Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:31

Pokiston oqsoqollari 6 yashar qizchani zo‘rlab erga bermoqchi


6 yashar Bibi Roza o‘z taqdiri hal bo‘lishini kutmoqda.
6 yashar Bibi Roza o‘z taqdiri hal bo‘lishini kutmoqda.
Pokistonning qabila oqsoqollari nazoratidagi Ashari qishlog‘i Jirg‘asi ikki oila o‘rtasidagi nomus mojarosini hal qilish uchun 6 yashar qizaloqni g‘anim oila o‘g‘liga erga berish haqida hukm chiqardi.

Pokiston shimol-g‘arbidagi qabilalar hududini qonunlar emas¸ balki qabila oqsoqollari kengashi boshqaradi. Bu oqsoqollar bisotida esa¸ mahalliy janjal-tortishuvlarni hal qilishning uzoq asrlik an‘anasi bor.

Bu an‘analardan biriga ko‘ra¸ oilalar o‘rtasidagi mol-mulk talashuvi¸ yoki xun-intiqom gunohkor oila qizini jabrdiyda deb topilgan oilaga majburlab berish orqali hal etiladi.

Yaqinda Svat vodiysidagi chekka qishloqlardan biri oqsoqollar kengashi¸ ya‘ni Jirg‘a ikki oila o‘rtasidagi g‘animlikka barham berish uchun 6 yashar qizchani dushman oila a‘zosiga erga berish haqida hukm chiqardi.

Hozirda bu qizaloq ham¸ uning yaqinlari ham Jirg‘ani bu qarori ijrosidan qaytarish uchun Pokiston hukumati va xalqaro jamoatchilikdan yordam kutmoqda.


Сватлик оила 6 яшар қизини эрга бермоқчи эмас
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:16 0:00


Pokistonning qabilalar nazoratidagi hududlarda qiz bola xuddi pul¸ mol va yer kabi mojaro va tortishuvlarni hal qilishdagi bir vosita va bu vositaning “svara” degan o‘z nomi ham bor.

Svat vodiysidagi qabilalar kengashi chiqargan qaror ham ana shu “svara”ga asoslanadi va ikki oila o‘rtasidagi adovatni bitirish uchun qurbon qilinishi hukm etilgan 6 yashar Bibi Roza 11 noyabr kuni g‘anim oilaning 16 yashar o‘g‘liga kelin qilib uzatilishi shart.

Bunday hukmdan dahshatga tushgan Bibi Roza oilasining shu kunlarda Jirg‘a qarori bekor qilinishida yordam so‘rab murojaat qilmagan idora deyarli qolmadi.

Bibi Rozaning 65 yashar otasi Azim Xon Ozodlik muxbiri bilan suhbatda hozircha bu urinishlari samarasiz qolayotganini aytadi. Jirg‘a bilan tili bir bo‘lgan mahalliy politsiya¸ Azim Xonga ko‘ra¸ oqsoqollar qarorini qabul qilish va amalga oshirishni aytgan.

Ashari qishlog‘i politsiyasi rahbari Shoh Davron Ozodlik muxbiriga¸ Jirg‘a bilan tili bir ekani haqidagi ayblovni rad etdi. Unga ko‘ra¸ kelinlikka berish hukm etilgan qizchaning hali 6 yoshga to‘lib-to‘lmagani aniqlangach¸ politsiya bu ish yuzasidan jinoiy ish ham ochgan.

Ammo mahalliy politsiya rahbarining bu gapi Bibi Roza oilasiga tasalli berayotgani yo‘q.

“Agar qizimni yakshanba kuni ularga topshirmasam¸ narigi tomon o‘zini nomusi toptalgan deb hisoblab¸ qon to‘kadi¸ bizdan kimnidir o‘ldiradi”¸ deydi Azim Xon.

Oilalar o‘rtasidagi adovatga¸ aytilishicha¸ Bibi Rozaning akasi uylangan qiz¸ ya‘ni uning kelinoyisi sabab bo‘lgan. Azim Xonning o‘g‘li boshqa yigitga unashtirilgan qizga uylanganidan so‘ng¸ kelinsiz qolgan qalliq Jirg‘aga shikoyat qilgan. Oqsoqollar esa¸ shikoyatchi oila nomusini tiklash uchun Azim Xonning 6 yashar qizini kelinsiz qolgan qalliq yigitga berish haqida hukm chiqargan.

2004 yilda Pokiston parlamenti “svara” an‘anasini jinoyatga chiqardi va buning uchun 3 yillik qamoq jazosi tayin qildi. Ammo bu qaror¸ tog‘lar ichidagi chekka qabilalar hududida qabul qilinmadi va hamon bu jinoiy an‘ana davom etmoqda.

Shunday bo‘lsa-da¸ Bibi Rozaning onasi¸ yakshanba kungacha 6 yashar qizini g‘anim oilaga majburlab erga berish hukmi o‘zgarishiga umidini yo‘qotmagan.

-Axir u hali bolaku! Qanday qilib o‘zini musulmonman¸ degan oqsoqollar go‘dakni erga berishga urinadi. Men hukumatdan qizimning o‘z bag‘rimda qolishini ta‘minlashini so‘rayman¸ deydi Bibi Rozaning onasi.
XS
SM
MD
LG