Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:18

"Jerar Deparde o‘zbek diktatorining qizi filmida o‘ynamasin!"


Fransus aktyori Jerar Deparde (chapda)
Fransus aktyori Jerar Deparde (chapda)

Huquq faollari frantsuz kino yulduzi Jerar Depardeni shafqatsiz o‘zbek diktatorining qizi qalamiga mansub stsenariy asosida olinajak filmda rol o‘ynamaslikka chaqirmoqda.

Jerar Deparde O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova stsenariysi bo‘yicha suratga olinadigan filmda rol o‘ynashga rozilik bergani haqida xabarlar tarqalishi ortidan Frantsiyadagi “O‘tyuraklar klubi” rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva frantsuz aktyorini bu ahdidan qaytishga chaqirdi.


- Islom Karimov rejimining repressiv tabiatini, Karimovlar oilasining obro‘-e’tibori soxtaligi va diktatorlik rejimida mansabdor shaxs bo‘lgan Gulnora Karimovaning rolini hisobga olgan holda, aktyor Jerar Depardeni bu rejim bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishga, uning loyihalarida ishtirok etmaslikka chaqiramiz, - deb ta’kidladi Tojiboeva frantsuz aktyori nomiga yo‘llagan ochiq xatida.


Mo‘’tabar Tojiboeva frantsuz aktyoriga ochiq xat yo‘lladi.
Mo‘’tabar Tojiboeva frantsuz aktyoriga ochiq xat yo‘lladi.
Xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimova stsenariysi asosida olinajak film voqealari tarixiy V-VI asrlarga taalluqli bo‘lib, Jerar Deparde unda evropalik ruhoniy obrazini yaratishi kutilmoqda.

Yangi film ustida ishlar ketayotgani bois, nima uchun filmga aynan janob Deparde tanlangani, frantsuz aktyoriga qancha miqdorda haq to‘lanishi, filmning byudjeti va boshqa ma’lumotlar berilmagan.

- Depardega bo‘lajak filmdagi roli uchun va’da qilingan gonorar, tabiiyki, u oddiy stsenariy mualliflari va prodyuserlarning oddiy filmlaridagi rollar uchun beriladigan oddiy gonorardan ancha ko‘p bo‘ladi va bu o‘zbekistonlik oddiy odamlar uqubati va musibati evaziga jamg‘arilgan, xalqaro miqyosdagi turli firibgarlik yo‘llari bilan yuvilgan pullardir. So‘nggi paytlarda aynan Gulnora Karimova ishtirokida ana shunday ishlar amalga oshirilgani atrofida shov-shuvlar bunga misoldir, - deydi Mo‘’tabar Tojiboeva.

Qarorgohi Parijda joylashgan Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi FIDH ham bu aktsiyaga qo‘shilishini bildirdi.

Frantsiyadagi FDIH tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Sasha Kulaeva.
Frantsiyadagi FDIH tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Sasha Kulaeva.
- Frantsuz jamoatchiligi e’tiborini Jerer Depardening mazkur filmda rol o‘ynashi bilan bog‘liq holatga qaratgan Mo‘’tabar Tojiboeva murojaatini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlayman. Biz janob Depardening agentlariga chiqib, bu murojaatni unga etkazamiz, - deydi FIDH vakili Sasha Kulaeva.

Jerar Deparde sobiq Sovet Ittifoqi respublikalarida yo‘lga qo‘yilgan loyihalarda ilk bor ishtirok etayotgani yo‘q.

O‘tgan oy u inson huquqlarini surunkali poymol etishda ayblangan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning tug‘ilgan kuni sharafiga o‘tkazilgan kechada ham ishtirok etgandi.

Frantsuz aktyorining Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham yaqin do‘stona aloqalari borligi aytib kelinadi.

- Ochig‘ini aytsam, Jerar Depardening o‘zbek diktatori qizi filmida suratga tushishi haqidagi xabardan hayron qolganim yo‘q. Sababi Deparde so‘nggi paytlarda aynan huquq faollari tanqidlariga uchragan siyosatchilar bilan og‘iz-burun o‘pishadigan shaxs sifatida nom chiqardi. Bunga misol sifatida - oktyabr oyida Depardening qotillik va odamlarni olib qochganlik ayblovlari bo‘yicha Avstriya mahkamasi so‘roq qilishni istagan Checheniston rahbari Ramzon Qodirov tug‘ilgan kunida qatnashishi katta janjalga sabab bo‘lgandi. O‘sha ziyofatda Deparde rus tilida "Ramzon Qodirovga shon-sharaflar bo‘lsin" deb, hamd-sanolar aytgandi, - deydi Sasha Kulaeva.

Jerar Deparde Gulnora Karimova tadbirlarida ishtirok etishga rozi bo‘layotgan dastlabki yulduz emas.

Bundan oldin ham Karimova xonim tomonidan tashkil qilinishi aytiladigan O‘zbekistondagi dabdabali marosimlarda dunyoning ko‘plab mashhurlari ishtirok etishgan.

Turk aktyori Xolit Ergench o‘zbek malikasi huzurida.
Turk aktyori Xolit Ergench o‘zbek malikasi huzurida.
O‘tgan oy turkiyalik aktyor Xolit Ergench Karimova xonimning Style.uz haftaligi tadbirida ishtirok etdi.

"Muhtasham yuz yil" serialida Sulton Sulaymon roli bilan mashhur bo‘lgan Ergench Gulnora Karimovaning "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan "Victorious" nomli birinchi atiri reklamasida qatnashishga ham rozilik bergan.

Bundan avval britaniyalik rok musiqasi yulduzi Sting 2009 yilda Toshkentdagi "muhtasham kechada Gulnora Karimovaga qo‘shiq kuylagani uchun" tanqidlar ostida qolgan edi.

2008 yili ispaniyalik mashhur qo‘shiqchi Xulio Iglesis Toshkentdagi Moda haftaligida ishtirok etgan, u ham Gulnora Karimova bilan "Besame mucho" qo‘shig‘ini birga kuylagandi.

Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtina Ronalduning 2009 yilda Toshkentga kelishiga ham Karimova homiylik qilgani aytiladi.

- Besh yil avval Ronaldu kabi futbolchilar Toshkentga borib, to‘p tepib qaytishgan, Sting kabi san’atkorlar Gulnora Karimova tadbirlari to‘rida o‘tirishgan. Lekin bugun Karimovaning kimligi butun dunyoga ma’lum bo‘lib bo‘ldi-ku. Shvetsiyadagi shirkat o‘zbek diktatorining to‘ng‘ichiga bu mamlakatda biznes qilish uchun millionlab dollar pora bergani bilan bog‘liq janjal kuchaygan bir kezda Depardening Karimova stsenariysi bo‘yicha rol o‘ynashga rozilik bergani meni hayron qoldiradi. Bu g‘irt fohishalikning o‘zi, - deydi daniyalik jurnalist Maykl Anderson.

"Balki frantsuz aktyori masalaning bu tomonini bilmas?" deb so‘raymiz Andersondan.

- Bu haqda bilmaslik uchun faqat Marsda yashash kerak. O‘zini hurmat qilgan har bir aktyor u yoki bu filmda rol o‘ynashga rozilik berishdan oldin kim bilan ish qilayotganini bilish uchun Internetni titkilab ko‘radi. O‘zbekistonda Karimov rejimining asl basharasi haqida ma’lumot olish esa juda oson. O‘tgan yili Lola Karimovaning jurnalist ustidan da’vosini ko‘rib chiqqan frantsuz mahkamasi ham Karimovni diktator, deb atash to‘g‘ri ekani haqda hukm chiqargandi, - deydi Anderson.

Ozodlik Jerar Depardedan izoh olish uchun uning agentlariga ham xat bilan murojaat etdi. Hozircha mazkur xatga javob kelgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG