Линклар

London hokimi Boris Jonson velosipedda ketayotgani tasvirlangan suratga ko‘zingiz
tushmadimi, mabodo? Qizig‘-a, hayhotdek shaharni so‘rab turgan hokimto‘raning kuni
qo‘shg‘ildirakka qolgan bo‘lsa?!

Shu surat Feysbuk tarmog‘iga qo‘yilgan ekan. Bir necha soat ichida bir necha yuz odam “Yoqtiraman” tugmasini bosibdi. “Ee, otangga rahmat!”, “Yashavor, shovvoz!” “Bo‘larkan-ku!” singari turli tillardagi olqish-izohlarning ham adog‘i ko‘rinmaydi.

Endi, amaldor odam (yana, London kabi qudratli shaharning hokimi!) xalq transportida yursa avomga moydek yoqadi-da!

Shvetsiyada kimsan podshoh a‘zam Gyustavning shaxsan o‘zlari ikki g‘ildirakli dastyorda yuradi, uning oldida Jonson kim bo‘pti deyishingiz mumkin.

Lekin almoyi-jalmoyi soch turmagi, ancha-muncha arbobning rang-qutini o‘chiradigan jazavali chiqishlari va shunga yarasha serko‘lam ishlari bilan tilga tushgan Boris Jonsonning yo‘rig‘i baribir bo‘lakcha.

Ijtimoiy tarmoq ham choyxonadek gap, izdihom ko‘ngliga kelganini aytadi. London hokimining suratiga bu yog‘i Qozog‘iston-Qirg‘iziston, u yog‘i Rossiya-Ukrainadan izohlar qoldirilgan.

Hatto Moskva, Sankt-Peterburg, Olmaota kabi nisbatan liberal shaharlar vakillari ham umidsizlik bilan hokimlari velosipedda yurishini tasavvur qilolmasliklarini yozishgan.

...Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonov ham velosipedda yurishi mumkinmi?!

Har kimning og‘zi o‘zida, albatta. Lekin Toshkenti azimning hokimi narxi mundayroq avtobus olishga yetadigan “inomarka”sini bir chetga qo‘yib, velosipedda ishga kelishi... hech tasavvurga sig‘mayapti-da.

Bir-ikki yil oldin poytaxt tuman hokimlari jamoat transportida yuradi degan xabarlar tarqaldi. Bu shunchaki reklama edim-u, “falon tuman hokimini avtobusda ko‘rdim”, degan odam bo‘lmadi.

“Anoyi bo‘lmang, Boris Jonsonning “velik”da yurishi shunchaki siyosiy texnologiya, saylovchilarning ko‘zini boylash usuli” deysizmi?

Mayli-da, siyosiy texnologiyami, boshqami, velosipedparvarligi uning obro‘sini oshiryapti-ku. Boris Jonsonbey (bey deganimga hayron bo‘lmang, sinchilarning uqtirishicha, London hokimida turk qoni ham bor), mana, 2012 yili ikkinchi muddatga hokimlikka saylandi-ku!

Rahmonbek Usmonov ham biror kun velosipedda yursa (shunchaki xo‘jako‘rsin uchun bo‘lsa ham!), hokimning tirigini ko‘rmagan toshkentliklar, jillaqursa, uni tanib olarmidi?..
XS
SM
MD
LG