Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:15

Farg‘ona.ru agentligi Qirg‘izistonda sudlashmoqchi


Farg‘ona.ru axborot agentligi Qirg‘izistonda 8 oydan beri parlament qaroriga muvofiq to‘sib qo‘yilgan.
Farg‘ona.ru axborot agentligi Qirg‘izistonda 8 oydan beri parlament qaroriga muvofiq to‘sib qo‘yilgan.
Qirg‘iziston parlamentining 2011 yil iyun oyida qabul qilgan qaroriga muvofiq Davlat aloqa agentligi Farg‘ona.ru axborot agentligi sayti to‘sib qo‘ygan. Parlamentning noqonuniy qarorini ijro etayotgani uchun Farg‘ona.ru endilikda bu davlat agentligini sudga bermoqchi.

Qirg‘izistonda 2010 yil yozida yuzaga chiqqan qonli milliy nizodan bir yil o‘tib¸ mamlakat parlamenti misli ko‘rilmagan qaror qabul qildi - O‘sh va Jalolobodda yuzaga chiqqan iyun qirg‘inini mustaqil yoritgan Farg‘ona.ru saytini Qirg‘izistonda yopish haqida buyruq berildi.

Farg‘ona axborot agentligining bu noqonuniy qarorning noqonuniy ijrosini to‘xtatish to‘g‘risida Davlat aloqa agentligiga qilgan rasmiy murojaatiga nisbatan davlat agentligi parlament qarorini ijro etish mas‘uliyatida ekanini bildirish orqali javob qaytargan.

Bu jarayon boshdan-oxiriga qadar Qirg‘iziston qonunlariga xilof bo‘lgani uchun¸ biz Davlat aloqa agentligini mahkamaga tortishga qaror qildik¸ deydi 14 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Farg‘ona.ru axborot agentligi bosh muharriri Daniil Kislov:

- Saytimiz Qirg‘izistonda yopib qo‘yilganidan beri o‘tgan 8 oy davomida biz turli qirg‘iz idoralari bilan muntazam yozishmalar va muzokaralar olib bordik va agar biz haqiqatan ham biror qonunni buzgan bo‘lsak¸ uni bilishga urindik. Ammo bizga hech kim rasman e‘tiroz bildirmadi. Davlat hokimiyatining qator tizimlari bizga parlamentning o‘z qarorini bekor qilishini kutishimizni maslahat berishdi¸ deydi Daniil Kislov.

Olib borilgan muzokara va yozishmalar natija bermaganidan so‘ng¸ boz ustiga Davlat aloqa agentligi rahbari Sagimbayevning bizga parlament qarorini bajarishga mas‘ul ekani haqida yo‘llagan rasmiy javobidan so‘ng Farg‘ona.ru tahririyati Qirg‘iziston Davlat aloqa agentligini sudga berishga qaror qildi¸ deb davom etadi Kislov:

- Bizning asosiy bitta e‘tirozimiz bor. Biz o‘z saytimizni nima qilib bo‘lsa-da Qirg‘izistonda ochilishiga erishish uchun mahkamaga bormayapmiz. Biz agar saytimiz Qirg‘izistonda rasman to‘sib qo‘yilar ekan¸ bu ishning qonunga ko‘ra¸ legitim tarzda amalga oshirilishini talab qilamiz. Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra¸ u yoki bu saytni to‘sish uchun Bosh prokuratura sudga ariza berishi va o‘z iddaosini asoslab berishi lozim. Shundan so‘ng sud hukm chiqarishi kerak bo‘ladi. Va bu jarayonda bizga ham o‘zimizni himoya qilishga imkon berilishi kerak bo‘ladi¸ deydi Farg‘ona.ru axborot agentligi bosh muharriri Daniil Kislov.

Farg‘ona axborot agentligining Qirg‘izistondagi haqlarini himoya qilish¸ xususan sudda uni himoya qilish bilan bishkeklik advokat¸ “Pretsedent” guruhi rahbari Nurbek Toktakunov shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatda advokat¸ Qirg‘iziston parlamentining Farg‘ona.ru agentligi saytini to‘sib qo‘yish qarori ham¸ Davlat aloqa agentligi tomonidan bu qarorning ijro etilishi ham Qirg‘iziston qonunlariga xilof ekanini ta‘kidlaydi:

- Parlament o‘z vakolatida bo‘lmagan qaror qabul qildi. Davlat aloqa agentligi esa bu noqonuniy qarorni ijro etish orqali qonunni buzdi. Shuning uchun biz aynan Davlat aloqa agentligini noqonuniy qarorni ijro etayotgani uchun suda berishga qaror qildik¸ deydi Toktakunov.

2010 yilning aprel-may-iyun oylarida Qirg‘iziston janubida yuzaga chiqqan voqealar¸ xususan milliy nizoni taftish qilgan hukumat komissiyasi o‘z xulosalari orasida Farg‘ona.ru axborot agentligi saytini to‘sishni ham tavsiya qilgan edi. Qirg‘iz parlamentining mustaqil axborot agentligini to‘sish qarori ana shu komissiya tavsiyasiga asoslangan.

Ammo mustaqil kuzatuvchilar¸ Farg‘ona.ru saytining qirg‘iz deputatlari tomonidan taqiqqa uchrashi va Davlat aloqa agentligi tomonidan to‘sib qo‘yilishidan maqsad¸ Qirg‘iziston janubidagi asl vaziyatga oid mustaqil axborotning rus tilida tarqalishi yo‘lini to‘sish ekanini ta‘kidlamoqdalar.

Farg‘ona.ru bosh muharriri Daniil Kislov¸ qirg‘iz sudining agentlik arizasi bo‘yicha chiqaradigan qarori parlament boshqaruviga o‘tgan Qirg‘izistonda erkin matbuotga nisbatan munosabatning qay yo‘nalishga burilganini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi sinov bo‘lajagini aytadi.
XS
SM
MD
LG