Линклар

logo-print

MTS ustidan mahkama noma‘lum muddatga to‘xtatildi


O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilganidan so‘ng MTS shirkati logosiga chizilgan karikatura.

O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilganidan so‘ng MTS shirkati logosiga chizilgan karikatura.

O‘zbekiston Oliy Xo‘jalik sudi MTSning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi bo‘lgan “O‘zdunrobita”ning Toshkent shahar Xo‘ajlik sudi hukmi ustidan kiritgan da‘vo arizasini ko‘rish jarayonini noma‘lum muddatga to‘xtatdi.

MTSning yana uch menejeri jazoga tortildi


O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarida ishonchli manbalariga egaligini aytib keladigan mustaqil jurnalist Sergey Yejkovning xabar qilishicha, 20 noyabr kungi mahkamada Toshkent shahar Jinoyat ishlari sudi “O‘zdunrobita”ning yana uch menejerini sud qilgani va ularni jarima hamda ahloqni tuzatish ishlariga jalb qilgani aytilgan.

Sergey Yejkovning yozishicha, hozircha matbuotga ismi oshkor bo‘lmagan uch menejer ustidan shahar sudi hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar Oliy Xo‘jalik sudi “O‘zdunrobita”ga litsenziyalarni qaytib berishi yoki bermasligi haqida qaror qilishi kutilgan mahkamani to‘xtatishini ma‘lum qilgan.

Hozircha "O‘zdunrobita"ning yana uch menejeri ustidan Toshkent shahar Jinoyat ishlari sudi hukmi qachon e‘lon qilingani Ozodlikka noma‘lum qolmoqda va buni aniqlash maqsadida Oliy Xo‘jalik sudiga qilingan murojaatlar javobsiz qoldi.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi va uning xodimlari kiritgan da‘vo arizalari ustidan mahkama jarayonini davomli suratda qoldirib kelayotgan Toshkent sudlari shu kunga qadar ayni ish yuzasidan biror rasmiy bayonot bermagan.

Mahkama yana noma‘lum muddatga qoldirildi


O‘zbekiston qonunchiligiga binoan sud hukmi tomonlardan biri hukm ustidan shikoyat qilmagan taqdirda e‘lon qilinganidan keyingi 10 ish kunidan so‘ng qonuniy kuchga kirgan, deb hisoblanadi.

Bunga qadar Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi “O‘zdunrobita”ning to‘rt menejeri: shirkatning moliyaviy ishlar bo‘yicha bosh direktor birinchi o‘rinbosari Temurmalik Olimov, korporativ rivojlantirish dasturlari direktori Azizillo Mirzamo‘ydinov, xavfsizlik departamenti direktori Alisher Muhammedov va axborot texnologiyalari bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Aziz Rahimovlarni moliyaviy jinoyatlar va noqonuniy daromadni o‘zlashtirish maqsadida jinoiy guruh tuzganlikda ayblab, jazoga tortgan edi.

Ikki hafta muqaddam Toshkent shahar Jinoyat ishlari sudining appelyatsiya hay‘atida 4 menejer kiritgan da‘vo arizasi qondirilmadi, ammo MTS shirkatiga tegishli bo‘lgan aktivlarni O‘zbekiston hukumati foydasiga o‘tkazish qarori bekor qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi mol-mulki musodara qilinmay qolgan shirkatning 20 noyabr kuni Oliy Xo‘jalik sudida ko‘rilishi kutilgan ikkinchi da‘vo arizasi ham shirkat foydasiga hal bo‘lishiga umid tug‘ilgan edi.

MTS yana sharhlardan tiyildi


20 noyabr kungi mahkama jarayonining noma‘lum muddatga to‘xtatilgani va bundan tashqari, “O‘zdunrobita”ning yana uch menejeri javobgarlikka tortilgani haqida "Uzmetronom" nashri tarqatgan xabarlarni MTS shirkati ma‘muriyati izohlashdan bosh tortdi.

- Kechirasiz, sudning bu qarori yuzasidan sharh bermaymiz. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, mahkama yana bir marta kechiktirildi, dedi MTS shirkati matbuot kotibi Valeriya Kuzmenko.

Xo‘jalik ishlarining jinoiy ishlarga aloqasi xususida


MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi kiritgan da‘vo arizalari bo‘yicha Toshkent sudlarida borayotgan mahkamalarni kuzatayotgan mustaqil jurnalist Sergey Yejkov 20 noyabr kungi qarorning noaniq bir jihatiga e‘tibor qaratdi.

“Shahar Xo‘jalik sudi qarori ustidan kiritilgan shikoyat arizasining jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib bitilgan jinoyat ishlariga nima aloqasi bor – bu tushunarsiz qolmoqda”, deb yozdi Sergey Yejkov “Uzmetronom” internet nashrida chop etgan xabarida.

Shu yilning iyul oyidan boshlab “O‘zdunrobita” operatori faoliyatining to‘xtatilishi O‘zbekistonda millionlab abonentlarning bir muddat aloqasiz qolishiga sabab bo‘ldi.

MTS-O‘zbekiston aloqasi mamlakatning 94 foiz hududini qamrab olib, 9 million abonentga xizmat ko‘rsatar edi.
XS
SM
MD
LG