Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:06

Paxtadan qaytgan o‘qituvchilar qurilishga haydaldi


Samarqand viloyatidagi 169 ta kollejning o‘qituvchilari paxta terimidan so‘ng namunaviy uy-joylar qurilishiga “hashar”ga jalb qilindi. Viloyat rasmiylari 900 ta “Namunaviy uy”ni 1 dekabrga qadar bitkazishga ahd qilgan.


Paxtadan qurilishga!


Viloyat rahbariyati rejasini bajarish mas‘uliyati esa yana hasharchilar, aniqrog‘i, o‘qituvchilar zimmasiga tushdi.

15 noyabrdan boshlab Samarqanddagi 169 ta kollejning har biridan 10-20 nafardan o‘qituvchi “Namunaviy uylar” qurilishiga safarbar qilingan.

Buni Samarqand viloyat Kollejlar boshqarmasining qurilish ishlari bo‘yicha mas‘uli, ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim tasdiqladi.

- Kollejlardan domlalar, xozrabotniklar kelib ishlab yotibdi. Bizlar endi quruvchi bilan maslahatlashgan holda ishlayapmiz, tuman hokimining o‘rinbosari o‘tiribdi, unda ro‘yxat bor. Masalan 17ta kottejda tolko o‘zimizning o‘rta maxsus kollejlarining odamlari ham ishlayapti. Bizda 15-20ta har bir kollejdan odam olib kelib shtukaturkasini qilayapmiz, tomiga yordamlashayapmiz. Nima ish ko‘rsatsa qilib yotibmiz, dedi viloyat Kollejlar boshqarmasi mas‘uli.

Samarqand Yengil-sanoat kollejining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, kollejning 10 nafar ishchisi 18 noyabrdan buyon Oqdaryo tumanining Darhon mahallasida qurilayotgan “Namunaviy uylar” qurilishida ishtirok etayapti.

- Har kuni 10 kishi ketayapti qurilishga. Ular g‘isht terayapti, beton to‘kayapti. Bizlarniki endi yakshanba kunidan beri ketayaptida. Paxtadan keyin boshlandi, dedi kollej xodimi.


Kollej o‘quvchilari ham hasharga chiqarildi


Ozodlikning Samarqanddagi manbalariga ko‘ra, Tayloq tumani Madaniyat qishlog‘ida qurilayotgan “Namunaviy uylar”ni tezroq qurib bitkazilishi uchun davlat tashkilotlari ishchilaridan tashqari kollej o‘quvchilari ham majburiy-ixtiyoriy tarzda “hashar”ga jalb etilgan.

Bu haqda Ozodlikka 19-noyabr kuni qurilish ishlarida qatnashgan Nozimjon xabar berdi.

"Madaniyat qishlog‘ida qurilayotgan zamonaviy uyni yangi yilgacha tugatish uchun hammani jalb qilgan. Qurilishga hokimiyat davlatga tegishli barcha tashkilotlardan “hasharchilar” keltirishni buyurgan. Men faqat bolnitsalardagi farroshlar, mahallalardagi posbonlar va kollej o‘quvchilari kelganini ko‘rdim. Ular har kuni navbatma-navbat qurilishga yordamga keladi" deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Nozimjon.

Tayloq tuman hokimligining navbatchi xodimi kollej o‘quvchilarining “Namunaviy uy” qurilishiga jalb qilinganini inkor qildi.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan Samarqand viloyat Kollejlar boshqarmasi mas‘uli o‘quvchilarning qurilish ishlarida qatnashayotganini na tasdiqladi va na inkor qildi.

- O‘quvchi chiqmaydi. O‘quvchi yo‘q.

Ozodlik: Tayloqda kollej o‘quvchilari chiqarilgani aytilayapti.

- Toyloqda chiqqandir. Men viloyat bo‘yicha bo‘lganim bilan... Men hammasini nima qilib berolmayman. Mening qo‘limda emas. Bilmasam endi, Tayloq o‘zi biladida, menga aytmaydiku, dedi Samarqand viloyat Kollejlar boshqarmasi mas‘uli.


“Bosh vazir aytgan muddatga qurilish bitadi”


12 oktyabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi namunaviy uylar qurilishini kechiktirayotgani uchun jami 10 dan ortiq hokimga hayfsan va ogohlantirish berib, 2012 yilda qurish rejalangan uylarni 30 noyabrga qadar bitkazishni topshirgan.

Samarqand viloyat hokimligining “Namunaviy uylar” qurilishi bo‘yicha mas‘ul xodimi qurilish ishlari Vazirlar Mahkamasi belgilagan muddatga bitkazilishi uchun ishlar uch smenada yo‘lga qo‘yilganini gapirdi.

- Juda qattiq ish ketayapti Bosh vazir topshirig‘idan keyin. Hozir kuniga grafik qilingan. Bizlarda vaziyat yaxshi. Hammasini grafik qilganmiz. 1-dekabrga topshirish chorasini ko‘rganmiz. Shunga harakat qilayapmiz endi, dedi viloyat hokimligi xodimi.

Bugungi kunda viloyatda 20 mingdan ziyod ishchi va hasharchi uch smenada qurilishda ishlayapti.

Ayni paytda mamlakatning boshqa barcha viloyatlarida ham “Namunaviy uylar” qurilishi “qizg‘in” davom etmoqda.

Lekin ayrim viloyatlar, jumladan, Buxoro viloyatida uylar qurilishi belgilangan muddatda bitmasligi aytilayapti.

G‘ijduvon tuman hokimligi xodimiga ko‘ra, qurilish ishlarining kechikishiga Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan belgilangan tenderning vaqtida o‘tkazilmagani sabab bo‘lgan.

- Qurilish ishlari ozgina kechikdi. Osiyo taraqqiyot banki talablariga asosan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tanlovlar kechikdi ozgina. Shuning uchun qurilish ham kech qoldi. Yangi talab bo‘lgani uchun iyun oylarida o‘tkazildida. Oldin bahor oylarida boshlanib qurilish muddati mana bugungi paytda ancha tugab qolardida. Hozir yangi talab Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qo‘yildiki, tanlov qilinglar. Tanlovlar o‘tgani payt biz uchun kechda. Qurilish muddati bahordan kuzgacha bo‘ladi. Endi shuning uchun harakat qilayaptiki ishchi kuchini ko‘paytirib o‘z muddatida topshirish uchun egalariga, dedi tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda jami 8 ming 510 ta namunaviy tipdagi uylar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

2013 yili ham O‘zbekistonda yana 8510 ta namunaviy tipdagi uy qurilishi rejalashtirilgan.

Zamonaviy tipdagi yangi uylar narxi 100 million so‘m atrofida baholangan.
XS
SM
MD
LG