Линклар

“O‘zbekkino” Milliy agentligining buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida bolalar uchun “Soy qo‘shig‘i” va “Sehrli qalpoqcha” nomli to‘liq metrajli ikkita badiiy filmni tasvirga olish ishlari yakunlandi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan “O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot kotibi Hakim Sattoriyga ko‘ra¸ yangi filmlar to‘laligicha davlat mablag‘i hisobidan suratga olingan.

- “Sehrli qalpoqcha” nomli sarguzasht film borasidagi ishlar o‘z yakuniga yetdi. Film stsenariysi mashhur o‘zbek bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtayevning romani asosida yozilgan¸- deydi Hakim Sattoriy.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ filmning bosh qahramoni – bezori Hoshimjon doim turli-tuman kulgili holatlarga tushib yuradi.

Hoshimjon maktabda o‘qishni istamaydi, mehnat qilmasdan rohatda yashashni istaydi, ammo hayotning o‘zi unga yaxshi saboq beradi.

Oxir-oqibatda film qahramoni inson hayotda bilim va mehnatsiz uzoqqa bora olmasligini tushunib yetadi.

“Soy qo‘shig‘i” filmida kompyuter o‘yinlarning bolalar ruhiyatiga ta‘siri mavzusi ko‘tarilgan.

- Ijodiy jamoa bejizga ushbu mavzuni tanlagani yo‘q, zero kompyuter o‘yinlarining bolalar dunyoqarashiga ta‘siri zamonaviy jamiyatning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi¸- deydi Ozodlik bilan suhbatda Hakim Sattoriy.

Film stsenariysini taniqli dramaturg Sharof Boshbekov yozgani muvaffaqiyat garovi sifatida baholanmoqda.

Shu paytgacha Sharof Boshbekov hamkorlik qilgan “Temir xotin”¸ “Ma‘rif va Sharif” filmlari tomoshabinlar orasida mashxur bo‘lgan edi.


Olabo‘ji haqida kino


Kompyuter o‘yinlarining bolalar dunyoqarashiga ta‘siri haqidagi kinoasarning nomi “Olabo‘ji” bo‘lishi kerak edi, keyinroq o‘zgartirishdi, deydi stsenariy muallifi Sharof Boshbekov Ozodlik bilan suhbatda:

- Kompyuter o‘yinlarining bolalar ruhiyatiga zarari butun dunyoda dolzarb bo‘lib turibdi. Kompyuter o‘yinidan ta‘sirlangan bolalarning qotillik qilishgacha borib yetganini bilamiz,- deydi Sharof Boshbekov Ozodlik bilan suhbatda.


Game over


O‘z ijodini O‘zbekistonda boshlagan va hozir Rossiyada tanilgan kinosan‘atkor Xudoybergan Yusupov 2002 yilda Moskvadagi “Soyuzmultfilm” kinostudiyasida kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketib, bolalik baxtidan judo bo‘lganlar haqida "Game over" filmini suratga olgan edi.

Film muallifi Xudoybergan Yusupov Ozodlik bilan suhbatda 2002 yilda suratga olingan film mavzusi bugunga kelib yanada dolzarblashganini aytadi:

- 2002 yilda bu muammo hozirgidan ko‘ra dolzarb emasdi. Tuvak ustida o‘tirib kompyuter o‘yinga berilgan bolakay shu o‘tirishida cholga aylanib qolganini o‘sha paytda bir oz bo‘rttirib tasvirlagan edik.

Oradan 10 yil o‘tib bu boradagi voqelik tasavvurimizdagidan ham dahshatli tus oldi,- deydi Xudoybergan Yusupov.

O‘zbekistonlik kinotasvirchi Umida Ahmedova nazarida bolalarning kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketishining salbiy oqibati bilan bog‘liq muammoni hal qilish barobarida bugun bolalarni kompyuterdan butunlay mahrum qilish maqsadga muvofiq emas.

- Kompьyuterlar bolalarda digital mushohadani rivojlantiradi¸ reaktsiya tezlashadi. O‘z fikrini digital tarzda kompyuterda ifoda qilishni ham bolalar o‘yin mobaynida o‘rganadi,- deydi Umida Ahmedova.
XS
SM
MD
LG