilarida solyarka faqat oldindan shartnoma tuzgan korxonalar avtomobillariga kartochka orqali berilyapti.

Ozodlikka bu xabar o‘z mobil muxbiridan etib keldi:

“Hozirda Toshkentda dizel yonilg‘isi muammo bo‘lmoqda. Xususiy zapravkalarda umuman solyarka yo‘q. Faqatgina “UzGazOil”ning 1-2 zapravkasidagina oldindan shartnoma qilib¸ "GazOil" plastik kartasiga pul tushirib qo‘ygan korxonalar mashinalariga onda-sonda 50 litrdan quyib berishyapti. Qo‘lda sotilayotgan yonilg‘ining litri 2500 so‘m, agar tora olsa. Yonilg‘i ortidan uchta avtobus saroyi direktorlari tergov qilinayapti. 3-12 avtobus saroylari direktorlari hozirda hibsda”.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Toshkentdagi qator xususiy va “UzGazOil” AYoQShlari xodimlari olti oydan buyon dizel yonilg‘isi olmaganlarini bildirdilar:

- Biz olti oy bo‘ldi solyarka sotmaganimizga, shaharga umuman solyarka bermayapti, deydi “Intrian service” MChJga qarashli AYoQSh operatorlaridan biri.

“Masterclassoil” MChJ ga qarashli AYoQSh operatori bazaning o‘zida ham solyarka yo‘qligini bildirdi:

- Hozir yo‘q, anchadan beri sotmayapmiz. Bazada yo‘q ekan, deyishayapti, deydi AYoQSh operatori.

“Sharq Azimeks guruh” MChJga tegishli AYoQShlardan biri operatoriga ko‘ra, ularga ham bir yildan buyon solyarka berilmagan:

- Yo‘q, yo‘q, yo‘q, solyarka kelmaganiga bir yildan oshdi. Bundan boshqa umid bo‘lmadi shekilli¸ solyarka rezervuarlarimizni 80-benzinga almashtirdi, xo‘jayinlar, deydi AYoQSh operatori.

“UzGazOil”ning Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi AYoQShlari operatorlari ham dizel yonilg‘isi yo‘qligini bildirishdi. Ayrim shoxobchalarda sotilayotgan sloyarka ham¸ aytilishicha¸ faqat “UzGazOil” plastik kartochkalariga ega bo‘lgan shaxslargagina sotilmoqda:

- Yo‘q, yo‘q, aka. "GazOil" kartochkaga faqat beryapmiz, boshqaga yo‘q, deydi “UzGazOil” operatorlaridan biri.

Ozodlik muxbiri Toshkentda dizel yonilg‘isi taqchillashgani sabablarini o‘rganish maqsadida “O‘zneftmahsulot” hissadorlik jamiyatiga qo‘ng‘iroq qildi. Jamiyat Jamg‘armalar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Toshkentda dizel yonilg‘isi taqchillashganini tan oldi. Taqchillik sababi¸ mulozimga ko‘ra¸ solyarkaning asosiy qismi qishloq xo‘jaligidagi kuzgi ekin-tikinlar uchun sarflanayotgani bilan bog‘liq:

- Dizel yonilg‘isining sal tanqisroq bo‘lib qolgani sababi, hozir, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi bu bilan ta’minlanayapti, lekin solyarka yo‘q bo‘lgan emas, bor, dedi “O‘zbneftmahsulot” mulozimi.

Ozodlik muxbiri dizel yonilg‘isi taqchilligi sababini o‘rganish maqsadida “UzGazOil” idorasiga ham qo‘ng‘iroq qildi. Biroq “UzGazOil” mulozimlari Ozodlik so‘zini eshitishi bilan go‘shakni ilib qo‘yishdi.

"UzGazOil" xodimlariga xorijiy ommaviy axborot vositalari muxbirlari bilan gaplashmaslik haqida jiddiy ko‘rsatma berilganini yozgan ushbu korxonaning ismi sir qolishini so‘ragan xizmatchisi¸ Ozodlikka yozgan maktubida dizel yonilg‘isi taqchillashgani sabablariga ham oydinlik kiritgan :

“Bir necha kuni oldin UzGazOil rahbarlari majlis qilib, Ozodlik sahifalarida UzGazOil bilan bog‘liq maqola chiqqanini muhokama qilishdi. Bu majlsida korxona rahbarlariga va mas’ul xodimlariga ehtiyot bo‘lishlari ta’kidlandi. Ommaviy axborot vositalariga korxona siri haqida ma’lumot bergan odam ishdan bo‘shatilishi haqida noqonuniy ravishda tilxatlar olindi.

Dizel yonilg‘isi korxona rahbariyati buyrug‘isiz hech kimga sotilmasligi buyurildi. Hozirda dizel yonilg‘isi tanqis. Aniq ma’lumotlarga tayanib shuni aytish mumkinki, dizel bir necha Uzgazoil shoxobchalarida faqat rahbariyatning tanish-bilishlarigina sotmoqda. Dizel yonilg‘isi korxona rahbarlari tomonidan davlat narxidan ancha baland narxda sotilmoqda. Hozir benzin ham taqchillashib bormoqda”, deb yozdi o‘z xavfsizligi bois ismi-sharifi sir qolishini istagan UzGazOil mulozimi.
XS
SM
MD
LG