Линклар

Bu gal benzin taqchillashgani sababini poytaxtga benzin keltirayotgan sostavlarning kechikishi bilan izohlayotgan shoxobchalar xodimlari xaridorlarga tonggi soat 6-8 oralig‘ida kelishni tavsiya qilmoqdalar.

Toshkent shahridagi qator avtomobilga yoqilg‘i quyish shahobchalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida benzin ta‘minotida yana uzilish kuzatilmoqda.

- Uch kundan beri shu ahvol. Ertalab soat 9-10 gacha benzin bo‘layapti. Benzinni kechasi soat 1-2 da kelib, to‘kyapti. Shundan ertalab soat 9-10 gacha olishingiz mumkinda. Undan keyin uje tugab qolayapti, - dedi Toshkentning Olmazor tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birining xodimi.

Bu xodimga ko‘ra, taksi haydovchilari va benzinga ehtiyoji katta bo‘lgan xaridorlar tungi soat 3-4 lardan boshlab, shoxobchaga kelmoqdalar. Shaxsiy avtomobil sohiblari esa tonggi soat 7 dan boshlab navbatga turmoqda.

- Shu soat 9-10 dan keyin ochered ko‘payib ketadida. Kelsangiz, yarim soat- bir soat turishingiz aniqda, undan keyin kunduzi benzin tugab qolsa, ololmay qolish ham mumkin, deydi Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi operatorlardan biri.

So‘nggi uch kundan buyon yana benzin taqchilligini kuzatayotgan ayrim shoxobchalar xodimlari buning sabablaridan aniq xabardor emasligini aytmoqdalar.

Ulardan ba‘zilari Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan kelayotgan sostavlarning kechikayotganidan xabardorligini aytmoqda.

- Benzin tortilmayapti, menimcha. Vagonlar ushlanib qolishi mumkin, kechikishi mumkin. Har xilda vaziyat, dedi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi shoxobchalardan birining raxbari.

Yana bir suhbatdosh esa buni yil yakuni bilan bog‘ladi.

- Yil oxirlayaptiku. Shunga yana benzin tortilyaptida, dedi poytaxtdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birining xodimi.

O‘zbekistonda ba‘zi-ba‘zida bir necha kunlab benzin taqchillashib qolishi odatiy holga aylanib bormoqda va bunday taqchillikning benzin savdosiga mas‘ul guruhlar tomonidan sun‘iy ravishda uyushtirilishi ham aytib kelinadi.

Asosan, Toshkentda kuzatiladigan bu holatdan alohida guruhlarning manfaatdorligi va bu guruhlarning bevosita hukumat idoralariga aloqadorligi haqidagi turli ma‘lumotlar, odatan, mutasaddi idoralar tomonidan izohsiz qoldirib kelinmoqda.

Ammo shu yilning yozida nafaqat Toshkent, balki respublikaning bir qator viloyatlarida ham kuzatilgan yoqilg‘i taqchilligi haqida qator xorij axborot vositalarida, shu jumladan, Ozodlikda berilgan xabarlar O‘zbekiston rasmiy matbuoti tomonidan inkor qilingan edi.

12news.uz nashri rasmiy matbuot Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yilning dastlabki 6 oyi ichida belgilangan limitdan 2 ming 300 tonna ortiq benzin ishlab chiqargani haqida yozganini xabar qilgan edi.

Shuningdek iyul oyida tarqatilgan rasmiy xabarda mamlakatdagi agrar sektorda hosil yig‘ish mavsumi boshlanayotgani bois, odatdagidek, yoqilg‘ining birinchi galda shu sektorga berlishi qisman taqchillikni keltirishi mumkinligi aytilgan edi.

Ammo, shu yil yozidagi taqchillik ortidan Farg‘onadagi zavodning mamlakatda benzin taqchilligini sun‘iy ravishda keltirib chiqarish va shu orqali benzin narxining oshishidan manfaat ko‘rganlikda ayblangan 30 dan ortiq rahbari xodimi hibsga olindi.

Mustaqil manbalar xabariga ko‘ra, hozir zavodning rahbariyati deyarli to‘liq yangilangan, ammo shunga qaramasdan benzin ta‘minotida avval kuzatilgan muammolar hanuz bartaraf etilmagan.

Shu yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda benzin narxi oshirilgan va Ai-80 markali benzin 1605 so‘m ($0,56), Ai-91 markali benzin - 1770 so‘m ($0,62), Ai-95 markali benzin esa - 1955 so‘m ($0,7) bo‘lgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatda benzin ishlab chiqarish 2011 yilning 9 oyi mobaynida 2,6 foiz (1,009 million tonna), kerosin 4,5 foiz (260,3 ming tonna), dizel yoqilg‘isi 1,1 foiz (845,5 ming tonna), siqilgan gaz ishlab chiqarish esa 4,4 foiz (191,8 ming tonna) ga kamayganini ma‘lum qilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 2,8 million tonna hajmida suyuq uglevodorod qazib olinadi. Biroq, birgina Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining quvvati yiliga 5 million tonna neftni qayta ishlashga mo‘ljallangan.

Shu bois tahlilchilar avvaliga xam ashyoning ozligi, keyin esa yoqilg‘i savdosiga mas‘ul guruhlarning o‘ta korruptsiyalashib ketgani O‘zbekistonda yoqilg‘i taqchilligining tobora odatiy tus olayotgani sababi ekanini aytmoqdalar.

Bundan tashqari, mamlakatda yildan-yilga kengayib borayotgan iqtisodiy strukturalar va avtomobil parklari ham mamlakatdagi energetik taqchillikni yanada kuchaytirayotgani kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG