Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:23

Moskvada o‘zbekistonliklarni asoratda tutganlar qo‘yib yuborilgan


Uzoq yillik asoratdan ozod bo‘lgan Boqiya Qosimova (ch.) va Laylo Ashirova (o‘).
Uzoq yillik asoratdan ozod bo‘lgan Boqiya Qosimova (ch.) va Laylo Ashirova (o‘).

Moskvadagi do‘koni erto‘lasida markaziy osiyolik qullar saqlangani yuzasidan jinoiy ish ochildi. Biroq tergov hanuzgacha “ayblanuvchilar” aniqlanmaganini aytmoqda.


Quldor kim?


Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahar Preobrajenskiy tuman boshqarmasi qozog‘istonlik er-xotinga qarashli oziq-ovqat do‘konida markaziy osiyolik migrantlarning bir necha yil davomida noqonuniy ravishda ushlab turilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Bu xabarni Ozodlikka etkazgan “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova bir guruh migrantlarni qullikda ushlab turgan do‘kon egalari aniq bo‘lishiga qaramasdan, tergovchilar “aniqlanmagan shaxslar”ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atganini aytadi.

“Tergov qo‘mitasining Rossiya Jinoyat Kodeksi 127-moddasi, ya’ni “qonunga zid ravishda shaxsni ozodlikdan mahrum qilish” bo‘yicha jinoiy ish ochganidan norozimiz”, deydi Ozodlikka Anastasiya Denisova.

- Biz bu vaziyatga mos kelayotgan 127.2 -modda (qullar mehnatidan foydalanish) asosida jinoiy ish ochilishini talab qilamiz. Eng ajablanarlisi – ish “aniqlanmagan shaxslar”ga nisbatan ochilgan! Axir do‘kon egalari bo‘lgan er-xotin barcha izlarni yo‘q qilib yuborishi, ozodlikka chiqarilganlarni qo‘rqitishi yoki umuman qochib ketishi mumkin. Kecha bu er-xotin quldorlar so‘roq qilinib, qo‘yib yuborilibdi, deydi Anastasiya.

Anastasiya Denisovaning Ozodlikka aytishicha, do‘kon erto‘lasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan 12 kishi ozod qilingan.

- U erda haqiqatan O‘zbekiston va Qozog‘istondan kelgan bir necha kishi - 5 nafar ayol, 4 nafar erkak chiqarildi. Undan tashqari yana 3 nafar 4 oyli, biri 4 yoshli va yana biri 5 yoshli bo‘lgan yosh bola qullikdan ozod etildi. Yana bir ayolning qaerda yashirilganini biz aniqlashda davom etamiz, deydi “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova.

Ozodlikka chiqarilgan odamlarning aytishicha, do‘kon xo‘jayinlari – Qozog‘iston fuqarolari - odamlarni majburlab ishlatgan, kaltaklagan, ayollarni esa zo‘rlagan. Ularning ba’zilari shu vaqt mobaynida bolali bo‘lgan.

"Biz quldek ishlardik..."


Huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, hozircha Laylo Ashirova va Boqiya Qosimovalar jabrlanuvchi, deb tan olindi.

Ozod etilganidan keyin jurnalistlar oldida qilgan chiqishida bu ayollar uzoq yillar davomida Moskvaning Golyanovo tumanida joylashgan va qozog‘istonlik tadbirkor er-xotin Saken Muzdibaev va Jansulu Istanbekovalarga tegishli bo‘lgan oziq-ovqat do‘konida qullikda saqlanganini ma’lum qildi.

Toshkent viloyatidan 2002 yilda aldov bilan olib kelingan Laylo Ashirova 10 yil davomida do‘kon erto‘lasida yashagani va biror tiyin ish haqi olmaganini gapiradi.

- Shu 10 yil davomida biz ular aytgan har qanday ishni bajarib keldik: "pol yuv" desa, pol yuvardik, yuk tashirdik, vaholanki, Qozog‘iston orqali kelayotganimizda u og‘ir ish buyurmasligi, 8 dan 8 gacha ishlashimizni va’da qilgandi. Kassada ishlardik. Bizning holatimizdan tuman politsiya uchastka nozirlarining xabari bor edi. Menimcha, ular buning uchun pora olardi, chunki biror sabab bilan kelgan politsiyachilarga moddiy ta’minlab turganini o‘zim ko‘rgandim, deydi 26 yoshli o‘zbekistonlik Laylo Ashirova.

Matbuot anjumanida ayollar bir necha marotaba qochishga uringani, biroq mahalliy politsiya xodimlari yordamida ortga qaytarilgani va qattiq do‘pposlanganini ma’lum qilishdi.

Yana bir jarbrlangan – 35 yoshli o‘zbekistonlik Boqiya Qosimova arzimas bahonalar bilan do‘kon egasi Jansulu Istanbekova tomonidan kaltaklangani va turli jazolarga mahkum etilganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Moskvada Baqiya bir o‘g‘il va bir qizni tuqqan, biroq bolalar do‘kon egasi tomonidan tortib olingan va Qozog‘istonga olib ketilgan.

- 2003 yilda tug‘ilgan qizchamni u tortib oldi va o‘zi bolani tug‘ruqxonadan olib ketdi. Yarim yil davomida men bolani bir-ikki marotaba ko‘rdim, xolos. 6 oydan keyin qizchamni Qozog‘istonga jo‘natib yuboribdi. 3 yildan keyin u menga qizcha o‘lib qolganini ma’lum qildi. “Kasal bo‘lib qoldi”, dedi. Bir tanishimizga esa “Bolani sigir turtvorib, o‘ldirib qo‘ydi”, debdi, deydi o‘zbekistonlik Boqiya Qosimova.

“Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti mutaxassislari bu ayollar do‘kon ertulasida doimiy ravishda zo‘rlanib kelingan bo‘lishi mumkinligi, biroq ahloqiy normalar nuqtai nazaridan bu hodisa tafsilotlari ochiqlanmasligini gapirishdi.

2012 yil 30 oktyabrь kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov Qo‘mitasining saytida Moskvaning Novosibirskaya ko‘chasida joylashgan do‘kondan 2006 va 2007 yilda tug‘ilgan bolalarning o‘g‘irlanishi bo‘yicha tekshiruv olib borilayotgani haqida qilindi. Jabrlangan ayollar bergan arizada aytilishicha, ular do‘kon erto‘lasida 10 yil davomida noqonuniy ravishda ushlab turilgan.

Qullikda saqlanayotganlarni ozod qilishga bir guruh ko‘ngilli yoshlar va jamoatchilik faollari kirishdi.

Ko‘ngillilar va telejurnalistlar Novosibirskaya ko‘chasidagi do‘konga yopirilib kirishi tasviri Internetda eng ko‘p ko‘rilgan videorolikka aylandi.




Odamlarni ozod qilishda qatnashgan ko‘ngillilardan birining aytishicha, bu erdagi ayollarning ba’zilari 10 yildan ko‘proq vaqt davomida umrini o‘tkazib, biror marta ham ko‘chaga chiqmagan.

Ozodlikka chiqarilgan Laylo Ashirova jurnalistlarga 10 yil davomida Moskvada yashab, Kreml va Qizil maydonni ko‘rmagani, lekin O‘zbekistonga ketishdan oldin albatta u erlarni ziyorat qilishini bildirdi.

Ozod etilgan migrantlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, do‘konda zo‘rlik bilan ushlab turilgan qizlardan kamida bittasi vafot etgan.

Huquq himoyachilari yana bir ayol va uning ikkita farzandi hayoti yuzasidan xavotir bildirmoqda.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari huquqlari ta’minlanishi yuzasidan Rossiya huquq tartibot idoralariga maxsus iltimosnoma yubordi.

O‘zbekiston elchixonasi odatdagidek bu masalaga oid biror munosabat bildirganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG