Линклар

logo-print
Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi apellyatsiya hay‘ati Rossiyaning MTS shirkatiga qarashli aktivlarni O‘zbekiston hukumati foydasiga o‘tkazish qarorini bekor qildi.

Ayrim Rossiya agentliklari tarqatgan bu xabarni Ozodlik bog‘langan MTS mas‘ullaridan biri tasdiqladi.

MTS xodimi¸ hozircha apellyatsiya kollegiyasi qarori shirkat rahbariyatiga yetib kelmagani bois¸ uning tafsilotlaridan yaxshi xabardor emasligi va shu bois hukmni sharhlay olmasligini bildirdi.

2012 yil 17 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi "O‘zdunrobita"ning to‘rt menejerini uch yillik shartli jazoga hukm qilib, ularga jarima solgan va shirkatga tegishli mulkni davlat foydasiga musodara qilish haqida qaror qabul qilgan edi.

Hozirga qadar Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya kollegiyasi MTSning bu hukm yuzasidan bergan shikoyati yuzasidan qaror chiqarishni bir necha bor kechiktirdi. 30 oktyabr kuni qisqa muddat davom etgan kollegiya majlisida bu masala yuzasidan qaror qabul qilish 13 noyabrga qoldirilgan edi.

Ammo sud apellyatsiya kollegiyasi kutilmaganda bu tortishuv yuzasidan 8 noyabr kuni qaror qabul qildi.

Xabar qilinishicha, appelyatsiya hay‘ati MTS shikoyatini qisman qondirgan va "O‘zdunrobita"ning to‘rt menejeriga nisbatan chiqarilgan shartli qamoq jazosiga oid hukmni kuchda qoldirgan.

Bundan tashqari shirkat mol-mulki musodara qilinishiga oid qarorni bekor qilgan sud, Rossiya agentligiga ko‘ra¸ MTS O‘zbekiston byudjetiga 600 million AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazishini talab qilgan.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston Oliy xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” litsenziyasining qaytarib olingani bo‘yicha shirkat kassatsiya tartibida taqdim qilgan shikoyatini 30 oktyabr kuni hech bir izohlarsiz uchinchi marta ko‘rib chiqishni kechiktirgan edi. Bu shikoyat arizasi yuzasidan hukmning ham yaqin kunlarda chiqarilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi 17 iyul kuni “O‘zdunrobita” mobil operatori faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. 31 iyul kuni esa Toshkent shahar xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi “MTS-O‘zbekiston” brendi ostida ishlagan “O‘zdunrobita”ni litsenziyalaridan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.

27 avgust kuni "O‘zdunrobita" mulozimlariga qarshi tekshiruvlar asosida to‘plangan faktlar mahkamaga oshirildi va 17 sentyabr kuni Toshkent shahar sudi “O‘zdunrobita” kompaniyasining to‘rt nafar xodimini uch yildan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qildi.

“O‘zdunrobita” operatori faoliyatining to‘xtatilishi O‘zbekistonda millionlab abonentlarning bir muddat aloqasiz qolishiga sabab bo‘ldi. Hozirda abonentlar boshqa operatorlarga o‘tib ketgan bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab uyali aloqa sifati sezilarli tarzda pasaygani kuzatilmoqda.

MTS-O‘zbekiston aloqasi mamlakatning 94 foiz hududini qamrab olib, 9 million abonentga xizmat ko‘rsatar edi.

25 oktyabr kuni RIAN novosti agentligi shaxsi sir qolishini istagan manbalarga tayanib, MTS shirkati O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini xabar qilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya kollegiyasi 8 noyabr kuni chiqargan qaror¸ norasmiy manbalarga ko‘ra¸ Gulnora Karimova bosimi ostida O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarilgan MTSning mamlakatga qaytishiga imkon ochishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG