Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:19

"O‘zdunrobita" arizasini ko‘rib chiqish yana qoldirildi


O‘zbekiston Oliy xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” shirkatini litsenziyadan mahrum qilish yuzasidan qaror chiqarishni yana noma‘lum muddatga qoldirdi.

Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekistondagi sho‘basi litsenziyasidan mahrum qilingani yuzasidan Oliy xo‘jalik sudiga topshirgan appelyatsiya arizasi 13 noyabr kuni ko‘rib chiqilishi kerak edi. O‘zbekistonda shu yilning iyulida faoliyati to‘xtatilgan “O‘zdunrobita”ga oid ikkita sud ishining biri o‘tgan hafta shirkat foydasiga hal bo‘ldi. Shu sababdan Oliy xo‘jalik sudining MTS uchun ijobiy qaror chiqarishi ehtimoli borligi aytilmoqda.

O‘zbekiston Oliy Xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita” apellyatsiya arizasini 13 noyabr kuni ko‘rib chiqishi lozim edi.

MTS shirkati matbuot xizmati vakili Valeriya Kuzmenkoning Ozodlikka aytishcha, sud majlisi yana qoldirilgan.

- Shikoyat arizamiz bugun ko‘rib chiqlishi kerak edi. Lekin, afsus, hech bir izohsiz sud majlisi qoldirilganini ma‘lum qilishdi. Shikoyatimiz qachon ko‘rib chiqilishi haqida ham bizga bildirishgani yo‘q, dedi MTS vakili.

Oliy xo‘jalik sudining o‘zini tanishtirmagan vakili Ozodlikka bu xususda izoh berishdan bosh tortdi.

Oliy sud “O‘zdunrobita” litsenziyasini bekor qilish haqidagi avvalgi mahkama qarori qanchalik qonunga mos bo‘lganiga oid masalani dastavval 16 oktyabr kuni ko‘rib chiqishi kerak edi, lekin mahkama oldin 30 oktyabr, keyin 13 noyabrga qoldirilgan edi.

8 noyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi apellyatsiya hay‘ati “O‘zdunrobita”ga oid boshqa ishni ko‘rib chiqib, MTS arizasini qisman qondirib, shirkatning O‘zbekistondagi barcha aktivlarni davlat tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida quyi instantsiya chiqargan qarorni bekor qildi. Lekin shu bilan birga sud MTS shirkati davlat byudjetiga 600 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni o‘tkazishi lozim, degan qarorni chiqardi. Bundan tashqari “O‘zdunrobita”ning to‘rt nafar xodimini shartli qamoq jazosiga hukm qilish qarori ham kuchda qoldirildi.

Ko‘pchilik MTS uchun ijobiy, deb baholagan sud qarori, Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, shirkatni to‘la qoniqtirmagan.

- Hozircha ijobiy o‘zgarishlarni sezganimiz yo‘q. Lekin biz masalani hal qilish urinishlarini davom ettirmoqdamiz, dedi MTS vakili.

Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, o‘tgan hafta sud chiqargan qaror MTSga taqdim etilganicha yo‘q, shu sababdan unda keltirilgan O‘zbekiston hukumatining 600 millionlik moliyaviy da‘vosini qondirish masalasi ham ko‘rib chiqilgani yo‘q.

Oliy sud hukmi MTS foydasiga bo‘ladigan taqdirda shirkat O‘zbekistonga qaytishga tayyormi, degan savolga Kuzmenko “bu haqda gapirish hali erta”, deya javob berdi.

MTS vakili seshanba kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda, O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga qarashli Moskva markazida joylashgan xashamatli kvartira musodara qilingani to‘g‘risida o‘tgan oy matbuotda paydo bo‘lgan xabarni ham inkor qildi.

- Gulnora Karimovaning kvartirasi to‘g‘risida mish-mishlar paydo bo‘lgan edi. Birinchidan bu mish-mishlarning paydo bo‘lishiga MTSning aloqasi yo‘qligini aytmoqchiman. Bundan tashqari MTSning O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarilishi yuzasidan Rossiyada ochilgan jinoyat ishi yakunlangani yo‘q, shu sababdan bu ish doirasida musodara to‘g‘risida qaror chiqarilishi ham mumkin emas. Jinoyat ishidan ko‘zlangan maqsad, ya‘ni MTSning yopilishiga aloqador bir guruh shaxslarni aniqlash ishlari ham yakunlangani yo‘q, dedi Valeriya Kuzmenko.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi 17 iyul kuni “O‘zdunrobita” mobil operatori faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. 31 iyul kuni esa Toshkent shahar xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi “MTS-O‘zbekiston” brendi ostida ishlagan “O‘zdunrobita”ni litsenziyalaridan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.

27 avgust kuni "O‘zdunrobita" mulozimlariga qarshi tekshiruvlar asosida to‘plangan faktlar mahkamaga oshirildi va 17 sentyabr kuni Toshkent shahar sudi “O‘zdunrobita” kompaniyasining to‘rt nafar xodimini uch yildan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qildi.

Ba‘zi tasdiqlamagan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Sharqiy Yevropada eng yirik hisoblangan mobil aloqa operatori o‘zaro mojaroni hal qilish bo‘yicha yopiq muzokaralarni olib bormoqda.

“O‘zdunrobita” operatori faoliyatining to‘xtatilishi O‘zbekistonda millionlab abonentlarning bir muddat aloqasiz qolishiga sabab bo‘ldi. Hozirda abonentlar boshqa operatorlarga o‘tib ketgan bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab uyali aloqa sifati sezilarli tarzda pasaygani kuzatilmoqda.

MTS-O‘zbekiston aloqasi mamlakatning 94 foiz hududini qamrab olib, 9 million abonentga xizmat ko‘rsatar edi.
XS
SM
MD
LG