Линклар

30 oktyabr kuni Pekinda o‘tkazilgan Mercedes-Benz Moda haftaligida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Guli brendi ostida o‘z liboslari hamda atir-upalari kollektsiyasini namoyish qilgan edi.

Ushbu tadbirga homiylik qilgan Daimler AG unda o‘z kollektsiyalari bilan qatnashgan dizaynerlar tanloviga aloqasi bo‘lmagani haqida bildirdi. Daimler AG shirkatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi vakili Silke Mokert Ozodlik so‘roviga javoban yuborgan xatida: "Xitoyda o‘tgan moda haftaligida Gulnora Karimovaning paydo bo‘lishi bizning xohish va istagimizga zid tarzda amalga oshirildi", deya bildirdi.

Mokert xonimga ko‘ra, Daimler shirkati inson huquqlarining buzilishida ayblanayotgan shaxslarga maydon berishdan manfaatdor emas.

"Gulnora Karimovaning bu tadbirda qatnashganidan taassufdamiz",- deyiladi Silke Mokert yuborgan yozma bayonotda.

Huquq faollari hamda jurnalistlar Moda haftaligi tashkilotchilari e‘tiborini O‘zbekistonda prezident Islom Karimov rejimi ostida sodir etilayotgan jiddiy qonunbuzarliklar, mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli, bolalar mehnatidan voz kechilmayotganiga qaratishdi.

Hyuman Rayts Uotch tashkilotiga ko‘ra, o‘zbek qamoqxonalarida bir qancha jurnalist, huquq himoyachisi va muxolifat faoli azob chekmoqda, muntazam qiynoqqa solinmoqda.

- Bolalarni qul qilib ishlatish, dissidentlarni qiynoqqa solish hech qachon sharaf keltirmagan. Moda haftaligi shohsupasida repressiv hukumat vakiliga o‘rin berilmasligi kerak, deb aytgan Hyuman Rayts Uotch tadqiqotchisi Hyu Uilyamson Ozodlik bilan suhbatda.

Guli brendi ostidagi kiyimlari bilan Gulnora Karimova 2010 yil sentyabridagi
Nyu York Modalar ko‘rgazmasida ham ishtirok etgan edi.

Biroq Nyu Yorkdagi tadbirda huquqni muhofaza qilish tashkilotlari O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli, bolalar mehnatidan voz kechilmayotganiga jahon ommaviy axborot vositalarining e‘tiborini qaratishga muvaffaq bo‘lgandilar.

Noroziliklar ortidan Karimova xonim Nyu Yorkdagi Mersedes-Benz moda haftaligi doirasidagi liboslar namoyishini Cipriani restoraniga ko‘chirishga majbur bo‘lgandi.

"Foreign Policy" jurnali 2009 yilda Gulnora Karimovani "Dunyoning eng yomon qizlari" ro‘yxatiga kiritgan.

“Karimova xonim Yevropada xushbichim qomatli, sahovatpesha ayol sifatida tanilgan, uni katta davralarda yulduzlar bilan birga ko‘rish mumkin, vatani O‘zbekistonda esa Karimova xonim qattol diktator otasining vorisi bo‘lishga tirishayotgan va yirik boylik orttirish yo‘lida otasining mavqeidan foydalanayotgan shaxs" ekani haqida yozgan edi jurnal.
XS
SM
MD
LG