Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:39

Toshkent hayvonot bog‘i rahbari hibsda saqlanmoqda


Toshkentdagi hayvonot bog‘ining 16 xodimi, jumladan, direktor Olim Rasulev hayvonlarni saqlash uchun ajratilgan qariyb bir yarim milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib tergov qilinmoqda.


Noqonuniy maosh


Toshkentdagi hayvonot bog‘ining ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan xodimi Ozodlik bilan suhbatda hayvonot bog‘ining 16 xodimi va direktori Olim Rasulev faoliyati ustidan surishtiruv borayotgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

Ammo u huquq-tartibot idoralari surishtiruvi jinoiy emas balki, ma‘muriy qonunbuzarlik bo‘yicha olib borilayotganini aytdi.

- Ha, Olim Rasulev hozir hibsda. Hali sud bo‘lgani yo‘q. Tergovga tortilgan 16 – 17 nafar xodim masalasiga kelsak, ular chorak va yarim stavka qo‘shimcha maosh olishgan. Organ xodimlari direktorni 0,3-0,5 stavkani xodimlarga noto‘g‘ri to‘laganlikda ayblamoqda. Bu odamlarning aksari jinoiy ishlarga aloqador emas, dedi hayvonot bog‘i xodimi.

Unga ko‘ra, yangi xodimlar 250 ming so‘mlik maoshga rozi bo‘lmagani bois rahbariyat ularga yana yarim stavka maosh qo‘shib beradi. Hayvonot bog‘i xodimi buning ma‘muriy qonunbuzarlik ekanini tan olar ekan, bunga javobgarlik xodim emas, balki rahbarlarning zimmasida ekanini ta‘kidlab o‘tdi.

Hayvonot bog‘i ma‘muriyati ustidan tekshiruv olti oy oldin boshlangani va direktor o‘shandan beri hibsda saqlanayotgani aytilmoqda.

Toshkent hayvonot bog‘ining Erkin ismli xodimiga asoslanib Uznews.net nashrining bildirishicha, yaqinda Olim Rasulev va boshqa rahbarlar ustidan sud jarayoni boshlanishi kutilmoqda.


Sovuqdan o‘lgan baliqlar


Nashrga ko‘ra, ayni paytda Toshkentdagi hayvonot bog‘ida saqlanayotgan hayvon va qushlarning qishlashiga hozirlik ham risoladagidek emas.

O‘tgan yil sovuq tufayli baliqlar nobud bo‘lgan.

Hayvonot bog‘i xodimi Ozodlik bilan suhbatda buni inkor qilmadi. Ammo u baliqlar nobud bo‘lgani uchun xodimlar aybdor emasligini aytdi.

- O‘tgan yil bizning tumanda elektr o‘chib qoldi. Ham Botanika bog‘i, ham hayvonot bog‘ida elektr ta‘minotida uzilish bo‘lganidan keyin baliqlar nobud bo‘ldi. Bu zoopark ma‘muriyatiga bog‘liq bo‘lmagan edi, dedi hayvonot bog‘i xodimi.


Qishlovga hozirlik


Ammo u Toshkent hayvonot bog‘i ma‘muriyatining bu yilgi qishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani va hozir issiqsevar hayvonlar qishki qafaslarda saqlanayotganini aytdi.

- Toshkent hayvonot bog‘i o‘z isitish tizimiga ega. Qishda sovuq qotmaydigan hayvonlar yozgi qafaslarda, issiqsevar hayvonlarning hammasi, jumladan, fillar, begemotlar, maymunlar, qushlar issiq qafaslarda saqlanmoqda. Buni hayvonot bog‘iga kelib o‘zingiz ko‘rishingiz mumkin, dedi hayvonot bog‘i xodimi.


Chor generali tuhfasi


Toshkent hayvonot bog‘i 1924 yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Dastlab, hayvonot bog‘i 1876-1880 yillarda Chor Rossiyasining Toshkent shahar general-gubernatoriga tegishli bo‘lgan dala hovlisida qurilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yilgi qaroriga muvofiq poytaxtdagi Botanika bog‘iga tutash 22,7 gektar yerda yangi zoopark qurish ishlari boshlangan va 1997 yilda O‘zbekiston Mustaqilligi bayramida foydalanishga topshirilgan.

Hayvonot bog‘lari va akvariumlar Yevroosiyo mintaqaviy uyushmasiga ko‘ra, Toshkent hayvonot bog‘ida 408 turdagi 2 ming 907ta hayvon va qush saqlanadi.

182 nafar xodimga ega bo‘lgan Toshkent hayvonot bog‘ida, bundan tashqari, 56 turdagi hayvon va qush ko‘paytiriladi.
XS
SM
MD
LG