Линклар

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga aloqadorlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk viloyati Bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, polkovnik Valeriy Gorelix Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Gulmira Qurbonova Moskvadan Yekaterinburg shahriga uchib kelgan paytda “Kolьtsovo” aeroportida Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Interpol milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini bildirdi :

- 1990 yilda tug‘ilgan yosh qiz O‘rta Ural poytaxtiga Moskva reysida uchib kelgan. Uni Tojikistonning ikki fuqarosi kutib olgan. Politsiya xodimlari ularning Rossiya hududida bo‘lishi qonuniyligini tekshirdi. Birining hujjatlari to‘g‘ri bo‘lgan. Ikkinchi tojikistonlikning shaxsini aniqlash uchun u politsiya idorasiga olib borilgan, dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiysi.

Polkovnik Valeriy Gorelixga ko‘ra, Yekaterinburg aeroportida ushlangan 22 yashar Gulmira Qurbonova 2012 yil aprel oyidan beri Moskva yashab¸ shahardagi bozorlardan birida qonuniy ishlab kelgan.

Qurbonova avgust oyida Ozarbayjonga safar qilgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk viloyati Bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Gulmira Qurbonova Rossiyaga Qozog‘iston orqali kelgan.

Xalqaro qidiruvda bo‘lishiga qaramay, Qurbonova O‘zbekiston-Qozog‘iston va Qozog‘iston-Rossiya chegaralarini kesib o‘tgan.

Valeriy Gorelix Gulmira Qurbonova O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilganini aytadi:

- Yekaterinburg shahridagi “Kolьtsova” aeroportida ushlangan ayol O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib qidiruvga berilgan.

Bu modda katta miqdorda narkotik moddalarni sotish maqsadida noqonuniy tayyorlash, saqlash va tashishni nazarda tutadi. Hozir ushbu fakt bo‘yicha tegishli tekshiruv olib borilmoqda. Qo‘lga olingan ayol hibsda saqlanmoqda. U vataniga ekstraditsiya qilinishi haqidagi qarorni kutmoqda, dedi polkovnik Valeriy Gorelix.

Moskvadagi “Memorial” Inson huquqlari tashkiloti faoli Bahrom Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston fuqarolarining narkotiklar savdosiga aloqadorlikda gumonlanib Rossiyada qo‘lga olinishi g‘ayrioddiy hol emasligini aytadi:

- Bunday holatlar bor. Narkotiklarni tojik ham sotadi, o‘zbek ham sotadi, rus ham sotadi. Narkotik moddalar bilan shug‘ullanganidan keyin, albatta, sotishadi. Jinoyatning millati bitta – jinoyat, tamom.

Lekin bitta narsani aytish juda zarur. Narkotik moddalarni sotish liderlari boshqa joylarda yuradi. Lekin yoshlar pul ishlayman deb, uyimni yaxshilayman, moddiy ahvolimni o‘nglayman, deb aldanib, ularning qo‘liga tushib hayoti xazon bo‘lib ketayotganiga achinasan, deydi huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

BMT rasmiylari Afg‘onistonda yetishtirilayotgan giyohvand moddalar Markaziy Osiyo hududi orqali Rossiyaga, u yerdan G‘arb davlatlariga olib ketilayotganini aytib keladi.

O‘tgan yili O‘zbekiston huquq-tartibot organlari narkotiklar savdosiga aloqadorlikda gumon qilingan 107 nafar xorij fuqarosini qo‘lga olgan.

O‘zbekiston Narkotiklar savdosini nazorat qilish Milliy axborot markaziga ko‘ra, o‘tgan yilda mamlakat bo‘ylab jami 5500 kilogramm narkotik musodara qilingan. Bu esa¸ 2010 yilga nisbatan 800 kilogrammga ko‘p.
XS
SM
MD
LG