Линклар

logo-print
2012 yilgi AQSh prezident saylovi poygasi misli ko‘rilmaganda tig‘iz bo‘ldi. Saylov oldidan o‘tkazilgan so‘rovlar iqtidordagi prezident Barak Obama va da’vogar Mitt Romnini qo‘llab-quvvatlayotgan saylovchilar soni deyarli teng ekanini ko‘rsatdi.

Lekin AQSh prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovchilar emas, har bir shtatdan tayinlangan elektoral hay’at tomonidan saylanadi. Bu esa, saylov kutilmagan natija bilan yakunlanishi ehtimolini oshiradi.

Har bir shtat uchun ajratilgan elektoral ovoz, ya’ni vakil soni mazkur shtatning Kongressdagi jami a’zolari soniga ko‘ra belgilanadi. Masalan, Virjiniya shtatidan AQSh Senatida 2 a’zo va Vakillar palatasida 11 a’zo bo‘lgani uchun, bu shtat elektoral hayati a’zolari 13 kishidan iboratdir.

Ikki nomzod jami 538 elektoral ovoz uchun kurash olib boradi, ya’ni bular 50 shtatdan Kongressdagi vakillar soniga ko‘ra 535 ovoz va AQSh parlamentida vakillari bo‘lmagan poytaxt Vashington, ya’ni Kolumbiya okrugidan 3 vakil ovozidir. Saylovda g‘alaba qilish uchun nomzod 270ta yoki undan ko‘proq ovoz olsa bo‘ldi.

Aksar shtatlarda nomzod 50 foizdan ko‘proq saylovchilar ovozini olsa bo‘ldi, elektoral ovozlarning barchasi shu nomzodning foydasiga beriladi.

AQShda prezident saylovi an’anasiga ko‘ra, muayan shtatlar demokrat yoki respublikachi nomzodni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois aksar hollarda yakuniy natija u yoki bu nomzodni aniq dastaklamaydigan shtatlar, ya’ni “og‘machi shtatlar”dagi natijalarga ko‘ra hal bo‘ladi.

6 noyabr saylovi arafasida 7 shtatda saylovchilarning siyosiy kayfiyatlari noaniq bo‘lib qolayotgan edi. Shu bois Barak Obama va Mitt Romni saylovoldi poygasining oxirgi kunini ana shu “og‘machi” shtatlarda o‘tkazdi.

Ozodlikning siyosiy sharhlovchisi Brayan Uitmor ovoz berish arafasida AQShning o‘ziga xos saylov tizimi tarozi pallasining Obama tomon og‘ishi ehtimolini oshirmoqda, deya fikr bildirdi.

- Menimcha, saylov oldidan Obamaning asosiy da’vogar ekani aniq bo‘lib qoldi. Uning yutishi aniq demoqchimasman, lekin ko‘pchilik aytayotganidek nomzodlarning imkoniyati deyarli bir xil degan gapga qo‘shilmayman. Albatta mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, ikkala nomzodni qo‘llab-quvvatlayotgan saylovchilar soni deyarli teng ekanini ko‘rish mumkin. Lekin Amerika prezidentini saylashda saylovchilarning ovozi amalda hal qiluvchi rol o‘ynamaydi. Prezidentni elektoral vakillar saylaydi. Hozirda “og‘machi” deb atayotganimiz shtatlarning ko‘pchiligi, jumladan Ohayo, Kolorado, Ayova, Virjiniya, Viskonsin kabi shtatlarda, saylov oldi so‘rovlarga ko‘ra, Obamaning qo‘li balandroq kelmoqda, deydi Ozodlik sharhlovchisi Brayan Uitmor.

Haqiqatan saylov xaritasiga qaraydigan bo‘lsak, Obama saylovda g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun 7ta “og‘machi shtatdan” ikkitasida, masalan Ohayo bilan Floridada g‘alaba qilsa kifoya qiladi.

Romni esa kamida beshta shtatda g‘alaba qilishi kerak. Bundan tashqari og‘machi shtatlarning asosiysi, 18ta elektoral ovoziga ega bo‘lgan Ohayo shtati Romni uchun muhim ramziy ma’noga ham egadir. Tarixda hech bir respublikachi nomzod Ohayoda g‘alaba qilmasdan Oq uyga kelmagan.

Xo‘sh, nega Amerikada Kongress yoki mahalliy hokimiyat vakillaridan farqli o‘laroq, prezident bevosita saylovchilar tomonidan saylanmaydi?

- Bu siyosiy murosa bo‘lgan. 18 asr oxirida AQSh konstitutsiyasi yozilayotgan paytda, qurultoy ishtirokchilarining ba’zilari "prezident Kongress tomonidan saylanishi kerak", degan talabni qo‘yishgan. Boshqa vakillar esa, “yo‘q, prezident xalq ovozi bilan saylanishi lozim”, deya taklif tashlagan. Elektoral hayatning tashkil qilinishi ana shu ikki fikr o‘rtasida topilgan murosa bo‘lgan. Boshqa tomondan, bu shimol bilan janub o‘rtasida ham murosa bo‘lgan. Chunki u paytda janubdagi shtatlarda aholi shimoldagi shtatlardan ko‘ra kamroq bo‘lgan. Bilasiz u paytda AQSh hali 13 shtatdan iborat bo‘lgan. Aholining aksar qismi shimoldagi Nyu York, Pensilvaniya, Massachusets kabi shtatlarda yashagan va saylovchilarni o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘lgan nomzod, tabiiyki, ana shu shtatlarga e’tibor qaratib, janubni nazardan chetda qoldirishi ehtimoli tug‘ilgan. Shuning uchun elektoral hay’at tizimi da’vogarlarning barcha shtatlarda saylov oldi kampaniyasini o‘tkazishini ta’minlaydi, deydi Ozodlik siyosiy sharhlovchisi Brayan Uitmor.

Elektoral ovozlar tizimi ko‘pchilik ovoz ololmagan nomzodning g‘alaba qilishi ehtimolini ham qoldiradi. AQSh tarixida to‘rt marta shunday bo‘lgan ham. Eng so‘nggi misol 2000 yilga saylovdir. O‘shanda demokrat raqibi Al Gordan yarim milliontaga qamroq ovoz olgan Jorj Bush Florida shtatida g‘alaba qilishi hisobiga Oq uyni egallagan edi.

538 ovoz ikki nomzod o‘rtasida teppa-teng --- 269 tadan bo‘linishi ham mumkin. Bu holda prezidentni AQSh Vakillar palatasi saylaydi. Lekin bunday holat keyingi 200 yildan ortiqroq vaqt mobaynida kuzatilmagan.

AQSh saylov tizimi mamlakat va uning tashqarisida ko‘p yillardan beri tanqidlarga uchrab keladi. Lekin uning tarafdorlari AQShning 50 shtatdan iborat ulkan mamlakat ekanini inobatga olgan holda, elektoral hay’at tizimi prezidentning barcha shtatlarda nisbatan etarli tayanchga ega bo‘lishi lozimligini kafolatlashini aytadi.
XS
SM
MD
LG