Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:19

Qashqadaryolik folbin o‘zini payg‘ambar deb e‘lon qildi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudining kuni kecha bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudlov hay‘ati diniy aqidaparastlik, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tarqatish hamda firibgarlik singari qator jinoyatlar majmui bilan ayblangan 48 yashar fuqaro Uchqun Yo‘ldoshevga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Shu yilning 21 avgustida Qarshi shahar mahkamasi Uchqun Yo‘ldoshevni aybli deb topib 11 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.


Yozuvchi¸ folbin¸ pir¸ payg‘ambar...


Uchqun Yo‘ldoshevni yoshligidan yaxshi bilgan qarshilik Bahodir Nusurov Ozodlik bilan suhbatda Qashqadaryo mahkamasi qarorining adolatli ekanini ta‘kidladi:

- U oldin ashulachilarga she‘r yozib yurar edi. Keyin folbin bo‘ldi. Keyin o‘zini pir deb e‘lon qilib¸ kimki oyog‘imni o‘psa¸ shifo topadi¸ deb yurdi. Ana undan keyin o‘zini payg‘ambar deb e‘lon qiluvdi¸ Milliy xavfsizlik xizmati ushlab qamab qo‘ydi¸ deydi Bahodir Nusurov.

Payg‘ambarlik da‘vosida bo‘lgan Uchqun Yo‘ldoshev haqida “Qashqadaryo” telekanali “Shayton niqobidagi inson” deb nomlangan ko‘rsatuvini efirga uzatdi.

Qashqadaryo telekanalining Ozodlik bilan ismi aytilmasligi sharti bilan suhbatlashgan jurnalistiga ko‘ra¸ Uchqun Yo‘ldoshev faoliyati Milliy xavfsizkik hizmati zobitlari tarafidan videotasvirga olingan.

- MXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan xufyona tushirilgan video tasvirlarida kishilarning "hazrati Uchqun"ga tavba qilayotgani, uning qo‘l-oyoqlarini o‘payotgani va ayrimlarning unga¸ hatto¸ sajda qilayotgani aks etgan.
Ayniqsa, “hazrat”ning pes-moxovlar, nogironlar va saraton xastaligi bilan og‘rigan kimsalarni tuzatish haqidagi va‘zlari kishining e‘tiborini tortadi¸ deydi suhbatdosh.

Aytilishicha¸ Uchqun Yo‘ldoshevning rasmiy nashriyotlarda beshta kitobi chop qilingan. Mahalliy matbuot o‘quvchilari¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ uning she‘r va nasriy asarlari bilan yaxshi tanish.


Jabrdiyda tabibmi yoki soxta payg‘ambar ?


“Hazrat”ning Qarshi shahar Turkiston ko‘chasida yashovchi qo‘shnilari Ozodlik muxbiri bilan suhbatda¸ asli kosonlik bo‘lgan Uchqun Yo‘ldoshevning haqiqatan ham g‘ayritabiiy xislatlarga ega ekani, undan bir qancha bemorning shifo topganiga guvoh bo‘lishganini aytdi.

Bu suhbatdoshlar¸ Yo‘ldoshevning ta‘siri kundan-kunga ortib borgani va uning izdoshlari ko‘payib borgani mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarida xavotir uyg‘otgani, shu boisdan ham u soxta ayblovlar bilan qamalganini e‘tirof etishdi.

Qarshilik Dilbar opa Sanoqulova esa¸ Uchqun Yo‘ldoshevni firibgar¸ laqmalarni aldab pulini oladigan tovlamachi sifatida yaxshi bilishini aytadi.

Uchqun Yo‘ldoshevni yoshligidan yaxshi bilgan qarshilik Bahodir Nusurov uning bundan oldin ham qamalib chiqqaniga e‘tiborimizni qaratdi:

- Besh-olti yil oldin u bir qamalib chiquvdi. Qayinsinglisiga teginib qo‘ygani uchun. O‘zi u nihoyatda ustamon odam. Odamlarni aldashga usta. Qamoqdan chiqqach¸ ko‘lning o‘rtasidagi orolchada bir uy qurdi. Uymas¸ krepost. Koshona. Pes-moxov¸ mayib-majruhlarni aldab topgan puliga qurdi. Odamlar ham laqma¸ kasalim tuzalarkan¸ deb bor-budini uning oyog‘i tagiga tashlashgan¸ deydi Bahodir Nusurov.


Soxta eshonlar yoki arqonga osilgan lozim...


Bahodir Nusurovning aytishicha O‘zbekistondagi tibbiy xizmat sifati yomonlashgani sayin¸ odamlarning soxta tabib parixon va azayimxonlarga ixlosi oshib bormoqda:

- Uch-to‘rt yil burun G‘uzorda bir eshon buvani qamashdi. U tug‘mas xotinlarning nomusiga tegish bilan shug‘ullangan. Kuf–suf bilan davolayman¸ deb eshon bepusht xotinlarni bir tor hujraga olib kirar ekan. O‘sha tor hujrada arqonga xotinlarning lozimi osig‘lik turarkan. Eshon buva xotinlarga ishtonni tushir¸ deganida avom juvonlar ishtonini tushirar ekan. Jahli chiqqan ayollarga esa eshon buva sening ishtoningni emas¸ arqondagi ishtonni aytdim¸ deb qutilar ekan deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG