Линклар

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining Intizom qo‘mitasi qarori bilan o‘zbekistonlik erkin kurashchi Soslan Tigievdan London Olimpiadasida olgan bronza medali olib qo‘yiladigan bo‘ldi.

Bu haqda Associated Press agentligi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidagi (XOQ) ikki manbasidan olgan ma’lumotlarga tayangan holda xabar tarqatdi.

Ayni paytda bu ma’lumot hali XOQ tomonidan rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Associated Press xabariga ko‘ra, 29 yoshli Tigiev taqiqlangan metilgeksanamin preparatini iste’mol qilgani uchun diskvalifikatsiya etilgan. Doping tekshiruvining natijasi 10 avgustda olingan bo‘lsa-da, bu natija Olimpiada tugaganidan keyingina tasdiqlangani aytilmoqda.

Agar bu ma’lumot rasman tasdiqlansa, Londondagi Olimpiada o‘yinlarining bronza medali vengriyalik Gabor Xatoshga olib beriladi. Bu kurashchi 74 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida uchinchi o‘rin uchun bo‘lgan kurashda Soslan Tigievga yutqazgandi.

Eslatib o‘tamiz, komandadoshlari kabi O‘zbekistonga medal bilan qaytib kelgan Tigievga “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni berilgan. Bundan tashqari, u mamlakat rahbariyati tomonidan Chevrolet Lasetti avtomobili hamda 50 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti sertifikati bilan taqdirlangandi.

Tigievga shu yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston Olimpiya shon-sharafi muzeyida topshirilgan bu mukofotlar davlatga qaytariladimi-yo‘qmi – hozircha ma’lum emas.
XS
SM
MD
LG