Линклар

logo-print

Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Jeti-O‘guz tumani shifokorlari otasi tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan 2 yoshli chaqaloq-Talantning umrini saqlab qola olishmadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 2 yoshli go‘dakni otasi Avtandil Ramatov 5 noyabr kuni uyiga mast holatida kelib qattiq kaltaklagan, shundan so‘ng norasidaning bir nechta joyiga pichoq urgan. Voqea Jeti-O‘guz tumanining Barsqo‘o‘n qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

- Bolaning ahvoli juda og‘ir edi. Jarohatlari ko‘p:boshi, o‘pkasi, yuragiga jarohat yetgan. Hatto boshiga ham pichoq sanchilgan ekan. Bizga bolani ichak-chavoqlari chiqqan holda olib kelishdi. O‘z vaqtida operatsiya qilindi. Uning oshqozonidan ikkita teshik topildi. Jarrohlar uni tikishdi, - dedi 2 yoshli Talantni davolashga harakat qilgan shifokorlardan biri Temirbek Tikibayev.

Ayni paytda bolaning otasi Avtandil Ramatov Jeti–O‘guz tuman ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida saqlanmoqda. Mazkur jinoyat yuzasidan tergov olib borayotgan tergovchi Talantbek Ashimaliyev gapiradi:

- Barsko‘o‘n qishlog‘ining Ko‘go‘y mavzesida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan Ramatov Avtandil Karibayevich spirtli ichimlik ichib mast bo‘lgan va o‘z bolasi Karibayev Talant Avtandilovichni kaltaklab, pichoq bilan chavaqlagan. Bu ish yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-bandi 3-punkti bilan jinoyat ishi ochilgan, - dedi tergovchi.

O‘z o‘g‘lining qotili sifatida ayblanayotgan otaga bildirilgan ayblov bo‘yicha 8 yildan 14 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish mumkin.

Mudhish voqea yuz bergan kuni Talantning onasi Aida homilasini va o‘z salomatligini tekshirtirish uchun shifoxonaga ketgan ekan. Uyda Talant bilan birga besh yoshli o‘g‘li ham qolgan. Aida farzandlarini o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lganida, eri "Bolalar qolaversin, o‘zim qarab turaman", deb olib qolgan ekan.

Avtandilning buvisi Ayatkan Seydekmatova 2 yoshli go‘dakning o‘limida nevarasini emas, aroqni ayblaydi:

- Begonlar bilan ko‘chada urushib, g‘azablanib uyga kelgan va bolasi ko‘ziga janjallashgan odam bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa kerak. Bolasini mastligida o‘ldirdi. Avtandil odobli bola edi. Hozir yoshlarning asosiy qismi ichkilikka berilib ketdi-da. Mana shu illatning kasofati bo‘ldi. Bu voqea sodir bo‘lguniga qadar u besh-olti kun ichmay yurgan edi, - deydi Ayatkan Seydakmatova.

Qirg‘izistonlik mutaxasislar mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik chuqur tomir otib borayotganidan tashvish bildirib kelmoqdalar. Mutaxasislarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishiga ijtimoiy tengsizlik asosiy omil bo‘lmoqda. Avtandilni o‘z bolasini o‘ldirishga ijtimoiy tengsizlik majbur qildimi? Bu savolga endi tergov javob beradi.
XS
SM
MD
LG