Линклар

logo-print
Qarorgohi Lozanna shahrida joylashgan Xalqaro Gimnastika federatsiyasi FIG o‘zbekistonlik gimnastikachi Luiza Galiulinani olti oyga xalqaro musoboqalardan chetlatdi.

Federatsiya matbuot vakili Filip Silachchining Ozodlikka ma’lum qilishicha, bu qaror Galiulinaning London Olimpiadasi paytida doping iste’mol qilgani va ikkinchi tekshiruv natijalari ham buni tasdiqlagani asosida qabul qilingan:

- Ikkinchi tekshiruv ham sportchi organizmida taqiqlangan furotsemid moddasi bo‘lganini tasdiqladi va shu asosda federatsiyamiz 13 noyabr kuni bu gimnastikachini olti oyga xalqaro musoboqalardan diskvalifikatsiya qilishga qaror berdi, dedi Silachchi.

Xalqaro Gimnastika federatsiyasining 13 noyabr kuni qabul qilgan qarori test olingan 1 avgustdan boshlab kuchga kirgani bois¸ 20 yoshli Luiza Galiulina 2013 yilning 30 yanvariga qadar sport musobaqalarida qatnasha olmaydi.

Shu bilan birga Xalqaro federatsiya O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasiga 2000 shveytsariya franki (2100 AQSh dollari) miqdorida jarima ham soldi.

O‘zbekiston tomoni Xalqaro Gimnastika federatsiyasi qarori yuzasidan 21 kun ichida shikoyat topshirishi mumkin. O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi prezidenti mamlakat rahbarining kenja qizi Lola Karimovadir.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi bosh kotibi Go‘zal Filipova¸ Xalqaro federatsiya qaroridan xabari borligi, lekin bu yuzadan faqat yozma tarzda izoh berishi mumkinligini aytdi.

Ozodlikning ëzma murojaatiga esa hozircha Filipovadan javob kelmadi.

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiadasida O‘zbekistonni tamsil etgan yagona sport gimnastikachisi edi.

Musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin, 25 iyul kuni Galiulina doping sinovidan o‘tgan.

Qonida taqiqlangan furotsemid moddasi topilganidan so‘ng u dastlab vaqtincha musoboqalardan chetlatilib, keyin Olimpiada qishlog‘idan haydalgan edi.

Murabbiylari uning Olimpiada medallaridan birini olishiga umid qilishayotgan edi.

Galiulina o‘tmishda bir qator xalqaro musoboqalarda muvaffaqiyatli chiqishlari bilan tanilgan o‘zbek gimnastikachisidir.

U Qatarda 2005 yili bo‘lgan Osiyo chempionati hamda 2010 yili Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarining bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

2011 yilda sport gimnastikasi bo‘yicha Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham Galiulina uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Luiza Galiulina London olimpiadasida taqiqlangan modda iste’mol qilgani sababli musobaqalardan rasman chetlatilgan o‘zbekistonlik yagona sportchi emas.

O‘zbekistonlik dzyudochi Abdulla Tangriyev qonidagi nasha alomatlari topilganidan so‘ng London Olimpiadasiga umuman qo‘yilmadi va uning ikki yilga xalqaro musoboqalarda ishtirok etishi taqiqlab qo‘yildi.

O‘zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiev qon namunasida ham sportchilar uchun taqiqlangan metilgeksanamin moddasi aniqlanganidan so‘ng u bronza medalidan maxrum etildi.

Hozirda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasidan Tigievga berilgan bronza medali va diplomni qaytarib berishni so‘ramoqda.
XS
SM
MD
LG