Линклар

logo-print

35 yoshga kirgan Toshkent metrosi 18 yildan keyin yana uzayadi


Toshkentdagi "Bodomzor" metro bekatining yomg‘irdan keyingi manzarasi.

Toshkentdagi "Bodomzor" metro bekatining yomg‘irdan keyingi manzarasi.

Bundan 35 yil burun - 1977 yilning 7 noyabrida Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk metropolitenning tantanali ochilish marosimi o‘tkazlgan va o‘sha paytda O‘zbekistonni boshqargan Sharof Rashidov bu metropolitenning ilk yo‘lovchisi bo‘lgan edi.

Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lgan Toshkent metropolitenining qurilishi 1972 yilning iyul oyida boshlangan. 1977 yilning noyabr oyida bugungi “Olmazor” (birlamchi nomi "Sobir Rahimov") bekatidan "Amir Temur xiyoboni" (birlamchi nomi "Inqilob xiyoboni") bekatigacha bo‘lgan qismi ishga tushirildi.

1980 yilning avgust oyida “Amir Temur xiyoboni” bekatidan “Buyuk ipak yo‘li”(eski "Maksim Gorkiy") bekatigacha bo‘lgan qismi foydalanishga topshirilishi bilan Toshkent metropolitenining 12 bekatdan iborat "Chilonzor" yo‘lining qurilishi tugallangan edi.

Toshkentliklar va shahar mehmonlari nazarida metropoliten SSSR qulashi bilan to‘xtab qolgan va bitmagan loyihadir.



1988 yilda boshlangan "Yunusobod" liniyasi oxiridagi uchta bekat qurilishi uchun kavlangan kotlovanlarning ko‘mib tashlanishi bu bekatlar qurilishidan umidvor shaharliklar taassufini kuchaytirdi.

"Toshkentmetroqurilish" trestining ismi aytilishini istamagan muhandisi Ozodlik bilan suhbatda bu bekatlar uchun qazilgan kotlovan ko‘milmagani¸ balki konservatsiya qilib qo‘yilgani haqida gapirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸Toshkent metropolitenining "Yunusobod" liniyasidagi uchta bekat 2030 yilda nihoyasiga yetkaziladi.

Metro muhandisi¸ ayni paytda¸ metropoliten faqat Sovet davri mahsuli¸ degan iddaoni rad qildi.

- Mustaqillik davrida¸ ya‘ni 2001 yilda 7,61 kilometr uzoqlikdagi oltita – "Ming o‘rik", "Yunus Rajabiy", "Abdulla Qodiriy", "Minor", "Bodomzor", "Habib Abdullayev" bekatlaridan iborat birinchi navbatini foydalanishga topshirishga muvaffaq bo‘ldik¸ deydi suhbatdosh.

Toshkent metropoliteni "Yunusobod" liniyasining qurilishi 1988 yilda boshlangan, ammo SSSR qulashi bilan ish deyarli to‘xtagan va oradan 13 yil o‘tibgina bir qismi tugallangan edi.

Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 39 kilometrni tashkil qilib, 29 ta bekat, ikkita elektrodepo va harakat tarkibini ta‘mirlash deposidan iborot.

Hozirgi kunda Toshkent metropolitenida “Chilonzor” yo‘lining 12 ta bekati, “O‘zbekiston” yo‘lining 11 ta bekati va “Yunusobod” yo‘lining 6 ta bekati yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Toshkent metropoliteni tijoriy reklama taqiqlangan dunyodagi yagona yer osti yo‘li hisoblanadi.

Bu haqda bildirgan Toshkent metrosi xodimiga ko‘ra¸ taniqli rassomlar bezagan yer osti saroyida o‘zbek ma‘naviyatiga mos notijoriy shiorlar va ogohlikka chaqiriqlar mavjud.
XS
SM
MD
LG