Линклар

Rossiyaning eng badavlat fuqarosi sanalgan asli namanganlik Alisher Usmonov¸ Londondagi RLM Finsbury piar shirkatiga Wikipediadagi biografiyasidan “qorong‘u sahifa”larni olib tashlash uchun katta pul to‘ladi¸ deb yozdi Britaniya nashrlari.

Forbes nashrining 2011 yilgi hisob-kitobi bo‘yicha¸ 18¸1milliard AQSh dollariga ega bo‘lgan Alisher Usmonov Rossiyaning birinchi¸ Britaniyaning ikkinchi¸ dunyoning esa¸ 28-eng boy odamidir.

Usmonov G‘arbda asosan Londondagi "Arsenal" futbol klubining eng yirik aktsioneri sifatida tanilgan va Britaniyadagi yuzlab million dollarlik ko‘chmas mulk egasi ham sanaladi.

O‘z asosiy biznes aktivlarini anchadan beri legal tarzda G‘arb¸ xususan Britaniyaga ko‘chirish taraddudiga tushgan Alisher Usmonov¸ The Times gazetasining yozishicha¸ o‘z milliardlari yordamida o‘tmishining ayrim tafsilotlari o‘chirib¸ uni tozalashga urinmoqda.

Bu tozalash¸ Usmonovga qarashli "Megafon" telekommunikatsiya shirkatining 12 milliard dollarga baholangan aktsiyalari ochiq savdoga qo‘yilishi oldidan¸ aynan ingliz tilidagi Wikipediada amalga oshirilgan.

Mazkur savdo arafasida Usmonov Londonda joylashgan RLM Finsbury shirkati bilan shartnoma tuzgan va astronomik pul evaziga shirkatning ismi ochiqlanmagan piarchilariga¸ Wikipedia Internet entsiklopediyasiga qo‘yilgan ingliz tilidagi o‘z biografiyasini tahrir qilish haqida buyurtma bergan.

“Tahrir qilinishi”¸ aniqrog‘i Internet yuzidan o‘chirilishi lozim bo‘lgan tafsilotlardan biri Alisher Usmonovning 1980 yil 19 avgustida tovlamachilik¸ davlat va jamoat mulkini o‘g‘irlash ayblari bilan Toshkentdagi Turkiston harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilinganidir.

Usmonov 1986 yilda¸ qamoq jazosini to‘liq o‘tamay turib¸ sovet sudi tomonidan ozod etilgan¸ 2000 yilda esa¸ O‘zbekiston Oliy sudi uni rasman reabilitatsiya qilgan edi. Rossiya matbuotining yozishicha¸ Karimovlar oilasi yordamida Usmonov o‘tmishdagi jinoyatlariga oid O‘zbekiston huquq va adliya tizimlarida saqlanib kelgan barcha dalil-isbotlarni butunlay yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni paytda¸ Alisher Usmonovning o‘zi sovet sudi siyosiy qarashlari uchun jazolaganini da‘vo qilib¸ yoshligidan jinoiy guruhlarga aloqador bo‘lganini inkor etib keladi. O‘ziga nisbatan kompromat bo‘lishi mumkin barcha ashyoviy dalillar yo‘q qilinganiga qattiq ishonganidan shekilli¸ Usmonov talabi bilan¸ Britaniya shirkati uning o‘tmishiga nisbatan berilgan “jinoiy” degan so‘z va Usmonov qamalashiga oid barcha tafsilotlarni olib tashlagan. Buning o‘rniga¸ piarchilar tomonidan Usmonovning xayriya ishlari va san‘atga homiyligi haqidagi bob kiritilgan.

Ayni soatlarda Wikipedianing ingliz tilidagi saytiga qo‘yilgan Usmonov biografiyasida¸ uning 1980 yilda qamalgani¸ ammo O‘zbekiston Oliy sudi keyinchalik uning uydirma ayblar bilan¸ adolatsiz ravishda qamalganini tan olib¸ Usmonovning hech qachon¸ hech qanday jinoyatga qo‘l urmaganini tan olgani” haqidagi qisqa yozuv turibdi¸ xolos. Usmonov o‘tmishining bunday “tozalanishi” RLM Finsbury piar shirkatining o‘ziga to‘langan astronomik pulni oqlagani dalilidir.

Wikipediadagi o‘z biografiyasidan Usmonov olib tashlanishini talab qilgan va bunga erishgan tafsilotlardan yana biri¸ uning o‘zini tanqid qilganlar¸ xususan mustaqil bloggerlarga qarshi uyushtirgan kampaniyasiga oid ma‘lumotlardir.

2007 yilda Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreg Myurrey Alisher Usmonovni “6 yil qamoqda o‘tirgan gangster va reketyor” deb atadi buning ortidan Usmonov Myurrey bayonotini qaytarib bosgan bloggerlarning barchasini javobgarlikka tortish uchun tuhmat bilan bog‘liq ishlarda ixtisoslashgan Schillings shirkatini yollagan.

2010 yilning avgust oyida¸ bu mojaro bilan bog‘liq barcha tafsilotlar Wikipediadagi Usmonov biografiyasidan olib tashlandi. The Times gazetasining yozishicha¸ bu ishni aynan Usmonovdan pul olgan Finsbury xodimi amalga oshirgan.

Usmonov sir qolishini istayotgan yana bir toifa tafsilotlar¸ uning biznes sheriklari¸ shuningdek¸ o‘z taklifiga ko‘nmaydigan biznesmenlar bilan “ishlash” uslubiga oiddir.

AQSh Adliya vazirligi tomonidan Markaziy Osiyodagi eng yirik narkobaron deb e‘lon qilingan G‘afur Rahimov bilan aloqalari haqida so‘ralganda 1998 yilda Usmonov¸ “G‘afur mening ota-onamga yordam bergan. Ammo mening u bilan hech qanday aloqam¸ xususan biznes aloqam yo‘q”¸ deb javob bergan.

Ammo mustaqil manbalar Usmonovning kriminal avtoritet bo‘lgan G‘afur Rahimov bilan yaqin aloqalari borligini ta‘kidlaydi va bu haqdagi ma‘lumotlar ham Wikipedianing inglizcha saytidagi Usmonov biografiyasidan olib tashlangan.

Xuddi shunday¸ ingliz tilidagi Wikipediaga Usmonov haqida qo‘yilgan ma‘lumotlar orasidan¸ uning “Megafon” shirkatini qanday qo‘lga kiritganiga oid mojaroli tafsilotlar ham olib tashlangan.

“Megafon”ning avvalgi yirik aktsioneri Leonid Rojetskin sud materiallarida o‘z qo‘lidagi paket aktsiyalarni topshirmasa¸ jismonan yo‘q qilinishi haqida tahdid qilinganini aytgan. Wikipediaga qo‘yilgan maqolada 2008 yil martida Rojetskinning bedarak yo‘qolgani va may oyida esa uning advokatlari Usmonov bilan sud tortishuvida murosaga erishib¸ “Megafon”ning sotilishi uchun yagona to‘siq oradan ko‘tarilgani yozilgan edi.

“Garchi hozircha hech kim Usmonovning Rojetskin o‘limiga aloqasi borligini isbot qilmagan bo‘lsa ham¸ 2008 yilning avgust oyida Usmonovning “Megafon”ni olishiga to‘sqinlik qilgan shaxsning jasadi topildi”¸ deb izoh beradi The Times gazetasi.

Usmonov yollagan piar shirkati Wikipediadan umuman Rojetskin nomi va “Megafon” bilan bog‘liq janjalga oid ma‘lumotlarning barchasini o‘chirib tashlagan.

Britaniya nashrlari bu shirkatning katta pul evaziga Usmonov biografiyasini tahrir qilib¸ uning o‘tmishdagi shubhali harakatlarini o‘chirib tashlaganini fosh qilganidan so‘ng¸ RLM Finsbury rahbariyati bu ishiga iqror bo‘ldi va jamoatchilikdan uzr ham so‘radi.

“Wikipediada Usmonov haqida “jiddiy va asossiz gaplar bor edi¸ ammo biz bu ishni risoladagiday qilishimiz kerak edi. Bunday yondashuv Usmonov tomonidan tanlangani yo‘q”¸ deya bayonot berdi shirkat rahbariyati.

Ozodlik Finsbury shirkati mas‘ullari bilan Usmonov biografiyasining tahrir qilinishi yuzasidan kengroq sharh olishga urindi¸ ammo kun davomida shirkatning bu masalada gapirishi mumkin xodimining joyida yo‘qligi iddao qilindi.

Dunyodagi eng yirik onlayn entsiklopediya bo‘lmish Wikipedia istalgan shaxsning istalgan ma‘lumotni qo‘yish¸ to‘ldirish va tahrir qilishiga imkon beradi. Ammo ayni paytda¸ Wikipediadan foydalanish qoidalari piar shirkatlarining qo‘yilgan materiallarni tahrir qilishini “manfaatlar to‘qnashuvi” xavotiri yuzasidan taqiqlaydi.

Usmonov biografiyasining aynan piar shirkati tomonidan tahrir qilingani munosabati bilan tug‘ilgan janjalga munosabat bildirgan Wikipedia boshqaruvchisi Jane Wilson bu qoidalarning Finsbury kabi shirkatlar tomonidan e‘tirof etilganini eslatib o‘tdi va ularga yana bir bor Wikipedia bilan ishlash qoidalarini yaxshilab o‘qib chiqishni tavsiya qildi.
XS
SM
MD
LG