Линклар

logo-print
Toshkent shahrida to‘y-hashamlarni o‘tkazish bo‘yicha yangi qoidalarga amal qilmagan muassasalar jami 111 million 592 ming so‘mlik jarimaga tortilgan.

Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati rasmiylari ma‘lum qildi.

– Bir yil davomida to‘y-hashamlarda hokimiyat ishlab chiqqan qoidalarni buzganlar, soliq qoidalarini buzganlar jarimaga tortildi. Bu soliq idorasining bizga kelgan ma‘lumoti, dedi Toshkent hokimligi Axborot xizmati xodimi.

2012 yil aprel oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma‘raka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Shu qarorga ko‘ra, to‘y qilmoqchi bo‘lgan shaxs marosimni to‘yxona, restoran egalari, to‘yda xizmat qiladigan sozanda va to‘y boshlovchilaru ovoz kuchaytirish, dizayner, foto va video suratga olish, limuzin xizmati hamda boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan shartnoma tuzgan holda o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Qarorda mazkur qoidalarning 100 kishi va undan ortiq shaxs ishtirokida to‘yxonalar, restoranlar va kafelarda tashkil etiladigan tadbirlar uchun amal qilishi belgilangan.

- Biz dabdabaga qarshimiz. Bu xalqimizni , masalan kam ta‘minlangan oilalarni ko‘z-ko‘z qilib¸ g‘ashini keltirmasin deyabmizda. Hamma shunga intiladigan bo‘lsa unda ko‘p odam xonavayron bo‘lib qolayapti, deydi Toshkent hokimligining Axborot xizmati xodimi.

Qoidabuzarlarga qancha jarima belgilangani va ular qaysi qonunga asosan jarimaga tortiladi, degan savolga Toshkent hokimligi rasmiysidan aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi:

- Bir qoida buzilishiga faloncha jarima degan gap yo‘q bizda. Qoidabuzarlik qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan. Masalan, soliqni yashirganlik bo‘yicha shu modda bo‘yicha qo‘yiladi. Bu jarimani to‘y qiladigan odam emas, to‘yni o‘tkazib beradigan, xizmat ko‘rsatuvchi tomon javobgar bo‘ladi bunga. Hozir bizning maqsadimiz mana shu to‘y beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tomon o‘rtasidagi shartnomalarni shaffof qilishdan iborat. Ya‘ni hammasi ochiq-oydin bo‘lishi kerak, deydi shahar hokimligi so‘zchisi.

Ishlab chiqilgan qoidaga ko‘ra, buyurtmachi va xizmat ko‘rsatuvchining huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to‘lov, xarajatlar miqdori, muddatlar hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan talablar shartnomada ko‘rsatilishi kerak.


Jarima puli ham to‘y xarajatlariga kirgan


Ishlab chiqilgan qoidaga ko‘ra, buyurtmachi va xizmat ko‘rsatuvchining huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to‘lov, xarajatlar miqdori, muddatlar hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan talablar shartnomada ko‘rsatilishi kerak.

Toshkent hokimiyati tomonidan targ‘ib qilinayotgan ushbu qoidalarga har kim ham amal qilayotgani yo‘q.

Orzu-havas qilib "to‘yni to‘ydek o‘tkazaylik" deguvchilar O‘zbekiston, ayniqsa poytaxt Toshkentda talaygina.

- Hozir Toshkentda shunaqa boyvachchalar bor. Ular to‘yxona egasiga manovi xizmat uchun pul¸ manovi jarima uchun to‘lanadigan pul¸ deb pulni to‘yxona egasining qo‘liga tutqazib o‘zlari xohlaganday bazmlarni o‘tkazishayapti. Jarima puli ham hozir to‘y xarajatlarini ichiga kirib ketgan, deydi toshkentlik Bahodir aka.

Toshkentlik pensioner Shamsiddin ota to‘ylardagi dabdabani kamaytirishga qaratilgan shahar hokimiyati urinishlarini to‘g‘ri deb hisoblaydi:

- Besh qo‘l barobar emas. Hozir to‘y qiladigan odam qurbiga qarab emas, qo‘shnisi qanaqa to‘y qilganiga qarab to‘y qiladigan bo‘lgan. Menimcha har kim imkoniyatiga qarab to‘y qilishi kerak. Dabdaba to‘y qilmoqchimi, marhamat nalogini to‘lasin, deydi Shamsiddin aka.

Kuzatuvchilar esa¸ Toshkent hokimiyati yangi qarorining aslida dabdabani kamaytirishdan ko‘ra ko‘proq to‘y-hashamlarni ham soliqqa tortish orqali bo‘shab qolgan g‘aznaga tushumni oshirishga qaratilganini aytishadi.
XS
SM
MD
LG