Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:40

Kapitan Qoraboyev: Meni qirg‘izistonlik, deb bo‘shatdilar


O‘zbekiston Qurolli Kuchlaridan o‘shlik bo‘lgani uchun bo‘shatilgan kapitan Alisher Qoraboyev 4 yildan beri ishsiz. Bu haqda Ozodlikka o‘tgan hafta oxirida o‘zbekistonlik huquq himoyachilari xabar qildi. Muxbirimiz 1978 yilda tug‘ilgan kapitan Qoraboyev bilan bog‘lanib, xizmatdan bo‘shatilishi tafsilotlarini surishtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rasmiysi esa, Qoraboyev bilan bog‘liq ish tafsilotlarini o‘rganishga va‘da berdi.


Alisher O‘shda tug‘ilgan


- Men Qoraboyev Alisher To‘lqinjonovich. 16 noyabr 1978 yilda O‘sh shahrida tug‘ilganman, deb o‘zini tanishtirishni boshladi kapitan.

Alisher otasi To‘lqinjon akaning kasbini tanlagan. To‘lqin Qoraboyev Sovet davrida Rossiya hududida xizmat qilgan. Lekin Toshkent u kishiga ham o‘gay bo‘lmagan.

- Dadam Toshkentda harbiy uchilisheni bitirib, endi u paytda SSSR ediyu, napravleniye bilan shu yoqda xizmat qilardi, deydi Alisher.

Alisherning bolaligi otasi xizmat qilgan Rossiyada o‘tdi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yili Qoraboyevlar oilasi O‘zbekistonga ko‘chib keladi.

Hukumat taklifi


Hikoyaning shu joyiga diqqat qiling:

- Bizlarga O‘zbekiston Mudofaa vazirligidan dadamning nomiga telegramma keldi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga kelib keting besedaga deb. Dadam keldi. Dadam kelsa, u payt dadamga aytishdi hozir mustaqillik bo‘ldi bizlarda, ofitserlar yetmayapti, ko‘pincha ofitserlar ketib qoldi, siz kelib O‘zbekistonda xizmat qiling, Toshkentda voyenniy uchilisheni bitirgan ekansiz deb. Keyin 1992 yil fevral oyida dadam bu yerga kelgan xizmat qilishga, deydi Alisher.

1992 yili Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan podpolkovnik To‘lqin Qoraboyev Mudofaa vazirligining taklifini qabul qilib, 1992 yilning fevralida O‘zbekistonga keladi va bu mamlakat Qurolli Kuchlari safidagi xizmatini boshlaydi. (Sanani eslab qoling – muhim)

To‘lqin Qoraboyev O‘zbekiston armiyasida 12 yil xizmat qilib, polkovnik unvoni bilan iste‘foga chiqdi.

Otasi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelganida 1978 yilning 16 noyabrida tug‘ilgan Alisher hali 14 ga kirmagan edi. (Bu ham muhim)

Alisher avval O‘zbekistonning harbiy litseyida o‘qidi


Oradan bir yil o‘tgach, Alisher ota kasbini tanlab Respublika harbiy litseyiga o‘qishga kiradi.

- Suvorovskiy uchilishe deyiladi u. 1993 yilda kirib 1996 yilda bitirdim, deydi Alisher.

Harbiy litseyni bitirgach harbiy bilim yurtda o‘qidi


- 1996 yil men Tashkentskiy visshiy obshchevoyskovoy komandnoy uchilishega kirdim. 2000 yil bitirdim. Menga leytenant unvonini berishdi, deydi Alisher.

Leytenant Qoraboyevni xizmatga ham qabul qilishdi.

- 2000 yildan 2008 yilgacha men O‘zbekiston Mudofaa vazirligida ishladim. Oxirgi unvonim kapitan, deydi Alisher.


Kontrakt buzildi


Kapitan Qoraboyevning muammolari navbatdagi harbiy unvonni kutayotgan paytda paydo bo‘ladi.

- 2008 yil mayor unvonini olishim kerak edi. U payt menga vipiska keldi chto menda O‘zbekiston fuqarosi yo‘q deb meni ishdan bo‘shatib yuborishdi.

Ozodlik: Qo‘lingizda O‘zbekiston fuqarosi degan pasport bo‘lganmi?

- Yo‘q, bo‘lmagan. Voyenniylarda pasport bo‘lmaydi. Udostovereniye lichnosti ofitsera bo‘ladi. Voyenniy uchilisheda voyenniy bilet bo‘ladi.

Ozodlik: Siz O‘zbekiston fuqarosi emasmisiz?

- Hozir shunaqa chiqayapti. Zakonlarni o‘qisak, men O‘zbekiston fuqarosiman, deydi Alisher.

Kapitan Qoraboyev aytayotgan qonunga biroz turib to‘xtalamiz.

Hozir esa, navbatdagi savol.

Ozodlik: Sizni harbiy xizmatdan bo‘shatib yuboryoatganda nima deb tushuntirishdi?

- Menga o‘zi 2006 yil men bilan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kontrakt tuzdi besh yilga. Kontrakt o proxojdenii voyennogo slujba ofitserskom sostavom deb. 2008 yilda kontraktni buzib meni ishdan bo‘shatib yuborishdi. Sababi menda O‘zbekiston fuqarosi yo‘q deb.

Ozodlik: Shunaqa deb qo‘lingizga qog‘oz berishdimi?

- Vipiskam bor. U yerda yozilgan rastorjeniye kontrakta po initsiative odnoy storon. Men undan keyin obrashatsya qilganman organlarga. Hamma joydan menga rasmiy qog‘oz kelgan chto sizda O‘zbekiston fuqarosi yo‘q deb.

Ozodlik: Men o‘zbekman demadingizmi?

- Aytdim. Hamma joyga yozdim. Men o‘zbekman, shuning uchun xizmat qildim. Agar uchilishe bilan birga hisoblasak, menda 12 yil xizmatim bor armiyada. Hamma joyga yozdim. Meni nima uchun bo‘shatib yuborishdi, menga tushuntirib beringlar, desam, hech kim tushuntirmayapti, dedi 4 yildan beri ishsiz yurgan kapitan Qoraboyev.

Mudofaa vazirligi nima dedi?

Alisher Qoraboyevning muammosi yuzasidan O‘zbekiston mudofaa vazirligi Kadrlar boshqarmasi bilan bog‘landik.

Boshqarmaning o‘zini “navbatchiman”, deb tanishtirgan xodimi savollarimizga javob berdi.

Navbatchining aytishicha, Alisher Qoraboyevning qo‘lida fuqarolik pasporti yo‘q ekanligi hayron qoladigan holat emas.

- Pasporti bo‘lmasligi mumkin.

Ozodlik: Mumkin-a?

- Mumkin, da. Unaqalar bor. O‘sha vaqtda u harbiy litseylarga kirgan. Undan pryamoy o‘tgan i shu bilan harbiy bilet bilan kelavergan.

Ozodlik: Defakto O‘zbekiston fuqarosi bo‘ladida u.

- Ofitsialno ular xat yozishi kerak bo‘lganda ular prezident nomiga murojaat qilib. Bu bo‘yicha hozir danniylarni so‘rab berishimiz mumkin. Oldin o‘rganishimiz kerak qachon nima bo‘lgan. Chunki bizda danniylar borku.

Ozodlik: Printsipda O‘zbekiston fuqarosi emassiz deb xizmatdan bo‘shatib yuborishinglar mumkinmi?

- Bitta u bilan menimcha bo‘lmaydi. Chunki boshqa narsalar ham bo‘lgandir. Balki aytmagandir. Bilmadim u narsani. Shuning uchun uni ko‘rib chiqishimiz kerakda oldin arxivdan.

Ozodlik: Men Alisherdan “Sizga o‘xshagan O‘zbekiston fuqarosi emassan deb bo‘shatilganlardan yana bormi?” deb so‘rasam, “Ha, bor. 5-6tasini taniyman” dedi. Demak, bu Mudofaa vazirligidagi siyosat bo‘lib chiqayapti. Shunday siyosat bormi?

- Unisini bilmadim lekin. Buyruq bo‘lishi mumkin, lekin xizmatga borish uchun O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi shart. O‘qishga kiradi, harbiy xizmatga boradi.

Ozodlik: SSSRdan meros qolgan fuqarolar bo‘lsachi?

- Ular o‘tadida baribir. Xat bilan chiqadi prezident nomiga, deydi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Kadrlar boshqarmasi xodimi.


Qonun nima deydi?


“O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunni mamlakat prezidenti 1992 yilning 2 iyulida imzolagan.

Ma‘lumki, qonunlarning kuchi ular qabul qilingan kundan oldingi davrga ta‘sir qila olmaydi.

Kapitan Qoraboyev haqiqat izlar ekan, masalaning aynan shu jihatiga e‘tibor qaratishimizni so‘radi.

Ya‘ni uning otasi podpolkovnik To‘lqin Qoraboyev O‘zbekistonga bu mamlakat Hukumati taklifiga binoan (mudofaa vazirligi timsolida) 1992 yilning fevralida, fuqarolik to‘g‘risidagi qonun imzolanishidan kamida 4 oy oldin kelgan.

Demak, podpolkovnik Qoraboyev ilgari SSSR fuqarosi bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklar kabi avtomatik tarzda O‘zbekiston fuqarosiga aylanishi mumkin edi. (Qonunning 4-moddasiga qarang)


O‘zbekiston uchun o‘gay oila


Kapitan Qoraboyevning aytishicha, uning otasi, mustaqil O‘zbekiston armiyasiga 12 yil xizmat qilgan iste‘fodagi polkovnik To‘lqin Qoraboyev ham rasman O‘zbekiston fuqarosi emas. Uning qo‘lida “fuqaroligi yo‘q shaxs”, degan hujjat bor.

Alisherning onasi fuqarolik so‘rab murojaat qilganiga 5 – 6 yil bo‘lib qoldi. Javob hanuzgacha yo‘q.


“Ilojim yo‘q boshqa!”


4 yildan beri ishsiz yurgan kapitan Alisher Qoraboyevdan tirikchiligi qanday o‘tayotganini so‘radik.

- Tirikchilik ko‘chada. Onam pensiya oladi. Men qayerdadir vaqtincha ish topaman. Stroykadami bir joyda ish topib shunday ishlab ozgina pul topib oilani boqayapmiz.

Ozodlik: Mana siz Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq masalani chiqarayapsiz ommaviy axborot vositasiga. Ertaga problema bo‘lishidan qo‘rqmaysizmi?

- Endi shunchadan beri yura olayapman. Uje qo‘rqmayapman. Nima qilaty. Ilojim yo‘q boshqa, deydi Alisher.
XS
SM
MD
LG