Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:11

O‘zbekiston bo‘ylab benzin taqchilligi kuchaymoqda


Toshkentdagi AYoQShda navbat
Toshkentdagi AYoQShda navbat
Toshkent shahrida 15 noyabr kuni benzin umuman tortilib qoldi. Yonilg‘i keltirilgan AYoQShlarda turnaqator avtomobillar navbati vujudga keldi.

Shu kuni mashinasiga benzin quygani AYoQShga borgan toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov yaqin bir soat navbatda turganini aytdi:

- Men hozir Shimoliy vokzalning yaqinidagi “PoytaxtOyl” degan zapravkada turibman. Navbatda turganimga 48 minut bo‘ldi hozir. Uch qatorda 100 tacha mashina navbatda turibdi. Eng qizig‘i shundaki¸ hamma haydovchilar baklarini to‘ldirib-to‘ldirib benzin olayapti, deydi Abdurahmon Tashanov.

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi Narimonning aytishicha, To‘ytepa shahri va uning atrofidagi o‘nga yaqin AYoQShdan faqat bittasi ishlayapti:

- Oldimizda taxminan o‘ntacha zapravka bor. Benzin betayin, bir bo‘ladi, bir bo‘lmaydi. Uzgazoylda umuman yo‘q, xususiylarga har zamon bir kelib turadi, keyin ochirat bo‘ladi, deydi to‘ytepalik Narimon.

O‘zbekiston janubiy viloyatlarida benzin taqchilligi paydo bo‘lganiga bir oydan oshdi, deydi jarqo‘rg‘onlik O‘rol aka:

- Benzin juda kam, kam, kam. Haftasiga bir vagon kep turibdi neftebazaga. Bir kuni sotiladi shu bilan tamom. Benzin qo‘lda 3000 so‘mga, solyarka esa 4000 so‘mdan sotilyapti, deydi jarqo‘rg‘onlik O‘rol aka.

Qashqadaryo viloyati tumanlarida ham bir litr benzin qo‘lda 3500 so‘mga chiqib ketdi, deydi Koson tumanida istiqomat qiladigan Akrom:

- Zapravkalarda benzin yo‘q. Misol¸ bizni shahrimizda 15 ta zapravka bo‘lsa, shuni bittasiga keladi. 400 dan ortiq moshina ochirat bo‘lib ketadi. Etganiga etadi, etmaganiga yo‘q. Qo‘lda esa bor. Bir litr 80 rusumli benzinning davlat narxi 1605 so‘m, lekin qo‘lda 3300-3500 so‘m, deydi kosonlik Akrom.

Ozodlik Qorqalpog‘iston respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi manbalariga ham qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. Suhbatdoshlarning aytishlaricha, paxta mavusmi boshlangandan buyon hamma joyda benzin taqchillashib qolgan.

Ozodlik muxbiri bu muammo sabablarini o‘rganish maqsadida “O‘zneftmahsulot” hissadorlik kompaniyasi bilan bog‘landi. Kompaniya mulozimi Xurram Rahimov viloyatlarda nima sababdan benzin taqchillashib qolganidan xabari yo‘qligini aytar ekan, Toshkent shahridagi taqchillik sabablarini shunday izohladi:

- Viloyatlarda bilmadimu, lekin Toshkentda sovuq tushgani sababli gaz ozgina tortilgandan keyin gazda yuradigan mashinalar benzin olishga majbur bo‘ladi. Shuni aniq aytamanki, benzin oldin qancha Toshkentga berilgan bo‘lsa shuncha berilayapti, fond kamaygani yo‘q.

Ikkinchidan, odamlar benzin qimmat bo‘larmish, benzin yo‘q bo‘larmish degan vahimaga tushib qolishgan. Agar ehtiyoji uchun 10 litr oladigan bo‘lsa, endi 50 litrdan olishayapti, balki uylaridagi kanistralarga bo‘shatib, yana qaytib kelib olayotgandir. Ya’ni odamlar sun’iy ravishda o‘zlariga muammo yaratmoqda. Shuni hisobiga zapravkalarga berilgan mahsulot tez tugab qolishi va zapravkalar ishlamasligi vujudga kelmoqda, deydi “O‘zneftmahsulot” mulozimi Xurram Rahimov.
XS
SM
MD
LG