Линклар

Qirg‘izistonning Qorasuv shahri markazida joylashgan bozor yaqinidagi umumiy hojatxonaning poli o‘pirilib ketishi natijasida 4 kishi nobud bo‘ldi, 12 kishi tan jarohati oldi.

Shanba kungi baxtsiz hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan qorasuvlik Hayotbekning aytishicha, mazkur voqea tushdan keyin sodir bo‘lgan.

- Kecha bozorning Bishkek stoyankasidagi hojatxonaga kirib ketayotgandim. Pochti kirib qolgandim hojatxonaga. Birdan qasir-qusur, baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Ichkariga yugurib kirsam, hojatxona polining o‘rtasi yorilib ketgan ekan. Men ko‘rgan odamlar 10-12 ta bor edi. Men oyoqlarimni betonga qo‘yib, pastga tushib, ular ichidan uch-to‘rttasini chiqarib oldim. Ular orasida 10 yashar bir bola, ikki-uch xotin bor edi. Chiqarib olinganlar orasida oyoq-qo‘li ishlamay qolgani ko‘p, butun chiqqani kam bo‘ldi. Bir-ikkitasi o‘zi yurib chiqib ketdi, qolganlarining oyog‘i singan, boshi yorilgan – shunaqa holatda chiqdi, - deydi Qorasuv bozorida savdo qiladigan Hayotbek.

“Afsuski, hojatxona ichidagilarning hammasini ham qutqarib qololmadik”, deya so‘zida davom etadi Hayotbek.

- Men ko‘zim bilan ko‘rganim – bittasini tortib chiqarolmay qoldim, kirib ketib qoldi ichkariga... Cho‘kib ketib qoldi... Qo‘lidan tortdim-tortdim, chiqarolmay qoldim, kuchim yetmadi. Oyog‘ining tag tomonini beton qisib qolgan ekan, qutqarolmay qoldim, - deydi Hayotbek.

Oradan bir muncha vaqt o‘tib voqea joyiga yetib kelgan Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bu yerda tungi soat 2 gacha cho‘kkan odamlarni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

- Tungi soat birdan besh daqiqa o‘tganda birinchi murda topildi. Keyin oradan besh-o‘n daqiqa o‘tmay qolganlari ham topila boshladi. Soat 2 dan o‘tganda oxirgi murda ham topildi. Ularning uch nafari ayol, biri erkak. Ularning shaxsi, qayerlik ekani ham aniqlandi. Nobud bo‘lganlar ichida chet elliklar yo‘q, hammasi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lib chiqdi, - dedi Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Abdisharip Bekilov yakshanba kuni tushga yaqin qidiruv ishlari to‘xtatilganini qo‘shimcha qilarkan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, kecha qutqarilgan 12 kishining olti nafari kasalxonaga yetkazilgan. Ular orasida 6 yashar bolakay ham borligi aytilmoqda.

Markaziy Osiyodagi yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan Qorasuv bozori oldidagi 40 o‘rinli hojatxonani 2003 yili marhum deputat Bayaman Erkinbayev qurdirgan ekan. 2007 yilda hojatxonani mahalliy tadbirkor Musa Abishev sotib olgan bo‘lib, o‘shandan buyon uni tadbirkorning xotini Arzigul To‘lo‘nova ishlatib kelgan. Chuqurligi 5, eni 6, uzunligi 40 metr bo‘lgan hojatxona pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, pastiga tsement quyilgan ekan.

Ayni paytda kechagi fojea bo‘yicha qorasuvliklar orasida turli taxminlar urchigan. Shulardan birini mahalliy savdogarlardan biri Muzaffarjon aytdi.

- Bir oylar oldin hidni tortib oladigan motor o‘rnatib qo‘ygandi. Bu motor vibratsiya qilib, dirillatib ishlab turuvdi. Shu hammayoqni bo‘shatib, shuning orqasidan ketdi shekilli, deb o‘yladim o‘zimcha, - deydi Muzaffarjon.

Boshqa bir savdogar Dinara esa hojatxonada yoriqlar bo‘lganini aytadi. Biroq hojatxona egalari bu ayblovlarning barchasini rad etmoqdalar.

4 noyabr kuni voqea joyiga Qirg‘iziston bosh vazirining o‘rinbosari Tayirbek Sarpashev va Favqulodda vaziyatlar vaziri Qubatbek Bo‘ro‘nov kelib, ahvol bilan tanishgan. Biroq hukumat mas‘ullari hodisadan jabr ko‘rganlar va yaqinlarini yo‘qotganlarga davlat tomonidan yordam berilish-berilmasligini aytmaganlar.

Bosh vazir o‘rinbosarining topshirig‘iga ko‘ra, keyingi haftadan Qorasuvdagi barcha jamoat joylari xavfsizligi tekshiriladigan bo‘ldi.

Hozirda Qorasuv bozori vaqtincha ishlamayapti. Ayni paytda 4 kishi nobud bo‘lgan hojatxonadagi hodisa yuzasidan hozircha jinoiy ish ochilmagani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG