Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

Toshkentda "qiz sotish"da gumonlangan uch ayol qo‘lga olindi


15 noyabr kuni O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari Toshkentning Shayxontohur tumanida o‘tkazgan reyd natijasida odam savdosida gumonlanayotgan uch ayol hibsga olindi.

Ushbu amaliyot guvohlarining Ozodlikka aytishicha, kunduz soat 12 da Qoratosh mahallasidagi besh qavatli uylardan birini fuqarolik kiyimida bo‘lgan 15 nafarcha "barzangi" kishilar o‘rab olgan.

Guvohlarga ko‘ra, o‘zlarini Terrorchilikka qarshi kurash korpusi (O‘zbekiston qurolli kuchlariga qarashli maxsus otryad) xodimlari deb tanishtirgan bu kishilar ikkinchi qavatdagi kvartira eshigini taqillatganida ichkaridan eshikni hech kim ochmagan.

Xavfsizlik xodimlaridan biri uyning ichkarisiga narvon yordamida oynadan kirgan va ko‘p o‘tmay ushbu kvartiradan yoshlari 30-35 yosh atrofida bo‘lgan uch ayol olib chiqilgan. "Ayollardan birining qo‘lida go‘dak bolasi ham bor edi"¸ deydi Toshkentdagi Ozodlik manbasi.

Xavfsizlik xodimlarining aytishlaricha, uchala ayol odam savdosi, xususan o‘zbekistonlik qizlarni Dubayga olib chiqib fohishalik uchun sotganlikda gumonlanib qidiruvga berilgan.

Mazkur xonadonda ularning qariyb bir yarim oydan buyon yashirincha yashab kelgani aytilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ayollardan birining opasi ushbu ko‘p qavatli uyda yashab kelgan va u yashirinib yurgan ayollarni xorijga ketib uy kalitini o‘ziga qoldirgan qo‘shnisining uyiga joylashtirgan.

O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurash susaymayotgan esa-da, odam savdosi qurbonlari haqidagi xabarlar ham kamaymayotir.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalarida, mamlakat vokzal va aeroportlarida odam savdosidan ogohlantiruvchi reklamalar ko‘paygan.

O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari odam savdosi ko‘lami va bu illatga qarshi kurash sarhisoblarini jamoatchilikka ko‘p ham oshkor qilmaydi.

Aynan shu tufayli AQSh Davlat departamentining odam savdosi bo‘yicha 2012 yilgi hisobotida O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha minimal talablarni bajarmagan davlatlar qatoriga qo‘yilgan.

Hisobotga ko‘ra, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainaga ketgan o‘zbek erkaklari va ayollari og‘ir mehnatga majburlanishlari mumkin.

Odam savdogarlari qo‘liga tushgan ayollar esa¸ aksar holatlarda¸ BAA, Hindiston, Tailand, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya, Malayziya va Indoneziyada jinsiy xizmat ko‘rsatishga majbur qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG