Линклар

logo-print

Isroil hukumati janggarilar tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sektoriga nisbatan hujumlar keskinlashtirilishidan ogohlantirdi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga nisbatan harbiy amaliyotlar ko‘lami "yanada kengayishi"ni ma‘lum qildi.

Bu haqda Isroil Vazirlar mahkamasidagi yig‘ilishda gapirgan Netanyaxu isroillik harbiylar hujumlarni keskinlashtirishga tayyorligini ta‘kidladi.

- Isroil Mudofaa kuchlari G‘azo sektoridagi 1000 dan ziyod ob‘ektni hujumga oldi va bu amaliyotlar har daqiqa davom etadi. Ayni amaliyotlar natijasida jiddiy shikast yetkazildi. Biz XAMAS va terrorchilik tashkilotlariga qimmatga tushiramiz. Isroil Mudofaa kuchlari o‘z amaliyotlarini yanada kengaytirishga tayyorlanayapti, dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

Besh kundan buyon davom etayotgan Isroilning G‘azo sektorini bombalashi yakshanba kuni ham davom etdi.

Isroil harbiylarining XAMAS ob‘ektlarini doimiy o‘qqa tutishi natijasida yakshanba kuni ertalab G‘azo osmonini oq tutun qopladi.

Isroil harbiylari XAMASning xavfsizlik xizmati bosh qarorgohini nishonga olganini ma‘lum qildi.

Falastinlik guvohlarning aytishicha, Eronning Al-Quds satelit telekanali ham hujumlar natijasida vayron bo‘lgan.

Eron matbuoti telekanal binosiga ikki marta bomba tashlangani haqida xabar qildi. Hujum natijasida olti nafar mahalliy jurnalist jarohatlangan.

Isroil tomoni telekanalga qilingan hujumlar XAMAS foydalanib keladigan telekanal binosidagi antennalarga yo‘naltirilgani haqida gapirdi.

Shuningdek, isroillik harbiylarning aytishicha yakshanba kuni G‘azo tomonidan otilgan uchta raketa Isroil hududiga kelib tushgan.

Ayni paytda G‘azo chegarasiga keltirilgan isroillik minglab harbiylar tanklar yordamida quruqlik orqali hujum boshlashga shay holatda turibdi.

Chorshanba kuni Isroil tomonidan G‘azo mintaqasining bombardimon qilishi oqibatida XAMAS liderlaridan biri Ahmad al Jabariy o‘ldirilgan edi.

XAMASning jangari qanoti o‘z liderlarini o‘ldirish orqali Isroil “do‘zax eshiklarini ochgani”ni ma‘lum qilgan edi.

G‘azodagi shifokorlardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, otishmalar boshlanganidan buyon jami 50 falastinlik o‘ldirilgan va yana 400 falastinlik jarohatlangan. Isroil tomondan uch kishi qurbon bo‘lgan yana jarohatlanganlar ham bor.

Qo‘shma Shtatlar G‘azo mintaqasidagi har ikkala tomonni ziddiyatning yoyilishidan voz kechishga chaqirdi.

Oq uy bayonotida ziddiyatga falastinlik janggarilar tomonidan Isroil hududiga raketa zarbalari berilgani sabab bo‘lgani ta‘kidlangan va Isroilning mudofaa huquqi e‘tirof etilgan. Falastin vakillari esa Vashingtonni tarafkashlikda ayblaganlar.

Kecha Misr prezidenti Muhammad Mursiy taklifiga ko‘ra Qohiraga XAMAS rahbari Xolid Mash‘al hamda Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yetib keldi.

Erdo‘g‘on bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida Mursiy Isroil va Falastin o‘rtasida tez orada sulhga erishilishi mumkinligini qayd etdi, biroq o‘t ochishni to‘xtatish muddati haqida aniq bir gap aytolmadi.

Arab davlatlari ligasiga kiruvchi mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari kecha Qohirada o‘tkazilgan shoshilinch kengashda Isroil-Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha tinchlik tashabbuslari G‘azo mintaqasi atrofida sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar tufayli qayta ko‘rib chiqilajagini bildirdilar.

2002 yili arab o‘lkalari Isroilga Falastin hududlaridan qo‘shinlarini olib chiqib ketish va qochqinlarga vatanga qaytish huquqini berish evaziga diplomatik e‘tirofni taklif qilgandilar. Endilikda Arab davlatlari ligasining Isroilga nisbatan pozitsiyasi keskinlashishi mumkin.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, kechagi kengashda liga o‘z delegatsiyasini yaqin ikki kun ichida G‘azoga yuborishi haqida qaror olingan.
XS
SM
MD
LG